O‘zbekiston | 10:25 / 05.10.2021
5570
3 daqiqa o‘qiladi

Jarrohlik amaliyoti murakkabligi va samarasiga qarab tibbiyot xodimlariga tabaqalashtirilgan mehnatga haq to‘lash tizimi joriy etiladi

Prezident “Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilish, hududlarda jarrohlik amaliyotlari sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda jarrohlik amaliyotining murakkabligi darajasi hamda samaradorlik ko‘rsatkichlariga qarab tibbiyot xodimlariga tabaqalashtirilgan mehnatga haq to‘lash tizimini joriy etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi yetakchi xorijiy tajribani inobatga olgan holda 2021 yil 1 noyabrdan boshlab Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va boshqa davlat tibbiyot muassasalari rahbarlarini sog‘liqni saqlash sohasida boshqaruv (Healthcare Administration) yo‘nalishi bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarida qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishni yo‘lga qo‘yadi va ularni mazkur kurslarda o‘qitish yuzasidan reja-grafikni tasdiqlaydi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2022/2023 o‘quv yilida sog‘liqni saqlash sohasi uchun 50 nafar menejyer mutaxassislarni magistrlik yo‘nalishi (Master of Healthcare Administration) bo‘yicha davlat granti asosida Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster va boshqa oliy ta'lim tashkilotlarida tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash choralarini ko‘radi.

Xirurgiya markazining inson a'zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi sohasida qo‘shimcha vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • transplantologiya sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish hamda innovatsion loyihalarni ishlab chiqish;
  • yuqori texnologik transplantatsiya amaliyotlarini amalga oshirish usullarini o‘rganish va joriy etish;
  • xorijiy davlatlarning mazkur sohadagi ilmiy tashkilotlari, markazlari hamda ekspertlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va birgalikda tadqiqotlarni tashkil qilish;
  • transplantologiya yo‘nalishida malakali ilmiy kadrlarni tayyorlashga ko‘maklashish.

Xirurgiya markazida:

  • bazaviy moliyalashtirish tizimi asosida faoliyat yuritadigan Inson a'zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi ilmiy laboratoriyasi;
  • 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasining Xirurgiya va transplantologiya kafedrasi tashkil etiladi.

Belgilanishicha, Xirurgiya markazi ushbu kafedrada o‘qitilayotgan bakalavrlar, klinik ordinatorlar va magistrlar uchun asosiy klinik baza hisoblanadi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda Xirurgiya markazini modernizatsiya qilish uchun 11 million dollar miqdorida xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘larini jalb qilish choralarini ko‘radi.

Mavzuga oid