Jamiyat | 20:42 / 22.11.2017
29841
6 daqiqa o‘qiladi

“Rossiyada migrantlarga eng katta muammolar tug‘diradigan tomon bu – davlat” 

Foto: KUN.UZ

“TONG JAHONI” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti Rossiyada 12 yildirki migrantlarga turli holatlarda bepul yordam berib kelmoqda. Migrantlar uchun ko‘rsatilayotgan barcha xizmatlar bepul. Yaqinda tashkilot rahbari Valentina Chupik Moskva viloyatining Ramenskoye tumani Ostrovsi qishlog‘ida joylashgan Akmal Umarov direktori bo‘lgan "Fabrika FReSh" MChJda migrantlar uchun navbatdagi seminarni o‘tkazdi. Bu safarda Chupikka KUN.UZ jurnalistlari ham hamrohlik qildi.

“Men migrantlar uchun bepul yuristman. Bu bilan 21 yildan beri shug‘ullanib kelmoqdaman. So‘nggi 11 yil esa Rossiyada. Buni qalbimdan kelib chiqib qilaman, migrantlarga rahmim keladi. O‘zim ham migrantman va Rossiya fuqaroligini olishni xohlamayman. Bu migrantlar bilan to‘la aloqani yo‘qotmasligim uchun kerak”, - deydi Chupik.

Uning aytishicha, o‘tgan yil davomida 15 ming 887 murojaat kelib tushgan. Bu yili esa ularning soni yana ham o‘sishi kutilmoqda. Ma'lum qilinishicha, murojaatlarning aksariyat qismi migrantlarning politsiya tomonidan noqonuniy qo‘lga olinishi bilan bog‘liq. Bu murojaatlarning 60 foiziga tengligi aytildi.

“Umuman olganda, Rossiyada migrantlar bilan “mojaroga” boruvchi tomon bu Rossiya davlatidir. Murojaatlarning 75 foizidan ortig‘i RF davlat organlari xodimlari tomonidan migrantlarga nisbatan noqonuniy harakatlar bilan bog‘liq. 

Ikkinchi o‘rinda davlatdan noqonuniy tarzda chiqarib yuborish. Statistikaga ko‘ra, har bir migrant sudga tushib o‘rtacha 15 ta huquqbuzarlik qurboniga aylanadi. Politsiyada esa bu 4 ta huquqbuzarlikni tashkil etadi. Demak, Rossiya Federatsiyasida asosiy huquqbuzarlar bu sudyalar. 

Migrantlar kelib chiqishiga qarab qo‘lga olinadi, ularga tarjimon, yuridik yordam taqdim etilmaydi, konsullik xabardor qilinmaydi. Ulardan ko‘p holatlarda pul talab qilishadi va bu qo‘lga olishlarning maqsadi qonuniylikni ta'minlash emas, balki aynan uning buzilishidir. Sababi nolegal migrant odatda darhol pora beradi. Legal faoliyat olib boruvchi migrant esa buni qilmaydi, u o‘zini himoya qiladi, hujjatlarini tekshirib ko‘rishni talab qiladi. Natijada u uzr so‘rab qo‘yib yuborilishning o‘rniga, afsuski ko‘p holatlarda sudga yetkaziladi. U yerda ham tarjimon taqdim etilmaydi, guvohning ishtirokiga ruxsat berilmaydi, hujjatlari o‘rganib chiqilmaydi. Bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha protsessual huquqlarning barchasi buziladi. Ya'ni, jarayon audioga yozib olinmaydi, konsullik ishtirok etmaydi. Bu jarayonlar yoki nomiga o‘tkaziladi, yoki eshituvlar umuman bo‘lmaydi. Sudya kelib, politsiyachidan ro‘yxatni oladi va ketadi. Keyinchalik uning yordamchisi qaytib, politsiyachiga mamlakatdan chiqarib yuborish haqidagi qarorlar to‘plamini beradi va shu bilan jarayon tugaydi. Biz esa sudda 85 foizdan ortiq ishlarni yutib olamiz. Bu biz shunday kuchli ekanimizdan emas, balki sudyalarning xatti-harakatidan dalolat beradi. 

Uchinchi muammo esa hujjatlarni rasmiylashtirishda rad javobini berish. Masalan, o‘tgan hafta bizga bir yigit keldi. U Rossiyaga sentabr oyida kirgan, garchi Tojikiston fuqarosi bo‘lsa ham (ularda 15 kunlik ruxsat bor) oradan 4 kun o‘tib, patentni rasmiylashtirishga hujjatlarini taqdim etgan. Aynan o‘sha yerda migratsion hisobga olishdan ham o‘tgan. 23 oktabr kuni esa unga SMS kelgan. Yigit Saxarovodagi migratsiya boshqarmasiga borgan, u yerda esa unga patentni taqdim etishda rad javobi berilgan. Bunga u yolg‘on migratsion hisobga olishni taqdim etgani sabab sifatida keltirilgan. Ya'ni, uni ma'lumotlar bazasiga kiritishmagan ham.

To‘rtinchi muammo – migrantlarga ish haqini to‘lamaslik. Afsuski, juda ko‘plab migrantlar ishlagan ekanliklarini isbotlab berisholmaydi, sababi buni hujjatlashtirmaydilar. Agarda kishida mehnat shartnomasi bo‘lmasada, ammo ish joyiga o‘tkazish uchun masalan oddiy hujjati, ism-familiyasi qayd qilingan istalgan qandaydir hujjat bo‘lsa ham, pulni olish osonlashadi. Aks holda nimanidir isbotlab bo‘lmaydi. Shunga o‘xshash yana bir qancha muammolar bor”, - deya aytib o‘tdi Valentina Chupik.

Valentina Chupik o‘tkazgan seminarda yurdoshlarimizga chegaralarni qanday qilib xavfsiz kesib o‘tish; soxta hujjatlarni sotib olmaslik uchun ularni qanday rasmiylashtirish; aldamasliklari va chiqarib yubormasliklari uchun ijaraga turar-joy olishda qanday yo‘l tutish; qonuniy mehnat qilish uchun qanday ishga joylashish; oylik-maoshdan qarzlarni qanday undirish; pora bermaslik uchun politsiya bilan qanday muomalada bo‘lish; uy va ishxonani tekshirishda deportatsiya qilmasliklari uchun o‘zini qanday tutish va boshqalar haqida batafsil ma'lumot berildi.

+7 926 834 7602, +7 903 148 9636 – rus va ingliz tillarida;

+7 903 169 9161, +7 903 169 2920 – rus va tojik tillarida;

+7 903 799 0291 – rus va o‘zbek tillarida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Qabul dushanbadan jumagacha 12:00 dan 20:00 gacha  Moskva shahri, Kazakova ko‘chasi, 8-uy, 2-bino, 5-qavat, 8-kabinetda amalga oshiriladi

Mavzuga oid