Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Yetarli ball to‘plasak ham nega talaba bo‘lmadik?» - DTMning tushunarsiz qarori haqida
Test natijalari e'lon qilingandan keyin, tahririyatimizga abituriyentlar nomidan ko‘plab savollar kelib tushmoqda. Shunday savollarning aksariyat qismini tahlil qilganimizda, bir necha abituriyent yetarli ball to‘plasa ham talabalikka tavsiya etilmaganidan hayronligi aks etgan murojaatlarga guvoh bo‘ldik.
Nega talaba bo‘lishmadi?
Joriy yilning 5 may kuni «2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga qabul to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasining tibbiyot oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga davlat grantlari asosida maqsadli qabul e'lon qilingan edi. Keyinchalik bunday maqsadli kvota respublikamizdagi qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlariga ham ajratildi.
Maqsadli qabul kvotasida viloyatlar kesimida davlat granti uchun joy ajratildi hamda o‘sha viloyatda doimiy yashaydigan va o‘sha viloyatda o‘rta maxsus ta'limni olgan abituriyentlar hujjat topshira olishi belgilandi.
Bizga kelgan ma'lumotlarga ko‘ra, test javoblari chiqqanda maqsadli qabul doirasida hozircha tushunarsiz bo‘lgan ayrim qarorlar e'lon qilingan.
Masalan, Toshkent tibbiyot akademiyasining Oliy hamshiralik ishi yo‘nalishining rus guruhiga Namangan viloyati hududi bo‘yicha 2ta maqsadli o‘rin ajratilgan bo‘lib, unga 2 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Demak, ularning boshqa raqobatchisi bo‘lmagan.
Biroq test natijalari e'lon qilinganda, bir nafar abituriyent 131,4 ball to‘plagan holda talabalikka tavsiya etilgan, ikkinchi abituriyent esa 73,3 ball to‘plagan holda talabalikka tavsiya etilmagan.

Shuningdek, Samarqand qishloq xo‘jalik institutining Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash va dastlabki ishlash texnologiyasi yo‘nalishida Xorazm viloyati uchun 2ta maqsadli kvota ajratilgan bo‘lib, unga 5 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Biroq yakunda besh abituriyent ham talabalikka tavsiya etilmagan. Ularning 4 nafari 68 balldan past ball to‘plagan bo‘lsa, bir nafar abituriyent 72,9 ball to‘plagan. Garchi 68 balldan yuqori to‘plagan bo‘lishiga qaramasdan, u ham chiziqdan pastda turibdi.
Bunday holat yana xuddi shu Samarqand qishloq xo‘jalik institutining Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish yo‘nalishida ham kuzatilgan. Mazkur yo‘nalishda Jizzax viloyati uchun 5ta maqsadli kvota ajratilgan bo‘lib, unga 13 nafar abituriyent hujjat topshirgan edi. Yakunda Jizzax viloyatidan 4 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilgan, 74,2 ball to‘plab 5-o‘rinda qayd etilgan abituriyent esa nima uchundir chiziqdan pastda qolib ketgan. Bunday misollarni yana davom ettirish mumkin.
Nega bunday bo‘lishi mumkin?
10 avgust kuni saytimizda OTMlarga hujjat topshirgan 64 nafar abituriyentning raqobatchisi yo‘qligi va ular Davlat test markazi vakili bergan ma'lumotga ko‘ra, 68 balldan (maksimal ballning 30 foizi) ko‘p to‘plasa, davlat granti asosida qabul qilinishi haqida ma'lumot berilgan edi. Bunday qoida birorta rahbariy Nizomlarda belgilanmagan, lekin har yili o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining bayonnomasi bilan shunday minimum chiziq tasdiqlanishi qayd etilgandi.
Biroq Davlat test markazi vakili o‘shanda katta ehtimol bilan to‘lov-kontrakt uchun o‘rnatilgan minimum talab haqida ma'lumot bergan. Biz yuqorida tilga olgan holatlarda esa abituriyentlar davlat granti doirasidagi o‘ringa da'vogar edi. Bundan xulosa qilish mumkinki, Davlat komissiyasi abituriyentlarni davlat granti uchun qabul qilishda boshqacharoq minimum o‘rnatgan bo‘lishi mumkin.
Bizning taxminimiz esa, bunday minimum – 75 ball (33 foiz) bo‘lsa kerak. Sababi yuqoridagi 3 holatda ham abituriyentlar 68 balldan yuqori, lekin 75 balldan past to‘plashgan (74,2 - 73,3 - 72,9).
Vaziyatni o‘rganish davomida o‘tgan yilgi barcha o‘tish ballarini tahlil qilib chiqdik. Ma'lum bo‘lishicha, 2016 yili o‘tkazilgan test natijasiga ko‘ra, davlat granti uchun eng past o‘tish ko‘rsatkichi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining Foydali qazilma konlari geologiyasi, qidiruv va razvedkasi (kon turlari bo‘yicha) yo‘nalishida qayd etilgan. Unda 75,7 ball to‘plagan abituriyent davlat granti asosida talabalikka qabul qilingan.
Bundan birlamchi xulosaga kelish mumkinki, 75 balldan kam to‘plagan abituriyentlar davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilmaydi.
Ayrim savollarga kim javob beradi?
Mazkur holatni tahlil qila turib, bizda ayrim savollar tug‘ildi va bunga tegishli javob olinsa, masalani oydinlashtirishga yordam bergan bo‘lar edi.
Birinchidan, Davlat komissiyasining bayoni bilan belgilanadigan bunday minimum talablar nima uchun oldindan ochiq va shaffof tarzda e'lon qilinmaydi? Axir abituriyentlarga bu haqida tushuntirish berish, ularni oldindan ogohlantirish to‘g‘ri emasmi? Abituriyentlar kamida necha ball olsa, talabalikka qabul qilinishini bilsa, shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rar ediku? Afsuski Davlat test markazi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining saytlarida bu borada bironta ma'lumot topa olmadik.
Ikkinchidan, nima uchun bunday minimum chiziq rahbariy nizomlarda, masalan, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan OTMlarga o‘qishga qabul qilishni tartibga soluvchi Nizomida aks etmagan. Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, bunday minimum talab test natijalari chiqqandan keyin qabul qilinadigan Davlat komissiyasi bayoni bilan belgilanadi. Bunday holatda abituriyentlarning taqdiriga bevosita aloqador bo‘lgan muhim qoida Vazirlar Mahkamasining nizomida aks etishi to‘g‘ri bo‘lmaydimi? Hozir abituriyentlar orasida haqli savol tug‘ilyapti, nima uchun Nizomda minimum ball haqida, qaysidir abituriyent nechadir balldan kam to‘plasa, o‘qishga qabul qilinmasligi haqida hech qanday qoida yo‘q bo‘lsa-da, biz talaba bo‘la olmadik?
Uchinchidan, Davlat komissiyasining bayoni qay darajada yuridik kuchga ega? U normativ-huquqiy hujjat hisoblanmaydi, Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi, rasman e'lon qilinmaydi.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunining 28-moddasiga binoan, normativ-huquqiy hujjat bayon tarzida rasmiy e'lon qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bundan tashqari, normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy nashrlarda e'lon qilingandan keyingina kuchga kiradi.
Tanganing boshqa tomoni ham bor
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 maydagi «2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida»gi qarorining 4-bandiga binoan, Davlat komissiyasiga quyidagi huquqlar berilganini ko‘rishimiz mumkin:
- bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish chog‘ida abituriyentlar to‘plagan ballarning reyting bahosini hisobga olgan holda oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasi qabul parametrlariga o‘zgartirishlar kiritish;
- yangi yo‘nalishlar va mutaxassisliklarni kiritish uchun bakalavriat va magistraturaning qabul kvotalariga o‘zgartirishlar kiritish;
- iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan respublikaning olis va borish qiyin bo‘lgan hududlari uchun mutaxassislarga bo‘lgan o‘rinli ehtiyojlarni qondirish maqsadida oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar bo‘yicha maqsadli qabul ko‘rsatkichlarini belgilash.
Ko‘rib turganingizdek, Davlat komissiyasiga Prezident qarori asosida abituriyentlar to‘plagan ballarning reyting bahosini hisobga olgan holda oliy ta'lim muassasalarining qabul parametrlariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilgan. Aynan ushbu qoida sababli Davlat komissiyasining bayoniga qonuniy tus berilishi mumkin. Chunki biz ko‘tarib chiqayotgan vaziyatda Davlat komissiyasi bayoni bilan qabul parametrlariga o‘zgartirish kiritilgan, ya'ni kamaytirilgan.
Shunday bo‘lsada, mazkur band yuqorida berilgan uchta savolga to‘laqonli javob bo‘la olmaydi.
KUN.UZ tahririyati taklifi
Xorijiy tajribadan kelib chiqsak, ayrim davlatlarda, xususan, Yaponiyada imtihonlarda talabalarning soniga emas, sifatiga cheklov belgilash amaliyoti mavjud. Ya'ni ular turli darajadagi imtihonlarda qabul kvotasi belgilamaydi, aksincha talabalarning bilimiga minimum cheklov qo‘yadi. Masalan, qaysidir imtihonda umumiy ballning kamida 60% ini to‘plash vazifasi belgilanadi. Ushbu minimum cheklovdan 100 kishi o‘tsa, 100 kishini o‘qitadi, ushbu cheklovdan 1 kishi o‘tsa, 1 kishini.
Aslida, bizda ham ayrim ta'lim sohalarida sekin-astalik bilan songa emas, sifatga chegara belgilash tizimiga o‘tish vaqti kelmadimikin?
Yuqorida bayon etilgan masala yuzasidan umumiy xulosa shundaki, byudjyetga hech bo‘lmasa umumiy ballning 33%ini to‘play olgan abituriyentlarni qabul qilish noto‘g‘ri qaror emas, aksincha bunday minimum ballni ancha ko‘tarish ham kerakdir. Xalqning puli haqiqatda bilimli yoshlarga sarflanishining tarafdorimiz.
Biroq shunday bo‘lsada, ushbu qoidani to‘laqonli huquqiy ko‘rinishga keltirishni taklif etamiz. Ya'ni Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Nizomga minimum cheklov haqida qat'iy qoida kiritish va buni hammaga ommaviy e'lon qilish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Sh.Shokirjonov tayyorladi.
Mavzuga oid
14:33 / 21.07.2025
Test natijasi qachon chiqadi? Uni qanday, qayerdan bilish mumkin?
23:48 / 15.07.2025
14 iyulda o‘tgan test sinovi natijalari e’lon qilindi
15:10 / 07.12.2023
Avval test ishlab, keyin qayerda o‘qish tanlanadi – 2024 yildan abituriyentlar qabuli o‘zgaradi
15:07 / 03.11.2023