Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nima uchun kelajagimiz kitob mutolaasiga bog‘liq? - Farzandlarimiz aqlli bo‘lishlari uchun zudlik bilan ko‘riladigan choralar
Yozuvchi Nil Geyman (Neil Gaiman) ning mutolaa tabiati va foydasi haqidagi ajoyib maqolasi e'lon qilindi. Bu shunchaki g‘ira-shira fikr yuritish emas, balki ko‘rinib turgan narsalarning juda tushunarli va izchil isbotiga o‘xshaydi.
Agar sizning matematik do‘stlaringiz bo‘lsa-yu, ular badiiy adabiyotni nega mutolaa qilishingiz haqida so‘rab qolishsa, shu matnni qo‘liga tutqazing. Agar yaqin orada barcha kitoblar elektron bo‘lishi haqida ta'kidlab kelayotgan tanishlaringiz bo‘lsa, ularga ham shuni o‘qiting. Agar siz kutubxonaga borganlaringizni entikib (yoki dahshat bilan) eslasangiz, shu matnni o‘qing. Agar farzand katta qilayotgan bo‘lsangiz bu matnni ular bilan birgalikda o‘qing, bolalaringiz bilan nimani va qanday qilib mutolaa qilish haqida bosh qotirayotgan bo‘lsangiz bu matnni o‘qishingiz shart.
Insonlar kimning tarafida ekanligini bildirish muhim. Bu o‘ziga xos manfaatlar deklaratsiyasidir.
Shunday qilib, men siz bilan mutolaa haqida, shuningdek, badiiy adabiyotni o‘qish va ko‘ngil uchun mutolaa qilish inson hayotidagi eng muhim narsa ekanligi haqida so‘zlashmoqchiman.
Men balkim noxolis tuyularman, chunki o‘zim ham adibman va badiiy asarlar yozib turaman. Men bolalar uchun ham, kattalar uchun ham birdek yozaman. Mana, 20 yildirki men asar yaratib, ularni qog‘ozga bitib, shuning ortidan kun ko‘raman. Shubhasiz, men insonlarning mutolaa qilishi, aynan badiiy adabiyotlarni ko‘proq o‘qishi, kutubxonalar va kutubxonachilarga ish topilishi, o‘qish mumkin bo‘lgan joylar mavjud bo‘lib turishidan manfaatdorman. Xullas, adib sifatida tarafkashdirman. Lekin men o‘quvchi sifatida undan-da ko‘proq ishtiyoqliman.
Kunlarning birida, Nyu-Yorkdaligimda xususiy qamoqxonalar qurish haqidagi suhbatga guvoh bo‘lib qoldim — bu Amerikada shiddat bilan yuksalib borayotgan sanoatdir. Qamoqxona sanoati o‘zining kelgusidagi rivojini o‘ylashi shart: ularga qancha kamera kerak bo‘ladi? 15 yildan so‘ng mahbuslar soni qancha bo‘ladi? Shunda ular oddiy algoritmdan foydalanib buni osongina bashorat qilishlari mumkinligini anglab yetishgan. Ularning algoritmi 10 va 11 yoshli bolalarning necha foizi o‘qishni bilmasligi haqidagi so‘rovlarga asoslangan. Ya'ni, o‘z qoniqishi uchun kitob o‘qiy olmaydiganlarining.
Bunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik yo‘q, bilimli jamiyatda jinoyat bo‘lmaydi, deb ta'kidlab bo‘lmaydi. Lekin omillar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lanish ko‘zga tashlanadi. Bu bog‘lanishlarning eng oddiylari aniq-tiniq ko‘rinib turgan narsalardan kelib chiqadi:
Savodli insonlar badiiy adabiyotni mutolaa qilishadi
Badiiy adabiyotning ikkita maqsadi bor:
- Birinchidan, u mutolaaga bog‘lanib qolish yo‘lini ochadi. Keyin nima bo‘lishi, sahifani tezroq varaqlash istagi, garchi og‘ir bo‘lsa ham davom ettirishga ishtiyoq, chunki asarda kimdir falokatga yo‘liqqan va sen u bilan keyin nima bo‘lganini bilishni istaysan… bu chinakam drayv. Bu yangi so‘zlarni o‘rganish, boshqacha fikrlash va oldingi intilishga majburlaydi. Mutolaaning o‘zi huzurlanish ekaniga guvoh bo‘ladi kishi. Buni bir marta anglagan inson, doimiy mutolaa yo‘liga tushib oladi.
- Savodli bolalarni tarbiyalashning kafolatli va eng oddiy yo‘li ularga o‘qishni o‘rgatish va mutolaa yoqimli mashg‘ulot ekanini ko‘rsatishdir. Eng oddiysi — ularga yoqadigan kitoblarni toping, ularni shu kitoblarga yetkazing, o‘qishga sharoit yaratib bering.
- Toki bolalar uning kitobini axtarib, uni o‘qishni istashsa, bilingki, bolalar uchun mo‘ljallangan yomon mualliflar bo‘lmaydi, chunki bolalar har xil bo‘lishadi. Ular o‘zlariga kerakli hikoyalarni topishadi va uning ichiga sho‘ng‘ishadi. Siyqasi chiqqan va ko‘p takrorlangan g‘oya ular uchun siyqasi chiqmagan yangilik. Chunki bola uni o‘zi uchun birinchi marta ochyapti. Bolalar noto‘g‘ri narsalarni o‘qiyapti, deb hisoblab, ularni o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini o‘ldirmang. Sizga yoqmaydigan adabiyot — sizga yoqadigan adabiyotlar tomon qo‘yilgan qadamdir. Hammaning ham didi sizniki bilan bir xil bo‘lmasligi mumkin.
- Badiiy adabiyot amalga oshiradigan ikkinchi ish — u empatiyani paydo qiladi. Siz teleko‘rsatuv yoki film tomosha qilganingizda, boshqa insonlar bilan sodir bo‘layotgan voqealarni ko‘rasiz. Badiiy asar — harflar va tinish belgilari vositasida bir o‘zingiz, o‘z tasavvuringizdan foydalanib yaratadigan olamingizdir. Siz bu olamni to‘ldirib, chetdan turib o‘zgacha nazar tashlaysiz. Siz o‘zingiz bilmagan narsalarni his qila boshlaysiz, hech qachon xayolingizga kelmagan joylar va olamlarga sayr qilasiz. Tashqi olam ham o‘zingiz ekaningizni anglab yetasiz. Siz boshqa insonga aylanasiz va o‘z real olamingizga qaytganingizda o‘zingizda ham nimadir o‘zgargan bo‘ladi.
Empatiya — shunday qurolki, u insonlarni bir joyga jamlaydi va faqat o‘zigagina mehr qo‘ygan yolg‘iz insondek tutmaslikni o‘rgatadi.
Siz kitoblarda bu dunyoda mavjud bo‘lib turish uchun hayotiy zarur bo‘lgan nimadir topasiz. Shunda: dunyo aynan shunday bo‘lishga majbur emasligi, hamma narsa o‘zgarishi mumkinligi anglab yetiladi.
2007 yilda men Xitoyda bo‘ldim va kompartiya tomonidan ma'qullangan, ilmiy fantastika va fenteziga bag‘ishlangan konventda qatnashdim. Qandaydir bir lahzada men hukumat rasmiy vakilidan so‘radim: Nega bu ishga qo‘l urildi? Axir ilmiy fantastika uzoq vaqt ma'qullanmasdan kelinayotgan edi-ku? Nima o‘zgardi?
“Hammasi oddiy, — dedi u menga. — Agar sxemasi keltirilsa, xitoyliklar ajabtovur narsalar yaratishni uddalasha boshlashdi. Lekin biror narsaning yaxshirog‘ini yaratishmas, yo o‘zlari o‘ylab topishmasdi. Ular ixtiro qilmasdi”. Shunda ular AQShga — Apple, Microsoft, Google kabilarga delegatsiya jo‘natib, kelajakni o‘ylab topgan insonlarga o‘zlari haqida savollar berishgan. Aniqlanishicha, ular bolaligida ilmiy fantastikani ko‘proq o‘qishgan ekan.
Adabiyot sizga o‘zgacha olamni ko‘rsatib berishi mumkin. U sizni hech qachon borib ko‘rmagan joylaringizga elta oladi. Bir marta o‘zgacha olamlarga sayr qilib, sehrli mevalarni tatib ko‘rganlar kabi siz o‘zingiz yashayotgan dunyodan to‘liq qoniqmay boshlaysiz. Qoniqmaslik — bu yaxshi narsa. Qoniqmagan insonlar o‘z dunyosini o‘zgartirish, yaxshilash va boshqacha qilishga qodir bo‘lishadi.
Bolalarni mutolaaga bo‘lgan muhabbatini o‘ldirishning ishonchli usuli — uning yon atrofida kitoblar yo‘qligiga amin bo‘lishdir. Bolalarning kitob o‘qishiga sharoiti ham bo‘lmasligidir. Menga bu borada omad kulib boqqan. Men ulg‘aygan joylarda ajoyib kutubxona bor edi. Ishga ketayotgan ota-onam ham ta'tilga chiqqanimda jon-jon deb meni yo‘l-yo‘lakay kutubxonaga tashlab ketishar edi.
Kutubxonalar — bu erkinlik degani. Mutolaa erkinligi, muloqot erkinligi. Bu tuganmas ta'lim (maktab yoki universitetni tark etgan kunimiz tugaydiganga o‘xshamaydigan), bu mazmunli bo‘sh vaqt, bu boshpana va axborotga ega bo‘lish imkonidir.
O‘ylashimcha, bu yerda hammasi axborotning tabiatiga bog‘liq. Axborotning doimo bahosi bo‘lgan, to‘g‘ri axborot esa bebahodir. Insoniyatning butun tarixi mobaynida biz axborot yetishmovchiligi sharoitida yashaganmiz. Kerakli axborotni olish doimo muhim bo‘lgan va buning evaziga nimadir berilgan. Hosilni qachon ekish, biror narsani qayerdan topish, xaritalar, tarix va hikoyalar — bularning barchasi o‘z qiymatiga ega. Axborot qimmatbaho narsa bo‘lgan, unga kim ega bo‘lsa, yoki kimki uni topa olsa, mukofotlangan.
So‘nggi yillarda biz axborot yetishmasligidan chekinib, axborotga haddan ziyod to‘yintirilganlikka duchor bo‘lmoqdamiz. Googleʼda ishlovchi Erik Shmidtga ko‘ra, har ikki kunda insoniyat irqi shu qadar ko‘p informatsiya yaratmoqdaki, buncha informatsiyani insoniyat yaralganidan buyon 2003 yilga qadar ishlab chiqargan. Bu kuniga 5 eksobaytga yaqin miqdoridagi informatsiya degani, agar raqamlarga qiziqsangiz. Hozir cho‘lda nodir gulni izlab topish emas, jungli changalzorlarida aynan ma'lum bir o‘simlikni topish vazifasi ko‘ndalang bo‘lmoqda. Bizda bu informatsiyalar oqimi ichida o‘zimizga chindan ham keraklisini topishda ko‘mak kerak.
Kitoblar —bu o‘liklar bilan muloqot qilish usulidir. U endi oramizda yo‘q bo‘lgan insonlardan nimanidir o‘rganish yo‘lidir. Insoniyat yaratilgach, rivojlangan, yodlab qolish emas, doimo rivojlantirib boriladigan bilimlar turini ko‘paytirgan. Shunday ertak va asotirlar borki, ularning yoshi ayrim davlatlardan ham katta, ular ilk marta so‘zlab berilganidan buyon turli madaniyat va devorlardan oshib bizgacha yetib kelgan.
Modomiki siz kutubxonani qadrlamas ekansiz, siz axborot, madaniyat va donishmandlikning qadriga yetmaysiz. Siz o‘tmishning tovushini bo‘g‘ib, kelajakka ziyon yetkazasiz.
Biz bolalarimizga kitoblarni ovoz chiqarib o‘qib berishimiz kerak. Ularni xursand qiladigan narsalarni o‘qishimiz lozim. O‘zimiz eshitaverib charchagan hikoyalarni o‘qiylik. Asar qahramonlarining so‘zlarini turli tovushlarda o‘qib berib ularni qiziqtiraylik, toki ularning o‘zi bu yumushga o‘rganishsin. Ovoz chiqarib o‘qish birlashish onlari bo‘ladi, shu vaqt hech kim telefonga qaramaydi, dunyoning barcha dardu-tashvishlari chekinadi.
Biz tildan to‘liq foydalanishimiz kerak. So‘zlashda rivojlanib, yangi so‘zlar nimani bildirishi, ulardan qay o‘rinda foydalanish kerakligi anglash, tushunarli tilda muloqot qilish, o‘zimiz nimani nazarda tutayotgan bo‘lsa o‘shani gapirishni o‘rganishimiz kerak. Biz tilni muzlatishga, uni jonsiz narsa kabi avaylab-asrashga urinmasligimiz kerak. Biz tildan jonli narsa sifatida foydalanishimiz, uni harakatlanuvchi, so‘zlarni eltuvchi, uning ma'nolari va talaffuzini vaqt o‘tishi bilan o‘zgaradigan narsa sifatida qabul qilishimiz kerak.
Adiblar — ayniqsa bolalar adiblari — mushtariylar oldida majburiyatga ega. Biz haqqoniy narsalar haqida yozishimiz kerak, ayniqsa hech qachon mavjud bo‘lmagan insonlar, hech kim bormagan joylar haqida hikoya to‘qiganimizda tushunishimiz kerakki, haqiqat — aslida chindan ham sodir bo‘lgan narsa emas, lekin bizga kimligimizni hikoya qilib beruvchi jihatdir.
Nihoyat, adabiyot — nima bo‘lganida ham, bu haqqoniy yolg‘on. Biz o‘quvchilarimizni toliqtirib yubormasligimiz, lekin ularning o‘zi keyingi sahifani ochishga jazm etishiga harakat qilishimiz kerak. Mutolaani istamaygina amalga oshiradiganlar uchun eng yaxshi vositalardan biri — ularga bosh ko‘tarmay o‘qiydigan hikoya taqdim etish.
Biz o‘quvchilarimizga haqiqatni gapirishimiz kerak, ularni qurollantirishimiz, himoya taqdim etishimiz, o‘zimiz ushbu yashil dunyoda qisqa vaqt bo‘lish mobaynida bahramand bo‘lgan donolikni uzatishimiz lozim. Biz voizlik qilmasligimiz, ma'ruza o‘qimasligimiz, tayyor haqiqatlarni ona qush polaponlariga oziq bergandek “chaynab” bermasligimiz kerak. Shuningdek, biz hech qachon, nechog‘lik zaruriyatligiga qaramasdan, har qanday shart-sharoitda bolalar uchun o‘zimiz ham o‘qishni istamaydigan narsani yozmasligimiz shart.
Barchamiz — kattalar va bolalar, adiblar va o‘quvchilar — orzu qilishimiz kerak. Biz o‘ylab topishimiz lozim. Hech kim hech narsani o‘zgartira olmasligini, biz yashayotgan dunyoda jamiyat ulkan, shaxsiyat esa devordagi ohak atomi, sholipoyadagi guruch singari qariyb hech narsaga tengligini ta'kidlab, mug‘ombirlik qilish oson. Lekin haqiqat shundan iboratki, shaxslar dunyoni qayta va qayta o‘zgartirishadi, shaxslar kelajakni yaratishadi, bularning barchasini ular narsalar boshqacha bo‘lishi mumkinligini tasavvur qilibgina amalga oshirishadi.
Atrofga boqing. Jiddiy aytyapman. Bir lahza to‘xtang-da, o‘zingiz hozir bo‘lgan xonaga qarang. Men shunchalik oshkora ko‘rinib turgan narsani ko‘rsatmoqchimanki, uni barcha unutib ham yuborgan. Qarang: sizning nazaringiz tushayotgan hamma narsa, devorlar ham qaysidir lahzada o‘ylangan. Kimdir yerda o‘tirgandan ko‘ra stulda o‘tirgan qulayroq, deb hisoblagan va stulni o‘ylab topgan. Kimdir mening Londonda barchalaringiz bilan yomg‘irda ivimasdan suhbatlashish yo‘lini o‘ylab topgan. Bu xona, undagi buyumlar, binodagi, bu shahardagi barcha narsalar insonlar qayta va qayta nimadir o‘ylab topayotgani uchun mavjuddir.
Biz narsalarni go‘zal qilishimiz kerak. Dunyoni bizga bo‘lganidan abgorroq qilish, okeanlarni quritish, o‘zimizning muammolarimizni kelgusi avlodlarga qoldirmasligimiz kerak. Biz o‘z ortimizni yig‘ishtirib yurishimiz, bolalarimizga biz tomonidan talon-toroj, rasvo va vayron qilingan dunyo qoldirmasligimiz kerak.
Kunlarning birida Albert Eynshteyndan bolalarimizni qanday qilib aqlliroq qilishimiz mumkinligi haqida so‘rashibdi. Uning donishmandlarcha javobi juda jo‘n bo‘libdi. Farzandlaringiz aqlli bo‘lishini istasangiz, ularga ertak o‘qib bering. Ular yanada aqlli bo‘lishini istasangiz ularga yanada ko‘proq ertak o‘qib bering, debdi u. U mutolaa va o‘ylashning ahamiyatini juda yaxshi bilardi.
Umid qilamanki, biz farzandlarimizga kitob o‘qiydigan, kitob o‘qib berishadigan, ular uy-xayol surib, nimalarnidir anglay boshlaydigan dunyoni taqdim eta olamiz.
Nil Geyman.
Nil Richard MakKinnon Geyman (Neil Richard MacKinnon Gaiman, 1960 yilning 10 noyabrida Buyuk Britaniyaning Porsmut shahrida tug‘ilgan) — ingliz fantast-yozuvchisi, grafik romanlar va komikslar, ko‘plab filmlar ssenariy muallifi. Uning eng mashhur asarlari “Yulduz changi”, “Amerika ma'budlari”, “Koralina”, “Qabriston voqeasi” romanlari, “Qum odam” komikslar seriyasidir. Geyman adabiyot sohasidagi ko‘plab mukofotlar sohibi hamdir.