O‘zbekiston | 12:21 / 29.05.2021
9620
2 daqiqa o‘qiladi

Senatorlar qurolga doir qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritishni rad etdi

Bugun, 29 may kuni bo‘lib o‘tayotgan Senatning XV yalpi majlisida senatorlar “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni qabul qilishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, bunga qonunchilik tashabbuskori sub'yekti va qonun loyihasi ishlab chiqqan taraflar tomonidan O‘zbekistonda qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi “Qurol to‘g‘risida”gi qonunning amaldagi ijrosi, uning normalarini qo‘llashda vujudga kelgan muammolar tahlil qilinmagani sabab qilib ko‘rsatilgan.

O‘rganishlarga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘qotar qurol muomalasi bilan bog‘liq qator tizimli muammolar mavjud. Ular:

  • hozirgi kunga qadar qurolga egalik qilishga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanmagan. O‘qotar ov quroliga egalik qilish uchun fuqaroga nisbatan tibbiy cheklovlar mavjud bo‘lsa-da, uning spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygani, giyohvandlikka mubtalo bo‘lgani tegishli ruxsatnoma olish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
  • qurol egalarini tibbiy cheklovlar bo‘yicha davriy ravishda tekshirish, ular bilan birga yashovchi fuqarolar orasida ruhiy kasallikka chalingan, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, giyohvandlikka mubtalo bo‘lganlarga e'tibor qaratish mexanizmlari mavjud emas.
  • o‘qotar ov qurollari hamda pnevmatik va o‘zini o‘zi himoya qilish qurollari bilan kirish ta'qiqlangan obektlar uchun umummajburiy tartib o‘rnatilmagan.

Bu, o‘z navbatida, turli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid