Jahon | 16:20 / 16.06.2021
43841
8 daqiqa o‘qiladi

Bayden va Putin uchrashuvi: kun tartibida qanday masalalar bor?

AQSh prezidenti Jo Bayden 20 yanvar kuni ish boshlaganidan beri bugun ilk marta Jyenevadagi La Granj villasida Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashdi. 1985 yilda bu yerda Mixail Gorbachyov va Ronald Reygan o‘rtasida ham uchrashuv bo‘lib o‘tgandi.

Jyenevada AQSh prezidenti Jo Bayden va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi boshlandi. Ular ilk marta davlat rahbarlari sifatida uchrashishdi.

Keng qamrovli xavfsizlik choralari ko‘rilgan Jyenevada ikki davlat rahbarini Shveytsariya prezidenti Gi Parmelin alohida-alohida kutib oldi.

Sammit bo‘lib o‘tadigan Jyeneva ko‘li bo‘yidagi Villa La Granj mehmonxonasida ikki prezident qo‘l berib ko‘rishdi.

Bu AQSh va Rossiya prezidentlarining Jo Bayden prezidentlikka kelganidan beri ilk uchrashuvidir. Bungacha Putin 2018 yilda Helsinkida Donald Tramp bilan uchrashgandi.

Peskov: «Putin muammolarni ochiq va konstruktiv tarzda o‘rtaga qo‘yadi»

Putindan oldin Jyenevaga borgan Rossiya delegatsiyasi tarkibidan joy olgan Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya davlat televideniyesi «Rossiya 1» telekanaliga bergan intervyusida ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi «juda og‘ir» kechishini aytdi.

«Putin muammolarni ochiq va konstruktiv ravishda o‘rtaga qo‘yadi va yechim topishga harakat qiladi», dedi sammitning «tarixiy bo‘lmasligi mumkin»ligini bildirgan Dmitriy Peskov.

U mazkur uchrashuvga katta umidni bog‘lamaslik kerakligini ta'kidladi. «Rossiya-AQSh munosabatlari juda murakkab. Ammo ikki davlat rahbarining uchrashishga qaror qilgani va muammolarni ochiq muhokama qila boshlaganining o‘ziyoq muvaffaqiyatdir», dedi u. 

«Biz ushbu uchrashuv katta burilish nuqtasi bo‘lishini kutmayapmiz»

Ikki davlat rahbari Baydenning xorijga qilgan ilk tashrifining uchinchi bekati – Jyenevada uchrashuv o‘tkazadi. Uchrashuv yuzma-yuz tarzida o‘tishi rejalashtirilmagan. Birinchi bosqichda Putin, Bayden va tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Antoni Blinken ishtirok etadigan mazkur uchrashuvda keyinroq maslahatchilardan iborat delegatsiyalarning ham qatnashishi kutilmoqda.

Ikki rahbar ham ushbu uchrashuv AQSh-Rossiya munosabatlarining yanada barqaror va taxmin qilish mumkin bo‘lgan darajaga erishishi uchun tashlangan ilk qadam bo‘lishi mumkinligiga ishora qildi.

Ta'kidlash joizki, kiberhujumlar, Rossiyaning AQSh saylovlariga aralashuvi, Moskvaning yadro qurollarini nazorat qilish to‘g‘risidagi bitimdan chiqishi va eng muhimi, Rossiya tomonidan Ukrainaning ayrim qismlarining qo‘shib olinishi kabi qator masalalar bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyatlar saqlanib qolmoqda.

«Biz ushbu uchrashuv katta burilish nuqtasi bo‘lishini kutmayapmiz», dedi Baydenning safari chog‘ida Air Force 1 samolyotida jurnalistlar bilan suhbatlashgan Amerikaning yuqori martabali amaldorlaridan biri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh ba'zi muammoli sohalarda ishlash uchun yordamchilar va maslahatchilarni tayinlashni maqsad qilgan.

«Biror-bir kelishuvga erishilishiga amin emasman», dedi Putinning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Yuriy Ushakov.

Uchrashuv to‘rt-besh soat davom etishi rejalashtirilmoqda.

Munosabatlarni keskinlashtirgan voqealar

2014 yilda Qrim yarimorolining Rossiyaga qo‘shib olinishi ikki tomonlama munosabatlarni keskinlashtirgan nuqtalardan biri bo‘ldi.

2015 yilda AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi muxolifatga qarshi Damashq ma'muriyatiga yordam berish uchun Rossiyaning Suriyaga kirib borishi va 2016 yilda Donald Tramp g‘olib bo‘lgan saylovlarga Moskvaning aralashuvi haqidagi da'volar esa ikki o‘rtadagi ziddiyat yanada kuchayishiga sabab bo‘ldi.

Bayden mart oyida jurnalistlardan biriga bergan intervyusida Putinni «qotil» deb atadi, shundan so‘ng Rossiya Vashingtondagi elchisini chaqirib oldi.

AQSh ham aprel oyida Moskvadagi elchisini chaqirib oldi. Hozirda ikki mamlakatda ham elchilar yo‘q.

Aprel oyidagi voqeaning sababi esa 2016 yilda o‘tkazilgan AQSh prezidentlik saylovlariga aralashuv, kiberhujumlar va Ukraina bilan bog‘liq ziddiyatlar ortidan Vashingtonning Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni qabul qilgani edi. Ushbu sanksiyalar Rossiya hukumatining AQSh banklari bilan bog‘liq operatsiyalarini ham o‘z ichiga oladi, shuningdek, prezident saylovlariga aralashishda gumonlanayotgan 32 kishini nishonga oladi.

Shundan so‘ng, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ushbu sanksiyalarga javob berishga qaror qilganliklarini e'lon qiladi. Unga ko‘ra, amerikalik 10 nafar diplomat mamlakat hududidan chiqarib yuboriladi, mamlakatdagi AQSh diplomatlarining xabar bergan holda o‘z xizmat hududidan 16 kilometrdan ko‘proq masofani bosib o‘tishiga ruxsat beruvchi kelishuv bekor qilinadi. Amerikalik elchi ham Moskvadan Vashingtonga qaytib ketadi.

NATO sammitidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida Baydenga «qotil» degan so‘zi eslatildi, avvaliga u savolni aylanib o‘tishga urindi, ammo keyin Putinni «aqlli, murakkab va munosib raqib» deb ta'rifladi. «Qotil» so‘zi esa o‘tkazmoqchi bo‘lgan uchrashuvimiz nuqtayi nazaridan unchalik ham muhim ahamiyatga ega, deb o‘ylamayman», dedi u.

Uzoq davom etishi kutilayotgan uchrashuv davomida yetakchilar tushlik yoki kechki ovqatni birga qilishi rejalashtirilmagan. AQSh rasmiysi bu holatni «nonni baham ko‘rmaslik», deb baholadi. Uchrashuvdan keyin ikki rahbar alohida-alohida matbuot anjumani o‘tkazadi.

Aprel oyida Ukraina chegarasida keskinlik ortgandi

Mart oyi o‘rtalaridan boshlab Rossiya Qrim va Ukraina sharqidagi Donbass mintaqasiga harbiy yuklarni yetkazib bera boshladi.

Shundan so‘ng Ukraina va G‘arb davlatlari Rossiyani ogohlantiradi, Amerika harbiy kemalari ham Qora dengiz tomon yo‘l olgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Voqealar rivoji keskinlashganda esa Bayden Putin bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu Baydenning prezidentlik lavozimiga kirishgandan keyin Putin bilan qilgan ikkinchi telefon suhbati bo‘ldi.

Bayden ziddiyatlarni kamaytirish uchun ikki tomonlama sammitni taklif qiladi, ammo Rossiya tomoni bu taklifni ko‘rib chiqishini bildiradi. Aprel oyi oxirida esa davlat rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuv sanasi hali belgilanmagan bo‘lsa-da, Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukraina chegarasida bir necha hafta davomida keskinlik keltirib chiqargan harbiy kuchlar mintaqadan chaqirib olinishini ma'lum qiladi.

Hafta boshidagi NATO sammitida Ukraina ham alyansning bir qismi bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida bayonotlar berildi. Sobiq sovet ittifoqi tarkibida bo‘lgan Ukrainaning NATOga a'zolik masalasining kun tartibiga chiqishini Moskva keskin reaksiya bilan qarshiladi. Bayden-Putin uchrashuvida ushbu masala ham muhokama qilinishi mumkin.

Mavzuga oid