Jahon | 17:16 / 09.09.2024
3483
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiyadagi yirik aeroport dronlar tufayli bir necha soatga yopildi

Tunda Stokgolmdagi yirik xalqaro aeroport – Arlanda atrofida 4 ta noma’lum dronlar aniqlangan, natijada aeroport faoliyati vaqtincha to‘xtab qoldi. Politsiya maxfiylik nuqtai nazaridan dronlar turi va kim tomonidan uchirilganini ma’lum qilmagan.

Foto: Lot

9 sentabr kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmdagi yirik xalqaro aeroport dronlar tufayli faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi. Reuters nashrining mahalliy politsiyaga tayanib yozishicha, Arlanda aeroport faoliyatini tungi 23:00 dan 01:30ga qadar to‘xtatib turgan.

«Biz bu harakatlar qasddan qilingan deb o‘ylaymiz. Lekin aynan nima maqsadda qilingani borasida biror nima deyolmaymiz. Maxfiylik nuqtai nazaridan ular qanday turdagi dronlar ekani va kim tomonidan uchirilgani haqida ma’lumot berilmaydi», — degan politsiya vakili.

Shvetsiya fuqarolik aviatsiyasi vakili esa dronlar 4 ta bo‘lganini bildirib, ularning modeli va qayerdan uchib kelgani noma’lum ekanini qayd etgan. Mahalliy politsiya, shuningdek, dronlar taqdirini ham ochiqlamadi: ular urib tushirilganmi yoki hududni tark etganmi, noma’lum.

8 sentabr kuni Latviya Mudofaa vazirligi mamlakat hududiga Rossiya droni qulaganini bildirgan edi. U Belarus hududidan uchib kelgan va chegara yaqinidagi rayonga kelib tushgan. Harbiylar holatni o‘rganmoqda, bu haqda NATO rahbariyati xabardor qilingan.

Bunga qadar Latviya hududiga Rossiya dronlari tushgani qayd etilmagan edi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid