O‘zbekiston | 15:54 / 13.08.2019
8486
7 daqiqa o‘qiladi

Andijonda shoir va yozuvchilar hokimlarga maslahatchi sifatida biriktiriladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Andijon viloyatida yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatni keng targ‘ib qilish va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan quyidagilar:

Andijon viloyatidagi 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning kamida 20,6 foizini (264, 2 ming nafari) axborot-kutubxona muassasalariga jalb etish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish bo‘yicha “Yo‘l xarita”;

umumta'lim maktablari o‘quvchilarini, ularga tutash hududdagi mahalla yoshlarini kitobxonlikka jalb etish, darsdan va boshqa faoliyat turidan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha tashkil etiladigan to‘garaklar ro‘yxati;

Andijon viloyat tuman (shahar)lari hokimliklariga kitobxonlik masalalari bo‘yicha jamoatchilik asosida biriktirilgan ijodiy maslahatchilar ro‘yxati;

viloyatdagi yoshlarni kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatiga keng jalb etish yo‘nalishida to‘garak rahbari va (ona tili va adabiyoti fanlari) o‘qituvchilarining malakasini oshirishga jalb etish jadvali;

“Yo‘l xarita”da belgilangan chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkillashtirish va monitoring olib borish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tarkibi tasdiqlanadi.

Belgilanishicha, “Yo‘l xarita”ga muvofiq yoshlarni kitob mutolaasi va kitobxonlikka keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish ishlarini amalga oshirishda birinchi navbatda umumta'lim maktablari imkoniyatlaridan keng foydalaniladi.

Respublika ishchi guruhi (A.Abduhakimov) “Yo‘l xarita”da nazarda tutilgan vazifalarning ijrosini har chorakda kamida bir marta tahlil qilib, ularni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf etib borish choralarini ko‘rib boradi.

Xalq ta'limi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Andijon viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda yoshlarni kitob mutolaasi va kitobxonlikka keng jalb etish borasidagi barcha mavjud imkoniyatlardan samarali va to‘liq foydalangan holda o‘quvchi-yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida bir oy muddatda axborot-kutubxona va umumta'lim maktablarida yoshlarning qiziqishlaridan kelib chiqib, kitobxonlik to‘garaklari faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.

Bunda:

a) Xalq ta'limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda:

axborot-kutubxona va umumta'lim maktablarida muntazam turli tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish, ularning mazmundorligini ta'minlash bo‘yicha;

to‘garaklar faoliyat yuritishi, tadbirlar o‘tkazilishi uchun zarur bo‘ladigan xonalar ajratish va tegishli shart-sharoit yaratish, ularga o‘quvchi-yoshlar qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mas'ul etib belgilanadi;

b) Andijon viloyati hokimligi axborot-kutubxona va umumta'lim maktablarida to‘garaklarni tashkil etish uchun zarur bo‘ladigan o‘quv-qo‘llanmalar, jihozlar hamda boshqa inventarlarni moliyalashtirishni mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ta'minlaydi.

Andijon viloyati hokimligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Madaniyat vazirligi bilan birgalikda yoshlarni Vatanparvarlik, milliy g‘oyaga sadoqat, mehr-oqibat, ilm-fanga oshno, har tomonlama komil insonlar bo‘lib tarbiyalanishlari uchun ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni tashkil qilinishini ta'minlab boradi.

O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi, Xalq ta'limi vazirligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining:

shoir va yozuvchilarni Andijon viloyati tuman (shahar)lari hokimlariga kitobxonlik masalalari bo‘yicha ijodiy maslahatchi sifatida jamoatchilik asosida biriktirish;

ijodiy maslahatchilarni har oyda bir marotaba joylarga xizmat safarga borib-kelishi uchun bepul temiryo‘l chiptalari bilan ta'minlash to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

Andijon viloyati tuman (shahar) hokimliklari maslahatchi sifatida biriktirilgan malakali mutaxassislar bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘ysin hamda ularning joylarda samarali faoliyat yuritishlari uchun yetarli shart-sharoit yaratadi.

Xalq ta'limi vazirligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Andijon viloyati hokimligi bilan birgalikda:

joriy yilning avgust-noyabr oylarida viloyatdagi umumta'lim maktablarining kitobxonlik yo‘nalishidagi to‘garak rahbarlari va o‘qituvchilarining malaka oshirish kurslarini Andijon viloyati xalq ta'limi pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazida va Andijon viloyati axborot-resurs markazlarida tashkil etish;

malaka oshirish kurslarida mashg‘ulot o‘tkazish uchun sohaning malakali, yetuk mutaxassis va o‘qituvchilari jalb etilish choralari ko‘riladi.

O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi, Andijon viloyati hokimligi, Xalq ta'limi vazirligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda viloyatda qardosh tillarda ta'lim beriladigan o‘quv muassasalarining ehtiyojidan kelib chiqib o‘zbek milliy adabiyotining sara asarlarini va boshqa o‘zbek adiblarining kitoblarini shu tillarga tarjima qilish choralari ko‘radi.

Andijon viloyati hokimligi, Moliya vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hududiy axborot-kutubxonalar va umumta'lim maktablarining kutubxonalarini jahon va o‘zbek milliy adabiyotining sara asarlari bilan ta'minlash choralari ko‘radi.

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi yoshlarni kitob mutolaasi va kitobxonlikka keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasidagi vazifalarni amalga oshirishda muntazam ravishda tegishli tahliliy ishlarni olib boradi, yoshlarning axborot-kutubxona va umumta'lim maktablaridagi to‘garaklarga qatnashi, ushbu joylarda o‘tkazilayotgan tadbirlarning mazmundorligini o‘rganish bo‘yicha doimiy monitoring yuritadi hamda natijalari bo‘yicha tegishli idoralarga tavsiyalar berib boradi.

Mavzuga oid