08:10 / 01.06.2020
83885

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi mojaro: Abdulla Aripov Kubatbek Boronov bilan uchrashadi 

Foto: Akipress

Qirg‘iziston bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov Botken viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda bugun, 1 iyun kuni hukumat apparatining axborot ta'minoti bo‘limi ma'lum qildi, deb yozmoqda kaktus.media.

Aniqlik kiritilishicha, Boronov Botken viloyatining Qadamjoy tumaniga yetib borgan. U O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov bilan uchrashuv o‘tkazadi va u bilan ikki mamlakatning chegaradosh qishloqlari aholisi o‘rtasida ro‘y bergan mojaroni muhokama qiladi.

Shuningdek, Boronov huquqni muhofaza qilish organlari va mahalliy hokimiyat vakillari bilan tezkor uchrashuv o‘tkazadi.

Bugungi kunda, hukumat ma'lumotlariga ko‘ra, vaziyatga yechim topildi. Rasmiylar xavfsizlik choralarini kuchaytirgan. Tegishli organlar mahalliy aholi bilan tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

31 may kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida joylashgan Chashma bulog‘i oldida ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasida ziddiyat kelib chiqdi.

Qirg‘izistonning Botken viloyatiga tutash, Farg‘ona viloyati tarkibidagi So‘x tumanida joylashgan Chashma qishlog‘ida suv uchun katta janjal ro‘y bergan. Ikki qishloq aholisi buloq o‘ziga tegishli ekanini da'vo qila boshlagan.

Internetda tarqalgan videolarda tomonlar bir-birini toshbo‘ron qilgani, chegara simto‘siqlarini ko‘chirib olishga uringanini ko‘rish mumkin.

DXX Chegara qo‘shinlari matbuot xizmati ushbu hodisa bo‘yicha munosabat bildirdi.

Top