O‘zbekiston | 15:30 / 28.03.2022
8287
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston chorvachilik tarmog‘iga Yevropa Ittifoqi grant mablag‘i ajratadi

Bu haqda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov va Fransiya taraqqiyot agentligining G‘arbiy Bolqon mamlakatlari, Yaqin Sharq va Osiyo departamenti direktori Filip Orleanj o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida ma’lum qilindi.

Foto: Veterinariya qo‘mitasi

Mamlakatimizda birinchi marta bo‘lib o‘tayotgan «Toshkent xalqaro investitsiya forumi» doirasidagi uchrashuv davomida Fransiya taraqqiyot agentligi tomonidan mamlakatimiz chorvachilik tarmog‘ida maslahat markazlarini tashkil qilish, ekspertlarni saralab olish, ularni sertifikatlash va rag‘batlantirish tizimini ishlab chiqish, loyiha tashabbuskorlari uchun maslahat markazlari orqali menejment va biznesni rivojlantirish bo‘yicha texnik ko‘mak tizimini tashkil etish muhokama qilindi.

Shuningdek, agentlik ishtirokidagi loyihada ishtirok etuvchi tijorat banklarining chorvachilik sohasida xizmat ko‘rsatish salohiyatini oshirish uchun texnik yordam ko‘rsatilishi belgilab olindi.

Bunda xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda bank xodimlarini chorvachilikning muhim texnik masalalari bo‘yicha o‘qitish, qo‘shilgan qiymat zanjirini baholash tizimini ishlab chiqish hamda ushbu tizimni tijorat banklarida joriy etish, “yashil investitsiyalar” tamoyili asosida subloyihalar ishlab chiqish va rivojlangan mamlakatlarda malaka oshirish kurslarini tashkil etishga kelishildi. 

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid