Fojiali yil: AQSh muammolar girdobida
AQShda Jorj Floyd ismli qora tanli fuqaroning politsiya xodimi tomonidan bo‘g‘ib o‘ldirilishi ortidan boshlanib ketgan keng miqyosli norozilik namoyishlari hamon davom etmoqda. Bu esa epidemiyadan tinkasi qurigan davlatning yangidan yangi muammolar girdobiga tushib qolishiga sabab bo‘lmoqda.
140dan ortiq shaharda norozilik namoyishlari
25 may kuni AQShning Minneapolis shahridagi oziq-ovqat do‘koni soxta 20 dollarlik pul bilan to‘lov qilmoqchi bo‘lgan xaridor ustidan shikoyat qildi. Gumondor Jorj Floydni qo‘lga olish jarayonida politsiya xodimi Derek Shovin uni qariyb to‘qqiz daqiqa davomida yerga yotqizilgan holda bo‘ynidan tizzasi bilan bosib turdi. Natijada Floyd bo‘g‘ilib o‘ldi. U nafas ololmayotganini qayta-qayta aytganiga qaramay, uning so‘zlariga ahamiyat berilmadi. Hatto u hushini yo‘qotganidan keyin ham, uch daqiqadan ko‘proq vaqt davomida bo‘yni ezib turildi.
Ushbu voqea tasvirlari internetda tezlik bilan tarqalishi AQShning 140dan ortiq shaharlarida norozilik namoyishlarini keltirib chiqardi. Tartibsizliklar davomida ko‘plab o‘g‘rilik va bezorilik holatlari kuzatildi, transport vositalari yoqib yuborildi, binolar shikastlandi. Asosiy namoyish nuqtalarida esa politsiyaning doimiy ravishda qora tanlilarga nisbatan kuch ishlatishiga qarshi olomon g‘azabi oshkora tarzda ifoda etildi. Ko‘plab namoyishchilar uchun ushbu voqea uzoq yillar davom etgan ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlik va irqiy kamsitishga qarshi norozilik kurashi bo‘lmoqda.
Siyosatchilar va amaldorlar bir-birlarini ayblash bilan band
Mamlakatda sodir bo‘lgan voqealardan keyin 40dan ortiq shaharda, xususan, Nyu-York va Vashingtonda ham komendantlik soati e'lon qilindi. 20dan ortiq shtatda AQSh armiyasining Milliy gvardiya bo‘linmalariga namoyishlarni nazorat qilish vazifasi yuklandi. Ammo ko‘rilgan ushbu choralarga qaramay, odamlarning ko‘chaga chiqishi to‘xtamadi, namoyishlarning oldini olish imkoni bo‘lmadi. Floydni bo‘g‘ib o‘ldirgan politsiya xodimi uchinchi darajali qotillikda ayblandi. Yuzlab namoyishchilar o‘qotar qurollardan foydalanganlik, o‘g‘irlik, talonchilik va tartibsizliklar uchun hibsga olindi.
Hamon davom etayotgan namoyishlar AQSh jamiyatida chuqur siyosiy bo‘linishlarga sabab bo‘ldi. Hozirda siyosatchilar va amaldorlar umumiy harakatlar rejasini tuzish o‘rniga bir-birlarini ayblashga o‘tib ketishmoqda.
Masalan, demokratlar prezident Donald Trampni yetakchilik qila olmaganlikda, aytgan gaplari va xatti-harakatlari bilan mamlakatdagi irqiy ajralishni yanada chuqurlashtirib yuborishda ayblamoqda.
Tramp esa demokratlarni noqonuniy namoyishlarni qo‘llab-quvvatlash va mamlakatni g‘avg‘oga qorishtirgan guruhlarning bir parchasiga aylanishda ayblamoqda. Har ikki tomon ham sodir bo‘layotgan voqealardan o‘z siyosiy manfaatlariga mos ravishda foydalanishga harakat qilishayotganini yashirib o‘tirishmayapti.
Tramp, shuningdek, yetarlicha qattiqqo‘l bo‘lmagani uchun gubernatorlarni tanqid qildi va namoyishchilarga nisbatan yanada qattiqroq choralar ko‘rishga chaqirdi. U mamlakatdagi zo‘ravonliklarga qarshi chora ko‘rish uchun minglab og‘ir qurollangan harbiy xizmatchi va xavfsizlik kuchlariga topshiriq berilgani haqida e'lon qildi.
Raqamlar gapirganda: Jorj Floydning o‘limi istisno emasmi?
Voqealarning eng asosiy xususiyati shundaki, politsiya ham, namoyishchilar ham zo‘ravonlikda bir-birlaridan qolishishmadi. Bu esa tartibsizliklarning tobora avj olishiga sabab bo‘ldi.
Amerika politsiyasining tinch aholiga qarshi ortiqcha kuch ishlatish holatlari yangilik emas. Masalan, Minneapolis politsiya boshqarmasining kuch ishlatishni qayd etish ma'lumotlariga ko‘ra, o‘limga olib keladigan bo‘yinni siqish usuli 2015 yildan hozirga qadar kamida 237 marta qo‘llangan. Ushbu voqealarning 44tasida gumonlanuvchilar hushini yo‘qotgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Jorj Floydning o‘limi istisno emas.
«Politsiya zo‘ravonligini xaritaga tushirish» (Mapping Police Violence) nomli nodavlat tashkilot ma'lumotlariga ko‘ra, 2013-2019 yillarda AQSh politsiyasi tomonidan 7 ming 666 kishi o‘ldirilgan. Qora tanli amerikaliklar esa ushbu o‘limlarning nomutanosib qurboniga aylanishgan. Ushbu ma'lumotlarga ko‘ra, bir qora tanli fuqaro politsiya tomonidan o‘ldirilish ehtimoli oq tanli fuqarolarga solishtirganda ikki yarim baravar ko‘proqdir. Hatto ba'zi shtatlarda bu ko‘rsatkich to‘qqiz martadan ham yuqori. Shu tufayli, qora tanli fuqarolarga qarshi qaratilgan politsiya zo‘ravonligi «Qora tanlilar hayoti qadrli» (#BlackLivesMatter) kabi harakatlarga sabab bo‘lgandi.
«Antifa» guruhi terrorchi tashkilotmi?
Oxir-oqibat, o‘zaro zo‘ravonlik spiralining ikkinchi uchidan namoyishchilar ham joy oldi. Yuzlab odamlar xavfsizlik kuchlariga qarshilik ko‘rsatish, o‘g‘irlik, bosqinchilik, o‘t qo‘yish va vandalizmda ayblanib, hibsga olindi. Ayrim holatlarda esa zo‘ravonliklar tizimli tarzda uyushtirildi. Ya'ni bu jarayonda ba'zi bir anarxist va zo‘ravon guruhlar ham sahnaga chiqdi. Shuning uchun ham prezident Tramp «Antifa» nomli antifashistik guruhni to‘g‘ridan to‘g‘ri aybladi.
Oq uy bergan bayonotga ko‘ra, AQSh adliya vazirligi ushbu guruhni terrorchi tashkilot, deb tasniflash jarayonini boshlashga qaror qilgan. Avvalroq «Antifa» guruhi tomonidan bir necha terror tashkilotlariga yordam berilgani haqidagi xabarlar tarqagandi.
Namoyishlar ta'siri chuqur his qilinmoqda
AQShda hanuz davom etayotgan va natijalari hali to‘liq bashorat qilinmagan ushbu ijtimoiy voqealarni fuqarolik urushi, deb atash yoki buni AQShning yakuni sifatida baholash, albatta, mubolag‘a bo‘lar edi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish kerakki, AQShning yaqin tarixi qurbonlar va bir necha kunlab davom etgan noroziliklar bilan to‘la. Bu, albatta, ayni paytda sodir bo‘layotgan voqealarning ahamiyatsiz ekanini anglatmaydi. Aytish mumkinki, yangi turdagi koronavirus epidemiyasidan ulkan zarar ko‘rgan Amerika jamiyati ushbu namoyishlar ta'sirini ancha chuqur his qilmoqda.
Fojiaviy yil manzarasi
Ba'zi kuzatuvchilarning fikricha, 2020 yil AQShning zamonaviy tarixidagi eng fojiali yil bo‘ldi. Ushbu yil davomida «Buyuk tushkunlik» davriga qaraganda ko‘proq amerikalik ishsiz qoldi. Epidemiya tufayli hatto ba'zi urushlardagidan ko‘ra ko‘proq AQSh fuqarolari vafot etdi. Epidemiyaga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatsizlik davlat va xususiy sektor imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchga jiddiy putur yetkazdi.
Mamlakat kelajagi haqida pessimistik manzarani chizayotgan ba'zi kuzatuvchilarning fikriga ko‘ra, AQSh jamiyati hech qachon bugungichalik qutblashmagandi. Fuqarolarni, hatto matbuot vakillarini nishonga olgan politsiya kuchlari davlatning naqadar beshafqatligini ko‘rsatib qo‘ydi. Ko‘plab namoyishchilarning talonchilik va o‘g‘rilikka qo‘l urishi esa ijtimoiy buzilish ko‘lamini o‘rtaga chiqardi.
Siyosatchilarning birlashish o‘rniga bir-biriga qarshi kurashga kirishib ketgani kelajakka bo‘lgan ishonchni susaytirdi. Uzoq vaqtdan beri davom etib kelayotgan va e'tibor berilmayotgan ijtimoiy tengsizlik masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Mamlakatning keyinga qoldirilgan muammolarini yo‘q deb hisoblash endilikda imkonsiz holga keldi. Markaziy va mahalliy hukumatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar butun tizimni ishdan chiqara boshladi. Dunyodagi umumiy ahvol yomonlashayotganini inobatga olgan holda aytish mumkinki, og‘ir yaralangan AQShning global liderlik da'vosi allaqachon o‘z ma'nosini yo‘qotdi.
Ba'zilar «Amerika orzusi» tarixga aylangani, ba'zilar esa bunday orzu, aslida, hech qachon mavjud bo‘lmaganini aytishmoqda. Sodir bo‘lgan yagona narsa – niqoblarning yechilgani, yolg‘on pardalarining yirtilgani, shirin xayollardan achchiq haqiqatlar sari qaytilganidir.
Otabek Tillayev tayyorladi
Mavzuga oid
19:39 / 10.12.2022
Floydning o‘limida aybdor politsiyachiga hukm o‘qildi
09:05 / 28.07.2022
Jorj Floyd ishi: AQShda ikki sobiq politsiyachi 3 va 3,5 yilga qamaldi
17:12 / 07.02.2022
AQShda politsiya afroamerikalikni otib o‘ldirgani sababli norozilik namoyishi o‘tkazildi
01:43 / 26.06.2021