Jamiyat | 16:57 / 08.08.2021
35851
8 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chada javobi topilishi qiyin azaliy savol: «Tualet qayerda?»

Sutkalab biror narsa iste'mol qilmasligimiz mumkin, lekin bir kunda bir necha bor hojatga chiqishimiz shart. Ammo hojat qistaganda doim ham uyda yoki ishxonada bo‘lmaymiz. Shunda nima qilamiz?

Jamoat hojatxonalari masalasida ko‘p marta yozilgan, aytilgan, hatto yuqori darajada qarorlar qabul qilingan, rejalar tuzilgan bo‘lsa-da, hozircha bu borada biror yutuq bilan maqtana olmaymiz. Tan olish kerak, yurtimizda jamoat hojatxonalari dahshatli darajada kam, ulardan foydalanish madaniyati o‘ta past.

Inson umrini o‘rtacha yetmish yil deb oladigan bo‘lsak, odamzod o‘z hayotining taxminan olti oyini hojatxonada o‘tkazar ekan. Shunday ekan, bu jarayon nafaqat bir inson uchun, balki butun jamiyat uchun muhim.

«Biror oila haqida tasavvurga ega bo‘lmoqchi bo‘lsang, hojatxonasiga kirib ko‘r», deb bekorga aytishmagan. Bodrabxona qanday qurilgani bir oila emas, tashkilotlar, ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish maskanlari, umuman, butun bir mamlakat haqida ham yetarlicha xulosa chiqarishga asos bo‘lishi mumkin.

2016 yilga qadar bizda bu mavzu haqida rasman gapirilmagan. Go‘yoki muammo yo‘qdek edi. O‘zbekistonda davlat boshqaruvi yangi qo‘lga o‘tganidan so‘ng ko‘p sohalar singari ko‘pchilik aytishga ham uyalgan, aslida nihoyatda jiddiy mavzu bo‘lgan hojatxonalar masalasiga ham to‘xtalindi.

2018 yil boshida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekistonda hojatxona xizmatini takomillashtirish bo‘yicha keskin islohotlar o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani ma'lum qilindi. Hojatxonalar juda kamligi tan olindi va masala yechimi yuzasidan qator chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Hojatxona qurib ishga tushirganlarga bir qancha soliq imtiyozlari taklif qilindi. 

Bunga ham 3,5 yil vaqt o‘tdi.

Mana shu satrlarni o‘qiyotganlar o‘z yashab turgan hududlari misolida bir o‘ylab ko‘rsinlar: qaysi shahar yoki tuman markazining biror ko‘chasida yangi jamoat hojatxonasi qurildi yoki eskilari talab darajasida ta'mirlandi? O‘zi jamoat hojatxonasi bormidi?

Katta ehtimol bilan bu savollarga ijobiy javob yo‘q.

Lekin bu masala bilan shug‘ullangan qo‘mita, ayni paytda Turizm va sport vazirligining ma'lumotlariga tayanilsa, muayyan ishlar bajarilgani ma'lum bo‘ladi.

Turistik infratuzilma obektlari sanitar-gigiyenik holatini yaxshilash hamda turistik axborot markazlarini tashkil qilish bo‘limi boshlig‘i Muhayyo Hayitova:

– 2017 yildan boshlab shu kunga qadar mamlakatimizda turistlar tashrif buyuradigan obektlar, yo‘l bo‘ylari va aholi gavjum joylarda 5 mingdan ortiq sanitariya-gigiyena shoxobchalarining hozirgi zamon talablari asosida ta'mirlanganligi va yangidan qurilganligi, shuningdek, respublika bo‘yicha yo‘lovchilar foydalanishi uchun shoxobchalar bo‘lmagan yonilg‘i quyish stansiyalarining deyarli qolmasligiga erishilgan.

Tadbirkorlik sub'yektlariga namunaviy, shu jumladan tarmoqli loyihalar asosida zamonaviy sanitar-gigiyenik shoxobchalarni qurish uchun 80–100 kvadrat metr o‘lchamda yer maydonlarini elektron auksionga qo‘ymasdan olish uchun vazirlik iltimosnomasiga ko‘ra ustuvorlik huquqi taqdim etilishi belgilangan bo‘lib, bu asosda 130 nafar tadbirkorga yer maydonlari ajratilgan. Shu kunga qadar ularning 16tasida qurilish ishlari yakunlangan va foydalanishga topshirilgan. Qolganlarida qurilish davom etmoqda.

Raqamlar bir tarafdan quvonarli, 5 mingta – bu katta ko‘rsatkich. Lekin e'tibor qaratilsa, bunga asosan mavjudlari ta'mirlangani, yonilg‘i quyish shoxobchalarida hojatxona xizmati yo‘lga qo‘yilgani ortidan erishilganini ko‘rish mumkin. To‘g‘ri, masjidlarimizning yaxshilanib borayotgan tahoratxonalarini ham qo‘shish mumkin bunga.

35 mln aholiga ega davlatda bor-yo‘g‘i 130 kishi jamoat hojatxonasi qurishni niyat qilgani nihoyatda kam, 16tasi qurib bitkazib, foydalanishga topshirgani esa deyarli yo‘q degani.

Demak, yuqoridagi taxminimiz rasman ham tasdig‘ini topadi — hali bu borada qilinadigan ishlar haddan tashqari ko‘p.

Bizning hojatxonalardan foydalanish madaniyatimiz ham nihoyatda og‘riqli, doimiy targ‘ibot va alohida tarbiyani talab qiladigan masala. Har qanday toza hojatxona ham birpasda rasvo qilib tashlanadi. Nima topsak tashlaymiz, chekamiz, nosvoy tuflaymiz, o‘zimizdan keyin tozalab chiqmaymiz.

Tan olaylik, hozircha maqtanadigan jihatimiz bitta: kesakdan hojatxona qog‘oziga o‘ta oldik, xolos.

Bu borada islohotlarga muhtoj ekanmiz, qars ikki qo‘ldan chiqishini tushunib yetishimiz shart.

Davlat jamoat hojatxonalarining standartlarini ishlab chiqishi, hududlarga ko‘ra tavsiyalar berishi lozim:

  • Bunday hojatxonalarni ishga tushirish tadbirkorlar uchun foydali bo‘lishi uchun rag‘batlar paydo qilish, jumladan, zarur maydonlarni ajratish, subsidiyalar berish, zamonaviy tejash va tozalash texnologiyalarini joriy qilganlarga esa alohida imtiyozlar berish zarur;
  • Jamoat hojatxonalarini lozim darajada saqlab turganlar, muntazam faoliyatini ta'minlaganlarni soliqlardan ozod qilish masalasini ko‘rib chiqish kerak;
  • Uyatli hisoblamasdan, jamoat joylarida, yetakchi OAVda hojatxonalar madaniyati bo‘yicha targ‘ibotni kuchaytirish zarur.

Aholi hojatxonadan foydalanishning elementar madaniyatini o‘rganishi shart.

  • Tadbirkorlar bu ham foydali, ham savobli biznes ekanligini anglab yetishlari, o‘z pullarini tikishga o‘rganishlari kerak. «Davlat qurib berishi kerak», degan tushuncha ish bermaydi. Chunki davlat yaxshi mulkdor bo‘la olmasligi isbotini topgan. Qolaversa, har bir nuqta bitta tadbirkorlik sub'yekti bo‘ladi va eng kamida ikkita ish o‘rni yarata oladi;
  • Har qanday do‘kon, har qanday idora egalari o‘z hojatxonalarini omma uchun berkitmaslikni o‘rganishlari kerak. Chunki zarur sharoitning bo‘lmasligi, atrof-muhit va ozodalikda xunuk iz qoldiradi.

Mo‘'jaz jamoat hojatxonasi qanday bo‘lishi kerak?

Ko‘cha-ko‘yda erkaklarimiz ko‘proq yurishini inobatga olsak, gavjumroq joylarda yengil konstruksiyadan erkaklar uchun 2ta kabina va pissuarlar, ayollar uchun 2ta kabinali mo‘'jaz standart ishlab chiqish mumkin.

Hojatxona albatta qo‘l yuvish uchun rakovinalar, suv bilan ta'minlangan bo‘lishi kerak. Suv solinadigan sig‘imni tomga o‘rnatish, hojatxonani to‘liq quyosh energiyasi yordamida elektr bilan ta'minlab yoritish mumkin.

Kanalizatsiya tarmog‘iga ulash imkoniyati bo‘lmasa, quduq qazib uni vaqti-vaqti bilan tozalab turish mumkin. Hammasi bir qaraganda oddiy ish. Lekin hech kim hafsala qilmayapti.

Faktlar:

  • Antisanitar holat, yuqumli kasalliklar tufayli yiliga 1,5 millionga yaqin bola nobud bo‘ladi. Bu bezgak, qizamiq va OITS kabi kasalliklar tufayli yuz beradigan o‘limlar sonidan ham ko‘proq. Holat hojatxonalar muammosiga uzviy bog‘liq;
  • Dunyo bo‘ylab milliarddan ortiq odam o‘z hojatini ochiq osmon ostida chiqaradi, ya'ni eng oddiy hojatxonaga ham ega emas;

Bu satrlarni o‘qishgach, ertagayoq hamma tadbirkorning hojatxona qurishga kirishib ketishi yoki aksariyat aholining madaniyati oshib qolishiga ishonish qiyin, albatta. Ammo biz qachondir nimadandir boshlashimiz, xijolatli deb tashlab qo‘ygan muammomiz ustida yeng shimarib ishlashimiz kerak.

Abror Zohidov

Mavzuga oid