O‘zbekiston | 08:21 / 28.10.2020
2999
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Energetika muammolari instituti tashkil etiladi

Sanoatning energiya ko‘p iste'mol qilinadigan tarmoqlarida ilmiy-innovatsion infrastrukturani yaratish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Energetika muammolari institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Fanlar akademiyasi va Energetika vazirligining “O‘zbekenergo” AJ Ilmiy-texnika markazi MChJ bazasida Fanlar akademiyasi Energetika muammolari institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Quyidagilar Fanlar akademiyasi Energetika muammolari instituti faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • respublikada energetika barqaror rivojlanishining kelajak strategiyasini ishlab chiqish, o‘rta va uzoq kelajakda yoqilg‘i-energetika kompleksining rivojlanishi va modernizatsiyalash bo‘yicha dasturlarni tayyorlashda ishtirok etish;
  • muqobil (noan'anaviy) energiya asosidagi yangi texnologiyalar, energetik uskunalar va tizimlarning respublika iqlim sharoitlarida resurs ko‘rsatkichlarini o‘rganish maqsadida sinovlarini amalga oshirish;
  • iqtisodiyot tarmoqlari energiya sarfini pasaytirish bo‘yicha kompleks tadqiqotlarni o‘tkazish va konkret tavsiyalar ishlab chiqish;
  • “intellektual tarmoqlar” nazariyasini rivojlantirish va energetika sohasiga joriy etish uslublarini ishlab chiqish;
  • mamlakatning energetik xavfsizligini ta'minlash, tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarda yoqilg‘i-energetika kompleksi obektlarining barqaror faoliyatini ta'minlash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;
  • mintaqaning qo‘shni davlatlari o‘rtasida yoqilg‘i-energiya manbalaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish;
  • iqtisodiyotning turli sohalarida an'anaviy, shuningdek muqobil va qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish bilan bog‘liq fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish;
  • yoqilg‘i-energiya resurslaridan ularni hosil qilish, uzatish va foydalanish bosqichlarida samarali foydalanish uslublarining ilmiy-texnik darajasini oshirish;
  • yoqilg‘i-energiya resurslarini hosil qilish, uzatish va taqsimlash tannarxini pasaytirish maqsadida zamonaviy energetik texnologiyalarning transferi va respublika sharoitida moslashtirishni asoslash;
  • sohadagi chet el muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, muvaffaqiyatli tajribalar va konkret innovatsiya modellaridan keng foydalanish, jadal axborot almashinuvini ta'minlash;
  • energetika tarmog‘i uchun energetik oliy o‘quv yurtlari kafedralari filiallarini tashkil etish orqali yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlashda ishtirok etish;
  • oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim tizimi bo‘yicha yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash.

Institutga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun unga quyidagi huquqlar beriladi:

  • tadqiqotlarni amalga oshirishga respublika ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlar xodimlarini, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari tarkibidan xodimlarni, shuningdek chet ellik olimlar va mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish;
  • xalqaro tashkilotlar, jumladan jamg‘armalar, chet el tadqiqot markazlari, shuningdek ta'lim muassasalari bilan tadqiqotlar o‘tkazish va kadrlar tayyorlashga shartnomalar tuzish;
  • institutning ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirishga jalb etilgan ilmiy xodimlari, boshqa mutaxassislar va ekspertlarni chet el tadqiqot markazlari va ta'lim muassasalariga belgilangan tartibda “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan malakaviy amaliyot o‘tash va o‘qishga yuborish.

Institut Toshkent shahri, Chingiz Aytmatov ko‘chasi 2B-uy manzilida doimiy foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Mavzuga oid