14:34 / 06.02.2024
16067

O‘ljas Bektenov Qozog‘iston bosh vaziri lavozimiga tasdiqlandi 

U 1980 yilda tug‘ilgan, 2022-2023 yillarda Qozog‘iston korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini boshqargan, tayinlovga qadar prezident administratsiyasi rahbari edi.

Foto: akorda.kz

6 fevral kuni Qozog‘iston Respublikasi parlamenti yig‘ilishida AMANAT partiyasi tomonidan mamlakat bosh vazirligiga nomzodi ilgari surilgan O‘ljas Bektenov ushbu lavozimga tasdiqlandi. Orda.kz xabariga ko‘ra, boshqa vazirlar ham yaqin vaqtlar ichida lavozimga tayinlanadi. 

Ovoz berish jarayonida 69 deputat rozilik bergan, yetti nafari betaraf qolgan.

Bektenovning nomzodi partiya rahbari Yerlan Koshanov tomonidan ilgari surilgandi. Prezident To‘qayev ham nomzodni ma’qullagan. Shu bilan birga, davlat rahbari Alixan Smailov o‘zi iste’foga chiqqanini ma’lum qilgan. 

«Hukumat qarorlarni tekzor qabul qilish va samarali qadamlar qo‘yishda yangicha, muhim rolni o‘ynashi kerak. Xalqimizning farovonligi yo‘lida iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishni rag‘batlantirishga qaratilgan dadil, qat’iy qarorlar qabul qilishimiz kerak. Yangi realliklarga moslashish zarur. Biz yangi chaqiriqlarga dosh berishimiz, hukumat bunga tayyor bo‘lishi lozim. Hukumat faoliyatiga yangi turtki berish kerak, jamoatchilik ham shuni kutmoqda. Shu tufayli men Alixan Smailovning iste’fosini qabul qildim», degan To‘qayev. 

Prezident Smailov rahbarligidagi hukumat barcha sohalarda barqarorlikni ta’minlaganini ta’kidlagan. 

U yangi bosh vazir haqidagi fikrlarini ham bildirgan. «Tajribali davlat xizmatchisi, oliy ma’lumotli, tashkilotchilik qobiliyati yaxshi, mehnatkash. Shu bois o‘z maqsadlariga erishish uchun uning salohiyati yetarli, deb o‘ylayman», deya izohlagan To‘qayev Bektenov nomzodi bo‘yicha qarorini.

Qosim-Jo‘mart To‘qayev 5 fevral kuni Alixan Smailov hukumatini iste’foga chiqargandi. U ikki yil muqaddam — 2022 yil yanvaridagi namoyishlardan keyin bosh vazirlikka tayinlangandi. 

O‘ljas Bektenov 2023 yil aprelidan buyon prezident administratsiyasiga rahbarlik qilib kelayotgandi. U 2016 yildan boshlab korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan, 2022-2023 yillarda idoraga rahbarlik qilgan. Uning rahbarligi davrida shov-shuvli hibslar va sud ishlari kuzatilgan, xususan sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning jiyani Qayrat Sotiboldi va qudasi Qayrat Bo‘ronboyev kabilar ko‘p milliardlik aktivlarni davlatga qaytarishga majbur qilingan.

Mavzuga oid
Top