Karib inqirozi. 60 yil oldin dunyo qanday qilib yadro urushi yoqasiga kelib qolgandi?
XX asrning 60-yillari tarixga SSSR va AQSh munosabatlari nihoyatda keskinlashgan davr bo‘lib kirdi. Xususan, 1962 yildagi Karib inqirozi bu ziddiyatli aloqalarning eng yuqori nuqtasi sifatida namoyon bo‘ldi. Qurollanish poygasining avj olishi dunyoni yadroviy urush yoqasiga olib kelgandi.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng xalqaro munosabatlar tizimida ulkan o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Davlatlar o‘zlarining jahon hamjamiyatidagi mavqeyini mustahkamlash uchun qurollanish poygasiga zo‘r berdi. Bu esa ikki qutbli xalqaro munosabatlar tizimi shakllanishiga va bir-biriga qarshi bo‘lgan ikki ittifoqning yuzaga kelishiga olib keldi.
Urush yakunida AQSh tomonidan ilk atom bombasi sinovdan o‘tkazildi. Bu esa o‘z navbatida SSSRning ham o‘z yadroviy quroliga ega bo‘lish uchun zo‘r berib harakat qilishiga turtki berdi. Xususan, bir necha yillik urinishlardan so‘ng sovetlar 1949 yilda uni sinovdan o‘tkazdi. Shunga qaramasdan davlatlar shu bilangina cheklanib qolishmadi. Ular doimo o‘zlarining harbiy potensiallarini takomillashtirishga harakat qilishdi. 1952 yilda AQShda vodorod bombasi yaratildi. Keyinroq SSSR ham bu qurolga ega bo‘ldi. Endilikda qurollanishning har bir sohasida raqobat boshlandi.
Shu tarzda atom bombalarini uzoq masofaga tashiydigan samolyotlar, qit’alararo ballistik raketalar, atom suvosti kemalari va insoniyatni bir necha marta yo‘q qilib yuborishi mumkin bo‘lgan ommaviy qirg‘in qurollari zaxirasi yaratildi.
Sovuq urush insoniyat tarixidagi eng tahlikali tinchlik davri bo‘ldi. Doimiy qurollanish ulkan sarf-xarajatlarni talab etardi. Yadroviy qurol davlatlar uchun harbiy qudratini oshirib, o‘z o‘rnini mustahkamlashi bilan birga, bir-biri bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri qurolli to‘qnashuvlardan saqlab turuvchi faktor vazifasini ham o‘tagan. Umuman olganda, SSSR va AQSh o‘rtasidagi qarama-qarshilik har bir sohada namoyon bo‘ladi. Ularning siyosiy va boshqaruv tizimi shuningdek mafkuralari ham bir-biridan tubdan farq qilib, o‘rtadagi ziddiyatga sabab bo‘luvchi omillardan biri edi.
AQSh ham, SSSR ham dunyoning turli qismlarida har tomonlama o‘z ta’sir doirasini kengaytirish uchun harakat qilardi. Bu maqsadda SSSR sotsialistik inqiloblarni, AQSh esa demokratiya o‘rnatilishi yo‘lidagi inqiloblarni qo‘llab-quvvatlardi. Ikki qudratli davlat o‘rtasida munosabatlar keskinlashuvi fonida dunyoda ikki siyosiy blok paydo bo‘ldi. Shu tariqa, qariyb yarim asr davomida kommunizm va kapitalistik dunyo o‘rtasidagi ziddiyatlar xalqaro munosabatlar tizimida xal qiluvchi o‘rinni egalladi. Ikki o‘rtadagi munosabatlarning nihoyatda keskinlashuvi va dunyoni yadro urushi yoqasiga olib kelgan voqealardan biri tarixga “Karib inqirozi” nomi bilan kirgan.
AQSh – Kuba munosabatlari keskinlashuvi
Kuba Karib dengizi havzasidagi orol davlat hisoblanib, geografik jihatdan AQShga juda yaqin joylashgan.
Mamlakat asosan turizm va shakar eksportidan foyda ko‘rardi. Fidel Kastro hokimiyatga kelgunga qadar Kuba va AQSh o‘rtasida yaxshi aloqalar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Kuba iqtisodiga AQSh katta miqdorda investitsiyalar yo‘naltirgan va bu yaxshigina daromad olib kelgan.
Kubada 1959 yilda amerikaparast Batista hukumati ag‘darildi va Fidel Kastro boshliq kuchlar hokimiyatni qo‘lga oladi. U hukumatga kelgach, AQShga birinchi chet el safarini uyushtiradi. Lekin prezident Duayt Eyzenxaur bandligini ro‘kach qilib, uchrashuvni rad etadi. Bundan ranjigan Kastro mamlakatdagi AQSh kapitali asosida faoliyat yuritadigan sektorlarga bosim uyushtirib, ular faoliyatiga barham berishga kirishadi. Oqibatda AQSh va Kuba munosabatlariga putur yetadi. Kuba iqtisodining katta qismi AQShga bog‘liq bo‘lgani sababli, Qo‘shma Shtatlar bundan ustalik bilan foydalanishga harakat qilib, Kubaga nisbatan iqtisodiy qamal e’lon qiladi. Mamlakat iqtisodi katta xavf ostida qoladi.
1960 yil boshlarida AQSh hukumati Kubaning shakarqamish plantatsiyalarida ish tashlash bilan siyosiy norozilikni boshlash va muxolifatchilarni dastaklash orqali Kastroga bosim o‘tkazish rejasini ishlab chiqadi va bosimni kuchaytiradi.
SSSR-Kuba munosabatlarining yaqinlashuvi
Yuqoridagi omillar Kubani SSSR tomon yaqinlashish siyosatini amalga oshirishga undaydi. Fidel Kastro Kubada sotsializm qurilishini e’lon qildi. SSSR rahbariyati Kuba inqilobini sotsializmning butun dunyo bo‘ylab tarqalishi, deya baholaydi va Kubani qo‘llab-quvvatlay boshlaydi.
Sobiq ittifoq Kubaga arzon narxlarda neft mahsulotlari yetkazib berish va undan qimmat narxlarda shakar import qilishni o‘z zimmasiga oladi. Kuba iqtisodi Sovet ittifoqining “beminnat” yordami hisobidan qayta tiklana boshlaydi.
Tabiiyki, AQSh shundaygina biqinida sotsialistik davlatning vujudga kelishiga toqat qilolmasdi. Xususan, Eyzenxauer tomonidan Kuba davlatiga nisbatan bir necha marta hokimiyatni ag‘darish uchun sun’iy inqiloblarni tashkillashtirishga urinishlar bo‘ladi. Lekin barcha harakatlar samarasiz yakun topadi. Bunday omillar shundoq ham yomon tus olayotgan ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar batamom murakkablashuviga olib keldi.
O‘z davlat suverenitetini mustahkamlash maqsadida Kastro Sovet hukumatidan bir necha marta harbiy texnika va mutaxassislar bo‘yicha yordam berishini so‘rab murojaat qiladi. Biroq dastlabki paytlarda SSSR tomonidan bu murojaatga nisbatan yordam ko‘rsatilmaydi. 1961 yilga kelib dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar sovet hukumatini Kubaga harbiy qurol-aslahalar va hatto yadroviy raketalar joylashtirishga unday boshlaydi.
Kuba inqirozining boshlanishi
1961 yil AQSh Turkiya hududiga o‘zining 15 ta o‘rta masofaga ucha oladigan raketalarini joylashtiradi. PGM-19 “Yupiter deb nomlanuvchi raketalar 2400 km radius bo‘ylab harakatlanib, Moskva va boshqa SSSRning Yevropa qismida joylashgan sanoat markazlariga zarba berish qudratiga ega edi. AQSh raketalarining bunday pozitsiyada o‘rnatilgani SSSR uchun nihoyatda katta xavf tug‘dirardi.
Endilikda sovet hukumati imkoniyatlarini tenglashtirish, qolaversa AQSh raketalarga javob tariqasida Kuba hududiga o‘z raketalarini joylashtirishga qaror qiladi. Kuba geosiyosiy joylashuvi jihatdan AQShga juda yaqin, Qo‘shma Shtatlar chegaralaridan qariyb 145 km uzoqlikda joylashgan, shuningdek, SSSR bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘ygan sotsialistik davlat edi. Shu jihatdan, sobiq ittifoq hukumati ushbu mamlakatga raketalarni joylashtirish orqali qandaydir yadroviy paritetga erishish mumkinligini tushunardi.
SSSR Kuba hududiga ikki turdagi o‘rtacha 2000 km uzoqlikdagi masofaga uchuvchi P-12 va 4000 km masofagacha uchuvchi P-14 raketalarini joylashtirish haqida o‘ylay boshlaydi. O‘z maqsadini amalga oshirish yo‘lida Kuba bilan yashirin muzokaralar olib boradi. Unga ko‘ra, Kubaga SSSRning harbiy texnikalari, jumladan, raketalar, samolyotlar, vertolyotlar, tanklar va sovet qo‘shinlari olib kirilishiga kelishib olinadi.
“Anadir” operatsiyasi
Kelishuvga erishilgandan so‘ng, sovet raketa va harbiy texnikalarini Kubaga ochiqchasiga olib kirish qiyin edi. Bu ishni amalga oshirish uchun yashirin reja ishlab chiqiladi va bu “Anadir operatsiyasi” nomi bilan tarixga kirgan. Uning doirasida Kubaga 44 ming harbiy xizmatchidan iborat kontingent va 200 taga yaqin yadroviy qurolli raketalar yetkazib berish rejalashtirilgandi.
Bu rejani amalga oshirish xavfli bo‘lgani sababli nihoyatda sirli va ehtiyotkorona ravishda ish olib borish talab etilardi. Shuning uchun operatsiya puxta rejalashtiriladi. Harbiy qurollar kema bortiga issiq kiyimlar deya tavsiflanib joylashtiriladi va yukning qayerga borishi sir tutiladi.
O‘ta maxfiy usulda amalga oshirilgan operatsiyalar bilan, 1962 yil 14 oktyabrgacha Kubaga 40ta raketa va ko‘plab boshqa texnikalar keltiriladi. Shu tariqa, sobiq ittifoq o‘zining uncha katta bo‘lmagan, ammo yuqori darajadagi maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan harbiylaridan iborat qo‘shinni AQShning qoq biqiniga joylashtiradi.
AQSh Kuba ustidan muntazam ravishda razvedka parvozlarini amalga oshiradi va MRB San-Kristobal hududida olingan sovet ballistik raketalari suratlarini qo‘lga kiritdi. 16 oktyabr kuni bu haqda Kennediga xabar berishadi. Shu daqiqadan boshlab Kuba raketa inqirozi boshlanadi. AQSh hukumatidagilar SSSRning ogohlantirishsiz Kubaga o‘rta masofada uchadigan raketalarini joylashtirganidan karaxt holatga tushishadi. Kennedi maxsus inqiroz guruhini chaqiradi, uning a’zolari diplomatiyadan voz kechib, Kubaga to‘liq miqyosda bostirib kirish va sovet raketa pozitsiyalariga zarba berish choralarini taklif qiladi. Dunyo yadroviy urush yoqasiga kelib qolgandi.
Tomonlarning birgina noto‘g‘ri xatti-harakati urush boshlanib ketishiga turtki bo‘lardi. AQSh rahbarlari shundoqqina biqinida qanday xavf joylashganini yaxshi bilishardi. Prezident Kennedi o‘z talablarini e’lon qilib, Kubaga qarshi karantin joriy qiladi. AQShning 180 ta harbiy kemasiga Kubaga yo‘l olgan har qanday samolyot va kemalarni to‘xtatish buyuriladi.
Butun dunyo hamjamiyati e’tibori Kuba raketa inqirozi tomoniga jalb qilindi. AQSh harbiylari tomonidan orolni yo‘q qilish, shuningdek Karib dengizi havzasida joylashgan sovet harbiy qo‘shinlarini tor-mor qilish rejasi ishlab chiqila boshlanadi.
AQSh o‘z chegaralari yaqinida joylashgan sovet qo‘shinlariga nisbatan jiddiy e’tiroz bildiradi. Sovet ittifoqi esa Karib dengizi havzasida joylashgan qo‘shini va yadro qurollari avvalo o‘zi uchun yaqin do‘st bo‘lgan Kuba davlati himoyasi uchun olib kirilganini ta’kidlaydi.
1962 yilning 24 oktyabriga kelib sovet ittifoqining murojaati asosida SSSR va AQSh o‘rtasida Kubada yadro qurolini joylashtirish masalasini hal etish bo‘yicha BMT Xavfsizlik kengashi majlisi chaqiriladi. Kubaga qo‘shin kiritish uchun AQSh harbiy havo kuchlari va dengiz qo‘shinlari hujumga shay holatga keltiriladi. Vaziyat misli ko‘rilmagan yomon tus olishi muqarrar bo‘lib turgan vaziyatda tomonlar bir to‘xtamga kelish maqsadida muloqotga kirishadi.
26 oktyabr kuni Xrushchyov Kennediga xat yozadi va unda birinchi marta sovet raketalari joylashtirilganini ochiq tan oladi. Shuningdek, u AQSh Kubaga hujum qilmaslik kafolati va Amerika raketalarini Turkiyadan olib chiqib ketish evaziga qurilmalar demontaj qilinishiga va’da beradi.
Shunday bir sharoitda, 27 oktyabr kuni sovet harbiylari Kuba uzra uchib ketayotgan Amerikaning U-2 razvedka samolyotini urib tushiradi. Vaziyat yanada taranglashadi. Samolyot uchuvchisi halok bo‘ladi. Ushbu voqeadan so‘ng harbiy qo‘mondonlik prezident Kennediga hujumga o‘tish va yoppasiga bombardimon qilish kerakligi to‘g‘risida maslahat beradi. Kastro esa Xrushchyov bilan bog‘lanib, AQShdan oldinroq zarba berishga undaydi. Dunyo yadro urushi yoqasida turar edi.
Karib inqirozining yakuni
Vaziyat nihoyatda keskinlashgan bir paytda Kennedining uzoqni ko‘ra biladigan siyosatchi ekani qo‘l keladi. 27 oktyabrdan 28 oktyabrga o‘tar kechasi AQSh prezidentining ukasi Robert Kennedi sovet elchisi Anatoliy Dobrinin bilan uchrashadi. U AQSh rahbariyati Kubaga hujum qilmaslik kafolatini berishi va sotsialistik respublikadagi dengiz blokadasini bekor qilishga tayyorligini aytadi. Dobrinin kompartiya s’yezdini o‘tkazayotgan Xrushchyov bilan darhol bog‘lanib, vaziyat bo‘yicha xabar yetkazadi. Sovet ittifoqi rahbari ham murosa rejasini darhol ma’qullaydi.
SSSR shartiga ko‘ra, AQSh sovet ittifoqi va Kuba mustaqilligiga xavf tug‘dirmasligi, Turkiyada joylashtirgan “Yupiter” raketalarini olib chiqib ketishi va ushbu tipdagi raketalarning Yaponiya va Italiya hududiga joylashtirilishini to‘xtatishi kerak edi. Shundagina sovet ittifoqi o‘zining Kuba hududidagi barcha raketalarini BMT vasiyligi ostida olib chiqib ketishiga va’da beradi.
Ikki davlat o‘rtasida muzokaralar natijasida yakuniy kelishuvga erishiladi. Sovet ittifoqi harbiy qismlari Kuba hududini tark etishadi. Uch hafta ichida BMT nazorati ostida SSSR Kuba hududidan o‘zining barcha raketalarini olib chiqib ketadi. Bu kelishuv Kuba rahbari Fidel Kastro bilan kelishilmagan holda amalga oshirilgani sababli ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga sovuqchilik tushadi. Bunga javoban AQSh ham Turkiyadan o‘zining barcha “Yupiter” raketalarini olib chiqib ketadi. 20 noyabr kuni Kennedi Kubaning dengiz blokadasi bekor qilinganini e’lon qildi. KPSS Markaziy qo‘mitasining plenumida so‘zga chiqqan Xrushchyov amerikaliklar bilan erishilgan kelishuvlarni Moskvaning g‘alabasi sifatida taqdim etadi.
Karib inqirozidan so‘ng 1963 yil iyun oyida Vashington va Moskva o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa liniyasini o‘rnatish to‘g‘risidagi kelishuv imzolanadi. Shu tarzda Kreml va Oq uy o‘rtasida bevosita shoshilinch aloqa telefoni tashkil etilib, bir-biri bilan fikr almashinish va maslahatlashish yo‘lga qo‘yildi. Umuman olganda, Karib inqirozida ishtirok etuvchi tomonlardan hech biri o‘zlari ko‘zlagan maqsadlariga erisha olmaydi. Tomonlar qaysidir darajada saboq olganliklariga qaramasdan, qurollanish poygasini davom ettirdi.
Doston Ahrorov
Mavzuga oid
17:22 / 17.11.2024
Tramp Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqqanlarni jazolamoqchi – OAV
10:05 / 17.11.2024
Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSh va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?
21:19 / 16.11.2024
Tramp Oq uy tarixidagi eng yosh matbuot kotibini tayinladi
15:52 / 16.11.2024