Navoiy shahridagi «Ximik» stadioni hukumat qaroridan so‘ng muammolar girdobiga tushib qoldi
«Navoiyazot» AJga qarashli bo‘lgan «Kimyogar» sport majmuasi Vazirlar Mahkamasining qaroridan so‘ng keyin yopilib qoldi va ayni kunda faoliyat yuritmayapti. Olimpiada chempionlari mashq qilishlari uchun joy yo‘q bo‘lish arafasida turibdi.
2020 yil 9 iyul kuni Vazirlar Mahkamasining «O‘zkimyosanoat» AJ tarkibidagi tashkilotlarning aktivlaridan samarali foydalanish hamda moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 432-sonli qarori qabul qilindi.
Qaror nomida ko‘rsatilgandek, maqsad aktivlardan samarali foydalanish va moliyaviy sog‘lomlashtirish edi. Ammo, natija buning teskarisi bo‘ldi: Navoiy shahridagi, yaqingacha «Navoiyazot» AJga qarashli bo‘lgan «Kimyogar» sport majmuasi qarordan so‘ng yopilib qoldi va ayni kunda faoliyat yuritmayapti.
Xalq tilida «Ximik stadioni» deb ataluvchi ushbu sport majmuasidan ko‘plab nomdor sportchilar yetishib chiqqan. Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan Paralimpiada yengil atletikaning disk uloqtirish bahslarida ishtirok etib, chempion bo‘lgan va jahon rekordini yangilagan Husniddin Norbekov shulardan biri. Bundan tashqari, armrestling bo‘yicha ham ko‘plab jahon chempionlari ushbu sport kompleksida malakali murabbiylar qo‘l ostida mashq qilishgan.
Hukumatning yuqorida ta'kidlangan qarori bilan «O‘zkimyosanoat» AJ tarkibidagi tashkilotlar davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga davlat mulki sifatida balans (qoldiq) qiymatida berilgan. Jumladan, «Ximik» stadioni ham Navoiy shahar hokimligi balansiga o‘tkazilgan. Ushbu «ko‘chish» jarayonida nafaqat stadion hamda qo‘shimcha sport binolari, balki u yerda ishlovchi 27 nafar murabbiy va ishchi-xodimning keyingi faoliyati ham so‘roq ostida qolmoqda.
— “Navoiyazot”da 16 yildan beri ishlab kelyapman. Yolg‘iz onaman. Sportni rivojlantirish haqida prezidentning ko‘plab qarorlari qabul qilinyapti. «Navoiyazot»da 8–10 ming nafarga yaqin odam ishlaydi. Ular ham sport bilan shug‘ullanishi kerak emasmi? Chempionlar, nogironlar kelib mashg‘ulot olib borishadi bu yerda. Qolaversa, ishchi-xodimlar orasida boquvchisini yo‘qotganlar, yolg‘iz onalar bor.
Navoiy viloyati hokimligidan hech kim kelib tushuntirish bermadi. Navoiy shahar hokimligidan kelganlar «O‘zing ishingni top. Bizga obektning o‘zi kerak, tamom» deya ochiqchasiga aytyapti. Hozir biror joyga borgan bilan ishning o‘zi yo‘q. Bu masalada viloyat va shahar hokimligiga bir necha marotaba bordik. Bizni hech kim eshitmadi. Oyligimiz, keyingi hayotimiz nima bo‘ladi, bunga hech kim qiziqqani yo‘q. Bizga 2020 yil 13 noyabr kuni 2021 yil 13 yanvargacha ogohlantirish xati berilgan. Ushbu sanadan bu yog‘iga oylikka ishlayapmizmi, behudaga ishlayapmizmi – bilmaymiz hech birimiz. Lekin yo‘lkira sarflab, ishga kelyapmiz», — deydi ishchilardan biri Saida Sevarova.
Sport majmuasida jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar ham mashg‘ulot olib borishadi. Bugungi kunda ularning ota-onalari bu holatdan tashvishga tushishgan.
Ushbu masalada Kun.uz’ga murojaat qilgan Nilufar Eshmanova farzandi I guruh nogironi ekanligi, 4 yildan beri sport bilan muntazam shug‘ullanib kelishini, Paralimpiada o‘yinlarida chempion bo‘lish orzusi borligini ta'kidladi.
— O‘g‘lim Adhambek Ibragimov 2001 yilda tug‘ilgan. U 4 yildan buyon muntazam ravishda «Ximik» stadionida sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanib kelgan. 2016 yilda ko‘zlari ko‘rmay qolgandi. Shundan keyin bor vaqti va kuchini sportga bag‘ishlagan. Uning qiziqishlari shunchaki emas, sport bilan professional darajada shug‘ullanmoqchi. Paralimpiada o‘yinlarida, jahon chempionatlarida g‘olib bo‘lish orzusi bor. Biroq yaqinda «Ximik» stadionini yopdilar.
Farzandim bilan birgalikda yana o‘n nafarga yaqin o‘ziga o‘xshagan, har xil jismoniy nuqsonlari bor bolalar shug‘ullanib kelayotgandi. Stadionni yopganlaridan keyin bunga ularning imkoniyati bo‘lmay qoldi. Farzandimning kelajagi, sog‘ligi men uchun muhim, — deydi Nilufar Eshmanova.
Adhambek kabi yigitlardan yana biri Karimjon Norov. U «Ximik»ka 14 yildan buyon qatnaydi. Sababi, uning ham jismoniy imkoniyatlari cheklangan. O‘z sog‘ligini bir me'yorda ushlab turish uchun mashq qilishi zarur. Yo‘qsa harakati yo‘qoladi.
Karimjonning buvisi Zamira Jamolovaning aytishicha, nabirasi kunora mashg‘ulotga borib, 3-4 soat shug‘ullanib kelardi. Yopib qo‘yganlaridan beri juda ham tushkunlikka tushib, ahvoli yomonlashib qolgan. «O‘zi sport zal ta'mirtalab ahvolda edi. Shuni ham tortib olishyapti. «Dom» quradiganlarga sotib o‘tiribdilar. Bu nima qiliq, haqiqat qani?», deya o‘z xavotirini bildirdi Zamira Jamolova.
Aslini olganda, bu xavotir noo‘rin emasga o‘xshaydi. Chunki, sport majmuasi o‘rnida «dom qurilishi» haqida gapirgan faqatgina Zamira Jamolova emas, shu yerda murabbiy bo‘lib ishlovchi Akmal Sayfullayev ham bunga to‘xtaldi. Qolaversa, qariyb 8 gektarlik stadion Navoiy shahri chetida joylashgan, «dom» qurishga qulay joy ekanligi bor gap.
— Sport zalimizdan ko‘plab jahon chempionlari chiqqan. Ularning eng mashhurlaridan biri Husniddin Norbekov. Undan tashqari, Tokio olimpiadasiga litsenziya olgan Elbek Sultonov ham shu zaldan chiqqan. Bu yerda yengil atletika bilan bir qatorda armrestling sport turi ham bor. Armrestling bo‘yicha 7 karra jahon chempioni Mirzohid Sharopov ham shu yerda mashg‘ulot olib borgan. Umumiy aytganda, Navoiy viloyatida armrestlingning markazi hisoblangan bu sport zali 100 nafardan ortiq jahon, Osiyo va O‘zbekiston chempionlarini yetishtirib bergan.
Stadionda ko‘plab nogironlar shug‘ullanib kelyapti. Yoshi katta erkak va ayollar ham o‘zining sog‘ligini mustahkamlab ketishadi bizning maskanda. Zalimizni universal desa ham bo‘ladi. Sababi, nogironlarni ham, xalqni ham, sportchilarni ham alohida-alohida shug‘ullantiramiz.
2021 yildan zalimiz ishlamay qoldi. Ko‘p joylardan so‘rayapmiz. Hech kim aniq javob aytmayapti. Xalqning orasida «Ximik» stadioni sotiladi, davlat xususiy-sherikchilikka beriladi, buzilib ketib o‘rniga uylar, mehmonxonalar quriladi, degan turli gaplar yuribdi.
Sport obekti aslida sport yo‘nalishidagi birorta tashkilotga berilishi kerak. Bunday stadionni qurish uchun millardlab pullar sarf qilinadi. Tayyor turgan narsani buzib, o‘rniga qanday boshqa narsa qurish mumkin?! «Kimyogar» o‘yingohidagi barcha xodimlar, murabbiylar, sportchilar, bolalarning ota-onalari – hamma xavotirda. Agar stadion buzilib ketsa, bu Navoiy viloyati uchun katta yo‘qotish bo‘ladi, — deydi Akmal Sayfullayev.
Shu o‘rinda masalaning yana bir jihati bor: Vazirlar Mahkamasining yuqorida ta'kidlangan qarorining 2-ilovasida davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga davlat mulki sifatida balans (qoldiq) qiymatida beriladigan aktivlar mavjud ish o‘rnini saqlab qolish sharti bilan berilishi izoh sifatida belgilab qo‘yilgan. Ammo Navoiyda shamol boshqa tomondan esyapti.
Kun.uz ushbu masala bo‘yicha Navoiy shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish, ma'naviy ma'rifiy masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Umrzoq Murodullayev bilan bog‘landi va intervyu berishni so‘radi.
Ammo hokim o‘rinbosari intervyu bermasligini aytib, telefon orqali «Ximik» stadionining taqdiri nima bo‘lishini bilmasligini, hozirgi kunda uning faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilayotganini, shuningdek, u yerda ishlovchi murabbiylarni (faqat murabbiylarni!) boshqa sport tashkilotlariga ishga joylashtirish harakati bo‘layotganligini hamda sport kompleksi berilishi uchun tadbirkor «izlanayotgani»ni ma'lum qildi.
Navoiy viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Shahlo Narziyeva bilan telefon orqali bog‘langanimizda esa u bizdan ushbu masalani e'lon qilmay turishni, «o‘z kanallari» orqali Kun.uz rahbariyatiga chiqib, maqolani to‘xtatishini aytdi. Shuningdek, Shahlo Narziyeva ham sport majmuasida ishlovchi murabbiylarni shahardagi BO‘SMlarga ishga joylashtirishni, qolgan xodimlarni «Navoiyazot» AJga joylashtirish choralari ko‘rilayotganini ta'kidladi.
Xulosa o‘rnida aytganda, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan «samarali foydalanilishi va moliyaviy sog‘lomlashtirilishi» kutilgan «Kimyogar» sport majmuasi muammolar girdobiga tushib qoldi. Kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlardan qarzdorlik bo‘yicha xatlar kelishni boshlagan. Xavotirlar o‘rinli. Ushbu xavotirlar yo‘qqa chiqishi uchun esa Navoiy viloyati hokimligi masalaga e'tibor qaratishi zarur.
Kun.uz mavzuni kuzatishda davom etadi.
Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri.
Abror Ikromov, operator.
Mavzuga oid
14:11 / 11.11.2024
Navoiyda Nexia va Exeed to‘qnashishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
12:32 / 06.11.2024
Misr Navoiydagi mis konida burg‘ilash ishlarini boshladi
16:28 / 01.11.2024
Zarafshon shahri aeroporti faoliyati tiklanishi mumkin
12:39 / 01.11.2024