— Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan minimal iste'mol xarajatlari 440 ming so‘m etib belgilangani e'lon qilindi. Bu raqamlarning quyi qatlam vakillari uchun qanday ijobiy tomonlari bor?

Otabek Bakirov: Bu miqdor 5400 nafar respondentning kundalik hayoti, ehtiyojlari, daromadlari va xarajatlarini o‘rganish natijasida aniq metodologiyaga asoslangan tahlillarga ko‘ra olingan summa hisoblanadi. Bu miqdorning adolatli yoki adolatsiz ekani haqidagi kalimani ishlatish bu yerda to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki qaysidir tahlillarda yoki so‘rovlardan kelib chiqqan natija uchun adolatli yoki adolatsiz sifatida qaraydigan o‘lchov mavjud emas. Bu aniq holat.

So‘rov natijalari, uning kriteriyalari, metodologiyalari, boshidan oxirigacha qanday mezonlar asosida qurilgani hammaga ochiq-oydin bildirildi, aniqlashtirildi. Albatta, ko‘p sonli O‘zbekiston aholisi uchun bu muhim ko‘rsatkich. Aholining qaysidir toifasi bu summani o‘zlarining hayot tarzi va daromadlaridan kelib chiqib yuqori deb hisoblashi mumkin, qaysidir boshqa aholi toifasi esa o‘z daromadlaridan kelib chiqib kam miqdor deb baholashi mumkin, ammo bular o‘ta sub'yektiv, motivatsiyaga ega bo‘lmagan shaxsiy qarash bo‘ladi.

Baxtishod Hamidov: 440 ming so‘mning adolatli yoki adolatsizligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan izohlar, aholi keng qatlamlarining fikrlaridan kelib chiqib ham fikr bildirish mumkin. Lekin bu yerda bir narsaga e'tibor qaratish kerakki, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p kuzatilayotgan e'tirozlarning asosiy sababi, minimal iste'mol xarajatlarining (MIX) faqat kambag‘al aholiga emas, balki ko‘pchilik tomonidan hammaga tegishli raqam sifatida tushunilayotganida, deb hisoblayman.

Baxtishod Hamidov

Biz MIXga umumiy aholiga nisbatan emas, kambag‘al aholi xarajatlariga nisbatan qarashimiz kerak. Bu raqam faqat aholining eng quyi tabaqasini o‘rganish natijasida shakllantirilgan, aholining barcha tabaqalariga tegishli emas. Bilamizki, besh qo‘l barobar emas, jamiyatda turli qatlam vakillari bor. MIX faqatgina kambag‘al qatlam vakillari uchun qo‘llanadi.

Boy va o‘rta qatlam uchun bu miqdor kam tuyilishi mumkin, ammo kambag‘al qatlam uchun bu narsani alohida o‘rganish talab etiladi, ya'ni kommentariyalarni kambag‘al qatlam asosan yozmaydi. Interneti bor, asosan, Toshkentda istiqomat qiluvchi farovonlik darajasi nisbatan yuqori bo‘lgan odamlar o‘zlaridan kelib chiqib aytayotgan bo‘lishi mumkin. So‘rovnomada qatnashgan aholining kambag‘al 30 foizi ham viloyatlardagi qishloq joylarida istiqomat qilishi sabab, internet bilan muammosi tufayli bunday bahslarga kirishmayotgan bo‘lishi mumkin. Ularning fikrlarini eshitish bizlar uchun hozir qiyin.