O‘zbekiston | 15:24 / 31.05.2022
19579
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston 2050 yilga borib suv tanqisligi bo‘yicha qizil hududlar qatoriga kiradi 

Suv yetkazish tarmog‘i 60 foizga eskirgan, bu suv sifatiga ta’sir qilmay qolmaydi, deyildi “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan o‘tkazilayotgan matbuot anjumanida.

31 may kuni AOKAda davlat rahbarining “Aholining ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

“O‘zsuvta’minot” AJ raisi o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayev suv sifatida va tarmoqlar holati bo‘yicha ma’lumotlar berarkan:

“Afsuski suv uzatish tarmoqlarimizning 60 foizi eskirib ketgan. Shunday quvurlarimiz borki, ular 40-50 yildan beri foydalanilyapti va ularga tegish mumkin emas, parchalanib ketadi. Lekin suv o‘tib turibdi. Biz ularga qanchalik toza va sifatli suv uzatsak ham quvur salbiy ta’sirini o‘tkazadi. Biz investitsiyaviy dasturlar bo‘yicha, davlatimiz berayotgan yordam va o‘z mablag‘larimiz bilan yilma-yil tarmoqlarni yangilash dasturiga egamiz.

Suv sarfini nazorat qilish, isrofni kamaytirish bo‘yicha ham muammolarimiz bor. Chunki O‘zbekiston suv tanqis mamlakatlardan biri hisoblanadi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra O‘zbekiston hozir sariq hududda. Lekin biz yaqin yillarda qizil hududga tushib qolishimiz, suv tanqisligi 2 mlrd kub/metrdan oshib ketishi mumkin. Hisob-kitoblar 2050 yillarga borib bu yuz berishini ko‘rsatyapti. Biz buni kutib o‘tirmay, tejamkorlikni hozirdan yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Bu masalada OAVning o‘rni katta, chunki aholiga isrofning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borish zarur”, – dedi. 

Kun.uz muxbirining “Ko‘p muammolar tarif siyosatiga taqalyapti. Suv juda arzonligi uchun ham isrof qilinmayaptimi? Shu bilan birga qachongacha hojatxonalarga ichimlik suvini oqizamiz? Hech bo‘lmasa yangi qurilayotgan uylarga texnik suv ta’minoti talabini qo‘yish imkoni yo‘qmi?” degan savollariga mas’ullar shunday javob berishdi:

“Bugungi kunda Toshkent shahrida quvurlar orqali yetkazilayotgan bir litr suv bahosi 40 tiyin. Tarif siyosatini o‘zgartirish bo‘yicha ishlayapmiz. Xorijiy konsultantlarni ham jalb qilganmiz. Ijtimoiy masalani, suv zaxiralarini o‘rganyapmiz. Eng oson yo‘ldan borish – shunday narxni ko‘tarib qo‘yish mumkin. Lekin bu ko‘zlangan natijani bermaydi. Biz buning uchun tabaqalashtirilgan tarifni, 14 hududda 14 xil tarifni emas, universal tariflarni ishlab chiqishni rejalashtiryapmiz. Isrof masalasida eng samarali usul hisoblagichlarni to‘g‘ri ishlatish. Afsuski haligacha 40 foizgacha iste’molchilar hisoblagichlar o‘rnatishmagan. Andijon 11, Surxondaryoda 30 foizdan ortiqroq iste’molchi hisoblagich o‘rnatgan. Bu juda past ko‘rsatkichlar. 1 mlndan ortiq hisoblagich muddati o‘tib ketgan.

Texnik suv ta’minoti o‘rganilgan, haligacha o‘rganilyapti. Xorijiy davlatlarda bu yo‘lga qo‘yilgan, vaqti kelib biz ham bunga yetib boramiz. Lekin bu tizimli muammo bo‘lib, umuman shaharsozlik normalarini o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi” .

Shuningdek, tadbirda 1345 ta mahallada suv ta’minoti og‘ir ahvolda ekanligi ma’lum qilindi. Bulardagi vaziyatni o‘nglash uchun budjetda bu yil 2 trln so‘m mablag‘ ajratilgan va 741 ta mahallada ishlar olib borilyapti. Respublika bo‘yicha eng og‘ir hudud Qashqadaryo – 43 foiz, keyingi o‘rinlarda Surxondaryo va Jizzax viloyatlari turadi, 60 foiz atrofida ta’minlangan.

Mavzuga oid