Jahon | 21:10 / 29.06.2023
29295
6 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiyada yana Qur’on nusxasi yoqildi. Bu gal iroqlik qochoq tomonidan

Shvetsiyada yana islom olami uchun muqaddas bo‘lgan Qur’oni karim kitobini yoqishdi. Bu gal ushbu provokatsion harakat 37 yoshli iroqlik qochqin Salvan Momika tomonidan amalga oshirildi. Iroq hukumati uning harakatini irqchilik deb atadi. Saudiya Arabistoni, Eron va Marokash tomoni ham arab yigitning bu ishini qoralab chiqdi.

Foto: Getty Images

Iroqlik Momika Qur’oni karim nusxasini Stokholmdagi bosh masjid oldidagi maydonda islom olamining muqaddas bayrami Qurbon hayitining birinchi kuni nishonalayotganda yoqib yubordi. Mahalliy politsiya arab yigitning bir kishilik provokatsion aksiyasidan keyin to‘qnashuv kelib chiqishiga tayyor turgan, lekin bunday bo‘lmagan.

Iroq hukumati Shvetsiyada islom olamining muqaddas kitobini yoqishdek provokatsion harakatlar ekstremistik kayfiyatdagi ruhiy nosog‘lom odamlar tomonidan amalga oshirilishiga e’tibor qaratgan.

«Bu so‘z erkinligiga zid bo‘lgan agressiya va nafratni ifodalovchi harakatdir. Boshqa insonlarning qadriyatlarini hurmatsiz qiladigan bunday sharmandali harakatlar shubhasiz qoralanadi», deyiladi rasmiy Bag‘dod bayonotida.

Rasmiy Tehron Shvetsiya poytaxtida Qur’on nusxasi yoqilishini oqibati o‘ylanmagan provokatsion harakat deb atagan.

«Eron islom respublikasi hukumati, eronliklar bunday haqoratomuz harakatlarga toqat qilmaydi va bu ishni keskin qoralaydi. Shvetsiya hukumati qadriyatlarni haqorat qilishdek bunday ishlar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymasligini kutyapmiz», dedi Eron tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Nosir Kanoniy.

Marokash tomoni ham holatga reaksiya bildirib, mamlakatning Shvetsiyadagi elchisini maslahatlashuv uchun chaqirib oldi. Shvetsiyaning Marokashdagi elchisi esa norozilik bildirish uchun TIVga chaqirildi.

«Makkada haj amallari bajarilayotgan va islom olami uchun muqaddas bayram nishonlanayotgan vaqtda amalga oshirilgan ushbu harakat milliardlab musulmonlarni haqorat qilish hisoblanadi», deyiladi rasmiy Rabot bayonotida.

Marokash tomoni noroziligida bunday provokatsiyalar Shvetsiya hukumatining ruxsati bilan amalga oshirilishiga e’tibor qaratilgan.

Sud qarori bilan

Foto: AFP

Avvaliga Shvetsiya politsiyasi jamoat tartibi buzilishi mumkinligini inobatga olib, iroqlik Salvan Momikaning aksiyasini ro‘yxatga olishni rad etgandi. Ammo tashkilotchilar sudga murojaat qilib, o‘z talablari qonuniy bo‘lganini isbotlashga kirishdi. Sud da’voni qanoatlantiradi va ikki hafta o‘tib politsiya aksiya o‘tkazishga ruxsat beradi.

«Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf amaldagi qonunchilikka ko‘ra so‘rovni rad etadigan darajada emasdi», deyiladi Shvetsiya politsiyasi xabarida. Ammo xuddi shunday aksiya yanvar oyida Turkiya elchixonasi oldida amalga oshirilgach, Stokholmda ikki hafta davomida norozilik namoyishlari o‘tkazilgandi.

Rasmus Paludanning o‘sha provokatsion harakatidan keyin butun dunyoda Shvetsiya mahsulotlarini taqiqlash, mamlakatning NATOga kirishini bloklash kabi noroziliklar kuchayib ketgandi. Aynan o‘sha holatdan keyin yuzaga kelgan navbatdagi keskinlik sabab Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan cho‘chigan Shvetsiyaning NATOga kirish bo‘yicha arizasi Turkiya tomonidan qanoatlantirilmayapti.

Qur’on nusxasini yoqqan kim?

Shvetsiyada oxirgi marta o‘tkazilgan bunday provokatsion aksiyani daniyalik ultrao‘ngchi Rasmus Paludan tashkil etgandi. Bu gal esa islom olamida muqaddas bo‘lgan kitob nusxasini iroqlik 37 yoshli Salvan Momika yoqib yubordi.

«Men Stokholmdagi katta masjid oldida Qur’onga bo‘lgan o‘z pozitsiyamni ko‘rsatib uni yoqib yubormoqchiman», deyilgan iroqlik qochoqning Shvetsiya politsiyasiga aksiya o‘tkazish borasida yuborgan so‘rovida.

U nega bunday qilgani aniq emas, lekin o‘zining so‘zlariga ko‘ra Shvetsiyaga zarar yetkazishni istamaydi. Salvan Momika Shvetsiyaning NATOga kirishiga qarshi sabotaj qilmoqchi emasligi, aksiya o‘tkazishdan avval bu masala hal bo‘lishini kutmoqchi bo‘lganini ham aytdi. Iroqlik qochoq bu aksiyani aprel oyida o‘tkazmoqchi bo‘lgan, keyin esa vaqt o‘tishini kutgan.

«Meni qabul qilgan va o‘zligimni saqlab qolishimga yordam bergan davlatga yomonlik qilishni istamayman», degan provokatsion aksiya muallifi. Ammo u nega bunday qilganiga oydinlik kiritmagan. Shvetsiya va NATO masalasi esa hozir kun tartibida ham emas, shu sabab aksiyani bu mavzuga burish to‘g‘ri emas.

Islomga qarshi provokatsiyalar xronologiyasi

Foto: Reuters

Bunday aksiyalarning eng shov-shuvlisi shu yil yanvar oyida daniyalik ultrao‘ngchi siyosatchi Rasmus Paludan tomonidan Turkiyaning Shvetsiyadagi elchixonasi oldida o‘tkazildi. Shvetsiya politsiyasi unga Turkiya elchixonasi olida aksiya o‘tkazishga qarshilik qilmagan, lekin Qur’on nusxasini yoqishga ruxsat bermagan. Shunday bo‘lsa-da, Paludan odamlar yig‘ilgan vaqtda islom olami uchun muqaddas Qur’oni karim kitobining nusxasini yoqib yuborgan. Shvetsiya hukumati Paludanning bu harakatini qoralagandi.

Ko‘p o‘tmay Stokholm ma’muriyati Turkiya va Eron elchixonasi oldida xuddi shunday aksiya o‘tkazish bo‘yicha yana ikkita ariza qabul qilib, ikkisini ham rad etgan. Aprel oyiga borib Rasmus Paludan Shvetsiyaning boshqa hududlarida ham yanvarda qilgan ishini takrorlash bilan tahdid qilib, ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi. To‘qnashuvlarda 20 kishi jarohat oldi, xususan politsiyachilar ham.

Paludanning harakati fonida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Shvetsiyaning NATOga kirishini bloklab qo‘ydi. Ammo Qur’on nusxasi yoqilishi Turkiya va Shvetsiya kelisha olmayotgan yagona masala emas. Ikki davlat o‘rtasidagi tushunmovchilik avvalroq boshlangandi. Gap shundaki, Shvetsiya kurdlar qarshilik harakati yetakchilariga siyosiy boshpana bergan. Turkiya va xususan Erdo‘g‘an ularni mamlakat milliy xavfsizligiga tahdid deb hisoblaydi.

Mavzuga oid