Sport | 09:56 / 31.05.2016
6462
2 daqiqa o‘qiladi

Yevro-2016 vaqtida Eyfel minorasida ishtirokchi davlatlar bayroqlari rangi aks ettiriladi

Futbol bo‘yicha Yevropa chempionati vaqtida Parij shahri markazidagi Eyfel minorasida turnir ishtirokchilari bo‘lgan davlatlarning bayroqlari ranglari aks etadi. Bu haqda Parij merisi ma'muriyati ma'lum qilgan.

10 iyun kunidan 10 iyul kunigacha o‘tkaziladigan Yevro-2016 turniri vaqtida har kuni kechqurun Parij ramzi bo‘lgan bu minorada o‘sha kuni o‘yin o‘tkazgan davlat bayrog‘i rangi 15 daqiqa davomida jilolanib turadi.

Minorada o‘yin boshlanishi bilanoq bayroq rangi aks eta boshlaydi.

O‘sha vaqtda bayrog‘i Eyfelda aks eta boshlagan terma jamoaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bu haqda ma'lum qilinadi (Fransiya bayrog‘i  #FRA, Belgiya bayrog‘i #BEL, Angliya bayrog‘i #ENG heshtegi bilan va hokazo).

Bundan tashqari, Eyfelning birinchi va ikkinchi qavati o‘rtasida 12 metr diametrga ega shar o‘rnatiladi, unda kunning eng asosiy voqealari xabar yoki video ko‘rinishida translyatsiya qilinadi.