Antarktida to‘g‘risida ko‘pchilik bilmaydigan 9ta g‘aroyib fakt
200 yil muqaddam rus dengizchilari tomonidan kashf etilgan Antarktida hali ham oxirigacha tadqiq etilmagan. Yerdagi eng past harorat, kattaligi shaharga teng keluvchi aysberglar, muzlarda qotib qolgan qadimiy bakteriyalar – ushbu materikda yana nimalar yashiringani haqida hikoya qilamiz.
1. Antarktidada meteorit krateri mavjud
U Uilks Yeri hududidagi muz qatlami ostida joylashgan. 1958–1960 yillarda ana shu joyda olib borilgan geologik tadqiqotlar vaqtida olimlar og‘irlik kuchi anomaliyalarini kuzatishdi. Keyin esa ana shu anomaliyalar paydo bo‘lishining taxminiy hududi 240 kilometrga yaqin diametrli shar shaklida ekanini aniqladilar.
Keyinchalik tadqiqotchilar bunday gravitatsion nomuvofiqlik katta meteorit kraterlari yaqinida bo‘ladigan holatga o‘xshaydi degan xulosaga kelishdi. Qo‘shimcha tadqiqotlar esa krater diametri 480 kilometrga yetishini ko‘rsatdi.
Taxminan 250 million yil muqaddam diametri 50 kilometrga yaqin bo‘lgan meteorit mana shu hududga tushgan deb hisoblanadi. Gipotezalarning biriga ko‘ra, portlashda yuqoriga ko‘tarilgan chang ko‘p asrlik sovish va o‘sha vaqtdagi flora hamda fauna katta qismining nobud bo‘lishiga olib kelgan.
2. … faol vulqon ham bor
Hayratlanarli jihati, dunyoning eng sovuq hududida sayyoramizning eng faol vulqonlaridan biri – Erebus joylashgan. Uning balandligi 3 794 metrga yetadi. Vulqon cho‘qqisiga tadqiqotchi Ernest Sheklton boshchiligidagi ekspeditsiya 1908 yilda yetib borgan. O‘shanda olimlar uchta kraterning barchasini ko‘zdan kechirishdi.
Kraterlardan eng kattasining diametri 805 metr, chuqurligi 274 metr edi. Vulqonning bir necha teshiklaridan lava, olov va tutun chiqib turadi. Tubida lava ko‘li joylashgan bo‘lib, hali ham muzlamagan. Bu juda noyob hodisa.
Biroq Erebus qit’adagi yagona vulqon emas. Yaqinda olimlar muz ostida yashiringan tizma topdilar. Unda 91ta vulqon bor.
3. Bu yerda marvarid bulutlarni ko‘rish mumkin
Ayrim vaqtlarda Antarktida osmoni g‘aroyib chiroyga ega bulutlar bilan qoplanadi. Ular turli ranglarda jilovlanadi. Shuning uchun marvarid bulutlar deb ataladi. Bunday effekt irizatsiya – bulutlar yashil va pushti ranglarga bo‘yaladigan optik hodisa tufayli yuzaga keladi.
Bu kabi bulutlar hosil bo‘lishi shartlaridan biri – anomal daraja — 78 darajaga yaqin past harorat. Shuning uchun ularni odatda sayyoraning eng sovuq nuqtalarida kuzatish mumkin.
4. Antarktidaning hamma qismi ham muz bilan qoplanmagan
Bu materikni yodga olganda ko‘z o‘ngingizda nima gavdalanadi? Ehtimol, faqat qor va muzdan iborat cheksiz muz cho‘li bo‘lsa kerak.
Bu haqiqatan ham qisman shunday. Biroq mazkur joyda Mak-Merdo quruq vodiysi ham bor. U keng qorsiz hudud bo‘lib, doim quyosh porlab turadi. Yomg‘ir va qor esa bir necha million yillardan beri yog‘magan.
Bu yerda harorat kam-kam hollarda 0º S darajagacha ko‘tariladi. Yoz faslida u o‘rtacha −14º Sni tashkil etadi. Soatiga 320 km tezlikda esadigan shamollar tufayli bu yerda yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Shamol namlik bug‘lanishiga olib keladi. Shuning uchun Mak‑Merdo vodiysida qor ham, yomg‘ir ham bo‘lmaydi.
5. Antarktidada faqat ikki xil gulli o‘simlik mavjud
Materik boy flora bilan maqtana olmaydi. Bu yerda gullaydigan o‘simliklardan faqat kolobantus kito va Antarktida o‘simligi mavjud. Bu o‘tsimon, doim yashil o‘simliklar bo‘lib, ularning balandligi mos ravishda 5 santimetr va 20 santimetrga yetadi. Bundan tashqari, moxlar, mikroskopik zamburug‘ va suv o‘tlari ham uchraydi.
Antarktidada jon saqlash uchun o‘simliklar qit’aning og‘ir sharoitlariga moslashishiga to‘g‘ri kelgan. Nafas olish va fotosintezga zarur namlikni olish uchun uni darhol singdiradi. Chunki kuchli shamol tufayli suv tezda bug‘lanadi.
6. Muz ostida ko‘l yashiringan
Antarktida muzliklari ostida jami 140ta ko‘l mavjud. Biroq ular orasida eng mashhuri – Rossiya antarktik stansiyasi nomini olgan Vostok ko‘li. U suv ostidagi dunyodagi eng katta ko‘l. O‘lchami 230ga 50 kilometr. Qariyb to‘rt kilometrlik qalinlikdagi muz qatlami ostida joylashgan. Yaqin vaqtgacha unga kirish imkoni bo‘lmagan.
Ko‘lning g‘aroyibligi shundaki, u bir necha millionlab yil davomida atrof-muhitdan ajralgan. Demak, undagi mikroorganizmlar evolyutsiyasi yerdagi jarayonlardan mustaqil ravishda sodir bo‘lgan. Olimlar ko‘lda hayot bor, deb taxmin qilishadi. Chunki buning uchun barcha zaruriy omillar mavjud: Vostokning chuchuk suvlarida kislorod bor va tubida nisbatan yuqori — 10° C darajagacha iliq haroratga ega.
7. Antarktidada muz turli ranglarda bo‘ladi
U yashil, ko‘kdan tortib, hatto qizil ranggacha ham bo‘lishi mumkin. Rang muzlash shartlari va aralashma mavjud yoki mavjud emasligiga bog‘liq. Vulqon yonida kul sababli muz qora rangda bo‘ladi. Daryo yaqinidagi muz esa loy aralashmasi tufayli sariq yoki jigarrang tus oladi.
Plankton va bakteriya ko‘p bo‘lgan joylarda muz sariq, qizil yoki pushtirangda bo‘lishi mumkin. Masalan, sokin sharoitlarda muzlagan muzliklar ko‘pincha moviy va ko‘k rangda bo‘ladi.
8. Antarktidada “qonli” sharshara bor
Uni 1911 yilda olim Tomas Griffit Teylor aniqlagan. Tadqiqotchi muzlikda saqlangan suv o‘tlari suvga ana shu rangni beradi, deya taxmin qilgan. Biroq yaqin vaqtgacha bu gipoteza tasdiqlanmagan ham, inkor ham etilmagan.
Ferbenksdagi Alyaska universiteti tadqiqoti yordamida 2017 yilda sharshara siri ochildi. “Qonli” oqim bilan otiluvchi suv uzoq vaqt to‘liq izolyatsiyada, yorug‘lik va kislorodsiz bo‘lgan, muz ostidagi ko‘ldan suv yuzasiga chiqishi aniqlandi. Kimyoviy reaksiya unga to‘q qizil rang beradi: suvda erigan sulfatlar sulfitlarga aylanadi va tuproqdagi uch valentli temir ionlari bilan oksidlanadi.
To‘liq qorong‘ilik va kislorod bo‘lmagan ko‘lda mikroorganizmlar saqlanib qolgani hayratlanarli. Bu esa ana shu shakldagi hayot boshqa sayyoralarda ham saqlanib qolishi mumkin, deya taxmin qilish imkonini beradi.
9. Antarktida hech bir davlatga tegishli emas
1961 yilda kuchga kirgan Antarktida to‘g‘risidagi kelishuvda ana shunday yozilgan. Hujjat ilmiy tadqiqotlar erkinligini nazarda tutadi va xalqaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Sovuq yerlar mustaqilligining yana bir qulay jihati, u yerga vizasiz borish imkoniyati. Bor-yo‘g‘i pasport va borish uchun ruxsat to‘g‘risidagi ayrim hujjatlar zarur. Biroq Antarktidani sayyohlar uchun jozibador deb bo‘lmaydi: o‘lka sharoitlari og‘ir va uni o‘rganishga qiziqqan jasur kishilargina bu yerga kelishga qodir.
Masalan, “Vostok” stansiyasida dekabrdan fevral oyigacha 30-35 nafar olim bo‘ladi. Qolgan vaqtda esa bu yerda 12-13 kishi yashaydi. Stansiyaga 1957 yilda asos solingan. O‘shandan beri bu yerda yashovchilar iqlim o‘zgarishlarini kuzatadi, muz qatlamlarini o‘rganadi, atmosferada magnit, elektr maydonlarini o‘lchaydi va boshqa tadqiqotlar o‘tkazadi.
Layfxaker saytidan olindi.
Mavzuga oid
21:39 / 17.09.2024
Olimlar Antarktida ustidagi ozon teshigining qisqarganini e’lon qildi
21:51 / 24.08.2024
Olimlar «Qiyomat muzligi» erishining falokatli tahdidini rad etdi
23:24 / 27.11.2023
Antarktida yaqinida dunyodagi eng katta aysberg harakatlana boshladi
14:48 / 17.10.2023