O‘zbekiston | 11:51 / 16.03.2021
10803
6 daqiqa o‘qiladi

AKT vazirligi: Adliya vazirining internet bo‘yicha bergan ma'lumotlari eskirgan, mobil aloqa uchun internet narxi 5 barobargacha arzonlashdi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot kotibi Sherzod Ahmatovning ma'lum qilishicha, adliya vaziri Ruslan Davletovning Senat yalpi majlisida so‘zlagan nutqidagi internet xizmatiga oid ma'lumotlar 2020 yil fevral oyida shakllantirilgan bo‘lib, hozirgi kundagi ko‘rsatkichlarga mos kelmaydi.

Sherzod Ahmatovning ta'kidlashicha, bugungi kunda 1 gigabayt hajmdagi mobil internet xizmati o‘rtacha narxi 6-7 ming so‘mni tashkil etmoqda.

“Adliya vaziri 1 gigabayt mobil internet (Hindistonda 950 so‘m, Isroilda 1,2 ming so‘m, Qirg‘izistonda 2,2 ming so‘m, Italiyada 4,5 ming so‘m, Ukrainada 4,9 ming so‘m, Qozog‘istonda 5 ming so‘m) O‘zbekistonda 16 ming so‘mni tashkil etishini keltirib o‘tgan. Mazkur ma'lumotlar 2020 yil 24 fevraliga oid. Shu bilan birga, O‘zbekistondagi operatorlarning aynan qaysi tarif reja yoki paketlari haqida ma'lumot olingani ko‘rsatilmagan.

2021 yil mart oyi holati bo‘yicha respublika aholisining oylik o‘rtacha internet sarfi 4-5 gigabaytni tashkil etadi. Aynan shu asosda amaldagi mobil internet paketlari narxi tahlil qilinsa, 1 gigabayt hajmdagi mobil internet xizmati o‘rtacha narxi 6-7 ming so‘mni tashkil etmoqda.

2019-2021 yillarda internet xizmatlari uchun tarif mavjud texnik quvvatlarni keskin oshirish hisobiga operator va provayderlarga xalqaro paketli kommutatsiya markazi orqali taqdim etiladigan 1 megabit/s tezlikdagi kanal narxi 2 barobarga arzonlashtirildi va hozirgi kunda ushbu xizmat narxi 40 000 so‘m deb belgilangan.

Shu bilan bir qatorda, “O‘zbektelekom” tomonidan 2019-2021 yillarda:

  • mobil aloqa abonentlari uchun internet paketlari (1 megabayt uchun) narxi 5 barobargacha arzonlashdi hamda kiritilgan internet trafigi hajmi o‘rtacha 3-5 martagacha oshirildi, bir qator tarif rejalarida taqdim etiladigan internet trafik miqdori 30 foizgacha orttirildi;
  • simli internet xizmatlari bo‘yicha jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan internetga keng polosali ulanish xizmatlari tariflari narxi o‘rtacha 4,6 barobarga pasaytirildi va ulanish tezligi 6-7 barobarga oshirildi. Yuridik shaxslar uchun esa internet xizmatlari narxi 3 barobardan ko‘proqqa pasaytirildi, internetga ulanish tezligi esa 4 martagacha oshirildi, barcha abonentlar uchun Uz-IX/Tas-IX tarmoq resurslari orqali foydalanilgan trafik uchun to‘lov olinmaydi, ushbu tarmoqlardan yuqori tezliklarda foydalanish imkoniyati taqdim etildi (misol uchun: tashqi internet tezligi 4 megabit/s bo‘lgan tarif rejalarda Uz-IX/Tas-IX resurslaridan 100 megabit/s tezlikda foydalanish imkoni taqdim etilgan).

Optik tolali aloqa liniyalarini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha qator ishlar olib borilmoqda. 2018 yilda optik tolali tarmoqlarning umumiy uzunligi 26,6 ming kilometrni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda esa 72 ming kilometrgacha yetkazildi. Joriy yil oxiriga qadar esa ushbu ko‘rsatkich 118,6 ming kilometrgacha yetkazilishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda 1 millionta Internet tarmog‘iga keng polosali ulanish portlari o‘rnatilib, ularning umumiy soni 3 millionga yetkazildi. 2021 yil oxiriga qadar portlar soni 3,9 milliongacha yetkaziladi.

Mavjud bo‘lgan ishlab chiqarish quvvatlarni modernizatsiya qilish ishlari natijasida xalqaro Internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati 1 200 gigabit/s.gacha yetkazildi. Ma'lumotlar uzatish tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlari darajasida 2 barobar, tuman markazlari darajasida esa 4 barobar oshdi.

Mazkur loyiha bo‘yicha ishlarning asosiy qismi yakunlangani munosabati bilan, 2021 yil 1 yanvardan transport kanallarini ijaraga berish xizmati joriy narxi 2 barobarga arzonlashtirildi.

Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, o‘z navbatida, munosib ravishda ma'lumotlarni saqlash quvvatlarni talab etadi. Shu maqsadda 2020 yilda 5 petabaytga teng sig‘imli Ma'lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi ishga tushirildi. Hozirgi kunda respublika bo‘yicha 31,7 mingdan ortiq mobil aloqa baza stansiyalari mavjud.

Mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida 2020 yilda mobil aloqa operatorlari tomonidan 5 mingdan ortiq baza stansiyalar o‘rnatish va modernizatsiya qilish orqali 12 246ta respublika aholi maskanlarining mobil aloqa bilan qamrovi darajasi 98 foizga va mobil Internet tarmog‘iga keng polosali ulanish qamrovi darajasi 90 foizga yetkazildi”, dedi Sherzod Ahmatov o‘z nutqida.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Senatining 13-yalpi majlisida adliya vaziri Ruslanbek Davletov 2020 yildagi huquqiy targ‘ibot va ma'rifat ishlari haqida axborot bergan va unda O‘zbekistondagi internet holati haqida ham to‘xtalib o‘tgandi.

“Internet tezligi bo‘yicha 128-o‘rindamiz. Bizda 100 Mb videorolikni yuklab olish uchun 10 daqiqa vaqt ketyapti. Ya'ni, O‘zbekistonda axborot tarqalishi o‘z-o‘zidan sekinlashyapti. Bu degani - biz xohlayotgan ma'lumot yetarli darajada odamlarga yetib bormayapti.

O‘zbekistonda aholining internet qamrovi 51 foiz va bu juda kam. Butun dunyo misolida oladigan bo‘lsak, 51 foiz internet degani XXI asrda juda uyatli holat. Qozog‘istonda aholining internet bilan qamrov darajasi 80 foiz”, degandi adliya vaziri.

Mavzuga oid