Jyeneva uchrashuvi arafasida: Putin Baydendan nima xohlamoqda?
Do‘stona ruhdagi uchrashuvdan ko‘ra ko‘proq o‘zaro «qizil chiziqlar» tekshirilishi kutilmoqda.
Chorshanba kuniga belgilangan Jyenevadagi AQSh prezidenti Jo Bayden va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuv do‘stona ruhda kechmasligi taxmin qilinmoqda.
Yaqinda Rossiya AQShni «do‘st bo‘lmagan mamlakatlar» maqomida ko‘rishini ma'lum qilgandi. Ikki tomon ham o‘zaro munosabatlar minimal darajaga tushib qolganini tan olmoqda va hozirda ikki mamlakat poytaxtida ularning elchilari mavjud emas.
AQSh Qrimning qo‘shib olinishidan tortib Amerika saylovlariga aralashishgacha bo‘lgan sabab bilan Rossiyaning ayrim yuqori lavozimli amaldorlariga qarshi sanksiyalar qo‘llamoqda. Qolaversa, AQShning ikki dengiz piyodasi Rossiyada josuslikda ayblanib, hanuz 16 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda.
Ustiga ustak, mart oyida Jo Bayden amerikalik jurnalistlardan biriga bergan intervyusida Putinni «qotil» deb atagandi.
Shunday bo‘lsa-da, ular ikki yetakchi prezident sifatida bu hafta birinchi marta uchrashishmoqda. Rossiyada buni ayrimlar muvaffaqiyat sifatida baholamoqda.
Ramziy ahamiyatga ega
«Sammit ramziy ma'noda ahamiyatga ega. U Rossiyani AQSh bilan bir xil darajaga olib chiqadi va bu Putin uchun ahamiyatsiz emas», deydi Moskvaning RIAC tahlil markazi rahbari Andrey Kortunov.
Vaqt nuqtayi nazaridan esa ushbu uchrashuv Bayden ish boshlaganidan keyin uning ilk xorijiy safari paytida bo‘lib o‘tayotgani va bu ikki tomonlama uchrashuv ekani bilan ham muhimdir.
NATO sammitidagi tig‘iz kun tartibiga qaramay, Yevropa safarining so‘nggi bekatida Baydenning chorshanba kuni Putin bilan uchrashishi dunyo afkor ommasining alohida e'tiborini tortmoqda.
«Putinning maqsadi AQSh prezidenti bilan mutlaq teng pozitsiyada bo‘lishdir. U o‘zi belgilagan zaminda hurmat ko‘rishni va kuch namoyish etishni istaydi», deydi rossiyalik siyosiy sharhlovchi Liliya Shevsova.
Uchrashuv joyi sifatida Jyenevaning tanlanishi sovuq urush davri sharoitida, 1985 yil o‘sha paytdagi AQSh prezidenti Ronald Reygan va sovet ittifoqi rahbari Mixail Gorbachyov o‘rtasidagi uchrashuvni yodga solmoqda.
Ammo bu haftadagi uchrashuvning o‘sha tarixiy uchrashuvga o‘xshash shaxsiy munosabatlar o‘rnatilishi yoki siyosiy yumshatishga olib kelish ehtimoli juda kam.
Oq uy Rossiya bilan «barqaror» va «taxmin qilinishi mumkin bo‘lgan shaklda rivojlanuvchi» munosabatlar o‘rnatishni maqsad qilganini bildirdi.
Ammo 2014 yilda Rossiya «kichik yashil odamlar» bilan Qrimga kirib, hududni o‘z tarkibiga qo‘shib olganidan beri Vladimir Putin o‘z raqiblariga keyingi qadamlarini oshkor qilmaslik uslubini qo‘llamoqda.
Aslida, ushbu voqea Rossiya-AQSh munosabatlari sovuqlashishining boshlang‘ich nuqtasi bo‘lgandi. Bu borada Liliya Shevsova shunday deydi: «Asl maqsad – bir-birining qizil chiziqlari nima ekanligini tekshirish, shu bilan birga, jarlik yoqasidan qaytishning yo‘li muloqot ekanini o‘zaro qabul qilish bo‘lishi mumkin. Chunki ikki o‘rtada aloqa bo‘lmasa, Rossiyaning odimlarini oldindan taxmin qilish yanada qiyinlashadi».
Putin «podskazka» beryaptimi?
O‘tgan hafta oxirida Vladimir Putin Rossiya davlat televideniyesidagi chiqishida AQSh bilan «hamkorlik qilish masalalari» mavjudligini aytdi. U bunga misol sifatida yadro qurollarini nazorat qilish bo‘yicha yangi kelishuvni, Suriya va Liviya kabi mintaqaviy mojarolarni va iqlim o‘zgarishini misol qilib keltirdi.
«Agar biz ushbu masalalarda birgalikda ishlash mexanizmlarini yarata olsak, unda sammit besamar o‘tmagan bo‘ladi», deb qo‘shimcha qilgandi Putin.
Rossiya tomoni diplomatik urushlarda murosa bo‘lishi mumkin, deb o‘ylamoqda.
So‘nggi yillarda AQSh o‘nlab rus diplomatlarini mamlakatdan chiqarib yubordi va AQSh hududidagi Rossiyaning ikkita diplomatik muassasasini yopdi. Hozirda AQShning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalariga Rossiya fuqarolarini ishga olish taqiqlangan. Bu esa ko‘plab xizmatlar, shu jumladan, vizalarni rasmiylashtirish jarayoni oqsashini anglatadi.
Minimal qadam sifatida Moskva o‘z elchisini Vashingtonga qaytarishga rozi bo‘lishi, AQSh ham 2018 yilda Rossiyada josuslikda ayblanib hibsga olingan ikki dengiz piyodasi taqdirini kun tartibiga olib chiqishi mumkin.
Yaqinda Rossiya «mahbuslar almashinuvi»ni taklif qildi, ammo uning shartlari AQSh tomonidan qabul qilinmadi. Putin bu borada bir tomonlama xayrixohlik ishorasini berishi ham ehtimoldan yiroq emas.
«Dushman G‘arb» tushunchasi
Keyingi paytlarda Rossiya prezidenti G‘arbni dushman sifatida ko‘rish nuqtayi nazarini oldingi planga chiqarmoqda.
Shu oy Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan iqtisodiy forumda u yana bir bor Rossiyaning rivojlanishini AQSh to‘xtatishga urinayotganini ta'kidladi.
Ushbu nutqdan bir necha kun oldin ham u Rossiyani «tishlamoqchi» bo‘lgan «tajovuzkor xorijiy kuchlar»ning «tishini qoqib olishi»ni aytib, dunyo endi Rossiyaning obro‘yi va qudratini anglashi kerakligini ta'kidlagandi.
«U (Putin) AQSh Rossiyaning farovonligini istamaydigan dushman ekaniga ishonishi aniq va men bu qarash o‘zgarmaydi, deb o‘ylayman», deydi siyosiy sharhlovchi Andrey Kortunov. Ammo u Rossiya hozirda keskinlikni «bir-ikki darajaga tushirmoqchi» bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Keskinlik biroz bo‘lsa-da yumshashi mumkinmi?
«Putin oqilona siyosatchi sifatida dushmanlik munosabatlari bilan bog‘liq xarajatlar va xatarlarni kamaytirishni xohlaydi», deydi Kortunov.
Ushbu xarajatlar iqtisodiy sanksiyalarni ham o‘z ichiga oladi. AQShning so‘nggi sanksiyalari hukumatga yangi mablag‘lar topish va yangi qadamlar qo‘yishni qiyinlashtirdi hamda iqtisodiy qiyinchiliklar ortishiga sabab bo‘ldi.
«Rossiya jamoatchiligi uydagi ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal qilish o‘rniga tashqi siyosatdagi «g‘alabalar» taklif etilishini xohlamoqda», deydi Kortunov.
Putin istamaydigan, lekin tayyor bo‘lgan yana bir mavzu – muxolifat lideri Aleksey Navalniyning zaharlanishi va hozir qamoqda ekani bilan bog‘liq inson huquqlari masalasidir.
Yaqinda Moskva sudi tomonidan Navalniy harakati va uning korrupsiyaga qarshi kurash tashkiloti «ekstremistik» xarakterga ega deb topildi. Holbuki bu qaror Bayden bilan bo‘lib o‘tadigan sammitdan keyin ham e'lon qilinishi mumkin edi.
Ammo bunday yo‘l tutilishidan ko‘zlangan maqsad Vladimir Putinning o‘z raqiblarini tor-mor etishni davom ettirishi va AQSh bunga aralasha olmasligi haqida xabar berib qo‘yishga o‘xshaydi.
«Bayden o‘z qo‘shig‘ini aytadi. Unda Navalniy va inson huquqlari bo‘yicha masala ham mavjud. Putin ham o‘z qo‘shig‘ini kuylaydi. Ya'ni AQSh ham bu masalada qolishmasligini takrorlaydi. Ammo ushbu uchrashuvning o‘tkazilishi shuni anglatadiki, inson huquqlari bilan bog‘liq muqaddimadan so‘ng ular asosiy menyuga o‘tishadi. Bu esa tanglikni yumshatish uchun qanday choralar ko‘rish mumkin, degan masaladir», deydi Liliya Shevsova.
Mavzuga oid
18:05
AQShda «Helen» to‘foni qurbonlari soni 200 dan oshdi. Prezident va nomzodlar jabrlangan hududlarga bormoqda
10:00
Jo Bayden GFRda Germaniyaning oliy ordeni bilan mukofotlanadi
10:30 / 03.10.2024
Putin urushda qatnashayotgan sudlanuvchilarni jazodan ozod qildi
09:30 / 02.10.2024