O‘zbekiston | 20:00 / 16.09.2023
10738
3 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan’s Club’dan yangi loyiha: xorijdagi talabalar haqida hujjatli film

Xalqaro miqyosda muvaffaqiyat qozonib kelayotgan o‘zbekistonliklarni bir yerga jamlash, o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, ularning erishgan yutuqlari haqida yurtdoshlarimizga yetkazish maqsadida yaratilgan global platforma – Uzbekistan’s Club bu safar o‘z nigohini chet eldagi o‘zbekistonlik talabalarga qaratdi.

Yangi O‘zbekistonlik.Studens loyihasi O‘zbekistonlik filmlari seriyasi va shu nomdagi xalqaro forumlar orqali tanish bo‘lgan Uzbekistan’s Club ijodiy jamoasi tomonidan suratga olingan. Shou boshlovchilari – taniqli blogerlar Husnora Shodiyeva va Timur Alixonov. Rejissyor – Rustam Meliyev.

16 sentabr soat 18:00da My5 telekanali va Uzbekistan’s Club’ning rasmiy Youtube-kanalida premerasi bo‘lib o‘tgan O‘zbekistonlik.Studens hujjatli filmining ilk qismi qahramonlari xorijda tahsil olishni maqsad qilgan yoshlarga o‘z tajribalari haqida so‘zlab berishadi. Ularning hikoyalari yoshlarga motivatsiya ulashib, tengdoshlarining jahonning nufuzli oliygohlariga o‘qish, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish istagini yanada mustahkamlaydi.

Birinchi qism premerasida Oksford universiteti talabasi Mushtariy Madrahimova va East London universiteti talabasi Azizbek Ahmadjonov o‘z tajribalari bilan bo‘lishishadi. Ular qanday qilib Buyuk Britaniyaning eng yaxshi oliygohlariga bepul o‘qishga kirishgani va stipendiya olishga erishganliklari haqida batafsil ma’lumot beradi, o‘z tajribalari bilan bo‘lishishadi.

O‘zbekistonlik.Studens ijodiy jamoasiga ko‘ra, loyihaning bosh g‘oyasi – O‘zbekiston yoshlariga xorijda o‘qish bilan bog‘liq real imkoniyatlar haqida bilim berish, shuningdek, o‘z bilimi va kuchiga suyangan yoshlar dunyoning har qanday TOP universitetlarini zabt eta olishi mumkinligini namoyish qilish orqali ularga motivatsiya ulashish, maqsadlari sari dadil qadam bosishlarida ko‘maklashish.

Ma’lumot uchun, serial bosh hamkorlari – Ucell uyali aloqa operatori va Turin Politexnika universiteti, shuningdek, Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi. Bundan tashqari, O‘zbekistonlik.Studens loyihasi Yoshlar ishlari agentligi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Mavzuga oid