21:17 / 24.05.2019
28892

Kundalik.uz: maktablarda jurnal va kundaliklar elektron shaklga o‘tkaziladi

Foto: «bnews.kz»

Ta'lim tizimiga aloqador odam borki, «sohadagi muammolar nimadan iborat?» deb so‘rasangiz, «pedagoglarning ortiqcha qog‘ozbozlik bilan bandligi» , degan javobni olasiz. Umumta'lim maktablarida joriy etilishi boshlangan Kundalik.uz portali aynan shu muammoni bartaraf etish va boshqa qo‘shimcha imkoniyatlar orqali ta'lim sifatini yaxshilashni maqsad qiladi. Portalning imkoniyatlari haqida Xalq ta'limi tizimida axborot texnologiyalarini rivojlantirish markazi matbuot xizmati batafsil ma'lumot berdi.

Portal qay tarzda ishlaydi?

Facebook ijtimoiy tarmog‘idan foydalanmaganlar kam topilsa kerak. Unda kishilar axborot almashishlari, turli guruhlarda muayyan mavzu bo‘yicha muloqot qilishlari, foto, video kabi materiallar bazasidan foydalanishlari mumkin. Taqdim etadigan qulayliklariga ko‘ra portal ijtimoiy tarmoqni eslatadi. Unda o‘qituvchilar, o‘quvchilar, o‘quvchilarning ota-onalari va ta'lim tizimidagi ma'muriy organlar vakillari o‘z profillarini yaratishlari mumkin. Va portalda ularning har biri uchun qulayliklar mavjud. Xususan:

O‘qituvchilar jurnal, dars jadvali, o‘quv rejasidan elektron tarzda foydalanishi, virtual konferensiyani amalga oshirib, e'lonlarni ham qulay tartibda berib borishi mumkin.

Pedagoglar o‘z o‘quvchilari va ularning ota-onalari bilan operativ muloqotni yo‘lga qo‘ya olishadi, boshqa hududdagi o‘qituvchilar bilan tajriba va materiallar almashishlari qulaylashadi.

O‘quvchilar uy vazifalari, dars jadvali, baholari haqida doimiy ravishda ma'lumot olib borishlari mumkin bo‘ladi, kundalik elektron shaklda yuritiladi. Onlayn test va masofaviy ta'limdan foydalanish imkoniyati mavjud.

Ota-onalar esa farzandining davomati va o‘zlashtirishidan doimiy boxabar bo‘lib boradi. Maktab rahbariyati va o‘qituvchilar bilan masofaviy tarzda muloqot qila olishlari osonlashadi. Farzandining ta'lim olish jarayoni bilan bog‘liq voqealar, uning qayd etayotgan ko‘rsatkichlari haqida ma'lumot olib boradi.

Ta'lim sohasidagi ma'muriy idoralar ham chetda qolishmaydi. Ular ta'lim jarayonini monitoring qilish, hisobotlar va hujjatlarni yagona bazadan qiyinchiliksiz qabul qilish, statistik tadqiqotlar olib borishlari mumkin bo‘ladi.

Portal ta'lim tizimida nimalarni o‘zgartiradi?

Bir-birini takrorlovchi hujjatlarni to‘ldirish mashaqqati yo‘qoladi, sinf jurnallari, qaydnomalar, o‘quvchilar kundaliklarining barchasi elektron ko‘rinishga o‘tadi. Pedagog, o‘quvchi va ota-ona o‘rtasida interaktiv muloqot uchun maydon hosil bo‘ladi. Videodarslar, elektron kitoblar, dars jarayoni uchun kerakli qo‘shimcha adabiyotlarning to‘liq va yagona bazasi paydo bo‘ladi. Mobil qurilma va kompyuter yordamida internet orqali istalgan vaqt va joyda bemalol foydalanish mumkin.

Kundalik.uz Rossiyaning Dnevnik.ru portali muqobili sifatida yaratilgan. Rossiyada xuddi shu tizimning joriy etilishi natijasida pedagog kadrlarning vaqti iqtisod qilinishi bilan birga anchagina mablag‘ va qog‘ozning ham tejalishi isbotlangan. Xususan, an'anaviy ko‘rinishdagi jurnal va kundaliklar o‘rniga elektron shaklga o‘tish natijasida 377,396 tonna qog‘oz, 129,9 mlrd rubl mablag‘ tejalgan.

Birgina hujjatlarni to‘ldirishning elektron shaklga o‘tkazilishi pedagog ish soatining 30 foizini tejashi kutilmoqda. Bu, albatta, sifatni yaxshilashga, o‘qituvchining ko‘proq o‘z ustida ishlashiga sabab bo‘ladi.

Qachon ishga tushadi?

Kundalik.uz davlat budjetidan moliyalashtirilmaydi, balki majburiy bo‘lmagan qo‘shimcha tijoriy xizmatlar va reklama hisobiga o‘zini o‘zi qoplaydi.

Joriy yilning 1 aprel sanasidan boshlab mazkur portaldan foydalanish poytaxtdagi 53ta maktabda sinov tarzida yo‘lga qo‘yildi. Yangi 2019 ─ 2020 o‘quv yilidan boshlab tizim butun respublika bo‘ylab ishlay boshlashi kutilmoqda. Joriy o‘quv yilining yakuniga qadar ta'lim ma'muriyati vakillari profillarini 100 foiz, o‘qituvchilar profillarini 90 foiz, ota-onalar profillarini 30 foiz, o‘quvchilarnikini 90 foiz yaratish belgilangan.

Mazkur milliy ta'lim platformasi raqamli ta'lim shakliga o‘tish sari muhim amaliy qadam bo‘lishi kutilmoqda.

Saodat Abdurahmonova tayyorladi

Top