Orixivdagi vayronalar va Xarkivdagi qishloqda bir o‘zi qolgan ayol. Urush suratlari
Ukrainada urushning 572-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- CIT Sevastopoldagi kemasozlik zavodiga hujum vaqtida shikastlangan «Rostov-na-Donu» suvosti kemasi fotosini namoyish etdi. Katta ehtimol bilan submarinadan endi foydalanib bo‘lmaydi.
- Ukraina JST doirasida Polsha, Vengriya va Slovakiyaga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qilmoqchi, bunga ushbu davlatlar Yevrokomissiya tavsiyalariga qaramay, Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib kirishga taqiqni saqlab qolgani sabab bo‘lmoqda.
- Yevroittifoq oktyabrda Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 12-paketini taqdim etmoqchi. Bloomberg xabariga ko‘ra, YeI davlatlari bu paket doirasida Rossiyaning yadroviy sektoriga sanksiyalar ilgari surishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, 12-paketda RFdan olmoslarni import qilishga cheklovlar joriy etilishi mumkin. Yevropa Ittifoqi RFning muzlatilgan aktivlaridan olingan foydani Ukrainaga yordam berish uchun foydalanish mexanizmini ham taklif etadi.
- Haagadagi Xalqaro sud Ukrainaning genotsid bo‘yicha Rossiyaga qarshi da’vosini ko‘rib chiqishni boshladi.
- Rossiyada ilk marta ayol kishiga safarbarlik vaqtida harbiy xizmatga kelmagani yuzasidan jazo tayinlandi. Sud ayolning homiladorligini arzirli sabab deb topmagan.
- Ukrainada mudofaa vazirining yetti o‘rinbosaridan olti nafari ishdan bo‘shatildi. Ular orasida Anna Malyar ham bor — u urush boshidan buyon frontdagi vaziyat bo‘yicha spikerlik qilib kelayotgandi.
Zelenskiyning Nyu-Yorkdagi hospitalda ukrainalik yarador askarlar bilan uchrashuvi
Volodimir Zelenskiy BMT Bosh Aassambleyasida chiqish qilish va boshqa ikki tomonlama uchrashuvlarda qatnashish uchun Nyu-York shahriga uchib bordi. Ukraina prezidenti Jo Bayden va AQSh harbiy rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazishni, shuningdek amerikalik ishbilarmonlar, jurnalistlar va ukrain diasporasi vakillari bilan uchrashishni reja qilgan.
Bundan tashqari, Zelenskiy Shtatlarda davolanish va reabilitatsiya jarayonini o‘tayotgan ukrainalik harbiylarni ziyorat qildi.
Orixivdagi vaziyat
Orixiv — Ukraina nazoratidagi Zaporijjyadan 60 kilometr janubi-sharqda va rossiyaliklar ishg‘ol qilib turgan Tokmakdan 40 kilometr shimolda joylashgan shahar. 2022 yil bahorida Orixiv uchun faol janglar boshlangandi — o‘shanda ukrain armiyasi shaharni saqlab qololgan va uni front chizig‘idan 10 kilometr masofadagi muhim logistik markazga aylantirgandi.
Hozirda Ukraina QK Tokmak yo‘nalishidagi RF QK pozitsiyalari bo‘ylab asosiy zarbani Orixivdan janubdagi hududlarda bermoqda, Rossiya qo‘shini esa bunga javoban shaharni muntazam ravishda o‘qqa tutmoqda. Quyida ushbu shaharda bir yarim yillik urush oqibatlari aks etgan suratlar.
Xarkiv oblastidagi qishloqda yashayotgan birgina ayol
Dementiyevka — Xarkivdan 27 kilometr shimolda joylashgan qishloq. Keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan buyon bu qishloq ikki bor okkupatsiya qilingan — 2022 yil mart oyi o‘rtalaridan 18 maygacha va 13-18 iyul kunlarida. Dementiyevka uchun uning atrofida shiddatli janglar kechgan: uning atrofida o‘rnatilgan og‘ir artilleriya orqali Xarkiv markazini o‘qqa tutish mumkin edi.
73 yoshli Vera Chernuxa — ayni vaqtda Dementiyevkada yashayotgan yagona kishi. Eng yaqin qo‘shnigacha masofa — 11 kilometrni tashkil etadi. Chernuxa otishmalar vaqtida jarohat olgan (aynan qachonligiga — aniqlik kiritilmagan), o‘ziga kelganida Rossiyadagi shifoxonada bo‘lgan. U tuzalgach, ko‘ngillilar unga Dementiyevkaga qaytishda yordam berishgan — Belarus, Latviya va Polsha orqali. Ammo qishloqda undan boshqa hech kim qolmagan, uning uyi esa yonib ketgan. Chernuxa omborxonaga joylashgan: u sabzavotlar yetishtiradi va echki ham boqmoqchi.
Mavzuga oid
19:41
Rossiya kolonnasi Kupyanskka yorib kirgan, ammo Ukraina uni yakson qilganini aytmoqda. Nimalar ma’lum?
10:11
Germaniya Ukrainada halok bo‘lgan 10 fuqarosi haqida ma’lumotga ega
09:31
Yevropa Baydendan ketishidan oldin Ukrainaga yordamni oshirishni so‘ramoqda
17:24 / 14.11.2024