O‘zbekiston | 21:50 / 25.06.2019
6445
5 daqiqa o‘qiladi

«Mustaqil a'zo». Aksionerlar nimadan norozi?

25 iyun kuni Kapital bozorini rivojlantirish agentligida 2019 yil 20 martdagi «Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokamasiga bag‘ishlangan, lizing kompaniyalari ishtirokidagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

«Toshkent» Respublika fond birjasi (RFB) boshkaruvchi raisi Bekzod Usmonovning aytishicha, joriy 20 mart sanasidan buyon 11ta aksiyadorlik jamiyati qonun mohiyatini tushunmasdan RFB kotirovkalaridan chiqib ketdi. Ayni vaqtda esa har kuni yangi bitimlar tuzilishiga qaramasdan «O‘zbekkumir» AJ ham birja kotirovkalaridan chiqib ketmoqchi.

Aksionerlik jamiyatlari nega RFB kotirovkalaridan chiqib ketmoqchi?

Ta'kidlanishicha, bunga asosiy sabab yangi qonunga muvofiq RFB kotirovkasiga a'zo bo‘lgan aksionerlik jamiyatlarining o‘z nazorat kengashi tarkibida kamida bir nafar «mustaqil a'zo»ning bo‘lishi shartligidir. AJlari esa nazorat kengashlarida jamiyatga aloqasi bo‘lmagan «mustaqil a'zo»ning bo‘lishini istashmayapti va birjani tark etmoqda.

O‘z-o‘zidan ma'lumki, birja kotirovkasiga a'zo bo‘lmagan AJlar bu qonunga amal qilishi shart emas.

Kimlar «mustaqil a'zo» bo‘lishi mumkin?

«Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunida kimlar «mustaqil a'zo» bo‘la olishi belgilab berilgan.

Shunga qaramasdan, yig‘ilish ishtirokchilarida qonunning ayrim bandlari bo‘yicha savollar vujudga keldi. Masalan, «Qo‘qonspirt» AJ vakili Muratovning «76-moddaning so‘nggi «davlat boshqaruvi organining yoki davlat korxonasining xodimi bo‘lmagan shaxs» mustaqil a'zo bo‘la oladi deyilgan. Bizning «mustaqil a'zo»miz esa davlat korxonasida ishlasa ham budjyetdan oylik olmaydi. O‘zini o‘zi qoplaydigan korxona vakili. Bu holatda qanday yo‘l tutishimiz kerak?» qabilidagi savoliga Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Atabek Nazirov masalani chuqurroq o‘rganib keyin javob berishini aytdi.

Qonunchilikka muvofiq, quyidagi shaxs kuzatuv kengashining mustaqil a'zosi deb e'tirof etiladi:

— so‘nggi uch yil mobaynida jamiyatda va (yoki) uning affillangan shaxslarida ishlamagan shaxs;

— jamiyatning aksiyadori va (yoki) uning affillangan shaxsining ta'sischisi (aksiyadori, ishtirokchisi) bo‘lmagan shaxs;

— jamiyatning va (yoki) uning affillangan shaxsining yirik mijozi va (yoki) yirik yetkazib beruvchisi bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarda bo‘lmagan shaxs. Bunda qaysi mijoz va yetkazib beruvchi bilan eng kam ish haqining ikki ming baravaridan ko‘p bo‘lgan summaga teng amaldagi shartnoma mavjud bo‘lsa, o‘shalar yirik mijoz va yirik yetkazib beruvchi deb e'tirof etiladi;

— jamiyat va (yoki) uning affillangan shaxslari bilan biror-bir kelishuvga ega bo‘lmagan shaxs, bundan kuzatuv kengashi a'zosining vazifalari va funksiyalari bajarilishini ta'minlash bilan bog‘liq bo‘lgan hollar mustasno;

— jamiyatning boshqaruv va ichki nazorat organlarining va (yoki) uning affillangan shaxslarining a'zosi bo‘lgan shaxsning yoki so‘nggi uch yil ichida ularga a'zo bo‘lgan shaxsning eri (xotini), ota-onasi (farzandlikka oluvchisi), farzandi (farzandlikka olingan bolasi), tug‘ishgan va o‘gay akasi (ukasi) hamda opasi (singlisi) bo‘lmagan shaxs;

— davlat boshqaruvi organining yoki davlat korxonasining xodimi bo‘lmagan shaxs.

Ma'lumot uchun, aksiyalari fond birjasining birja kotirovkasi varag‘iga kiritilgan jamiyat kuzatuv kengashi tarkibiga kamida bir nafar mustaqil a'zo kiritilishi kerak. Ushbu a'zo har yili qayta saylanishi mumkin. 

Bunda davlat va (yoki) xo‘jalik birlashmasining ulushi ustun bo‘lgan jamiyatlarda nomzod ko‘rsatish hamda kuzatuv kengashining mustaqil a'zosi bo‘yicha ovoz berish davlat va (yoki) xo‘jalik birlashmasining vakillari tomonidan amalga oshiriladi.

Mavzuga oid