O‘zbekiston | 19:37 / 14.07.2020
24393
2 daqiqa o‘qiladi

Hududlardagi vaziyat o‘rganilib, karantin kuchaytirilishi yoki yumshatilishi mumkin

O‘zbekistonning karantin qoidalarini kuchaytirish zarur bo‘lgan hududlarida karantin kuchaytirilishi, yumshatish zarur bo‘lgan hududlarda esa yumshatilishi mumkin. Bu haqda prezident ishtirokidagi videoselektorda ma'lum qilingan.

«Yana bir muhim masala – viloyat, shahar va tumanlarda mahalliy kengashlar, joylardagi hokimlik va boshqaruv idoralari o‘z hududidagi vaziyatni chuqur tahlil qilib, Respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda karantin qoidalarini qayerda zarur bo‘lsa kuchaytirishi, qayerda zarur bo‘lsa, yumshatishi lozim», degan davlat rahbari.

Prezident barcha ehtiyot choralarini ko‘rgan holda, imkoniyat mavjud bo‘lgan hamma joyda ishlab chiqarish korxonalarini ishga solish, mehnat unumdorligini oshirish kerakligini ta'kidlagan. Kasallik tarqalmagan tumanlarda qishloq xo‘jaligi xodimlarining bemalol ishlashi, mahsulotini xaridorlarga yetkazib berishi uchun barcha sharoitni yaratish kerakligi aytilgan.

Davlat rahbari koronavirusni yengish, xalq farovonligini ta'minlash, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash oziq-ovqat masalasiga bog‘liqligini qayd etgan.

«Shuning uchun bizda doimo uch oylik oziq-ovqat zaxirasi shay turishi kerak», degan prezident.

Mavzuga oid