O‘zbekiston | 10:54 / 20.08.2021
12882
3 daqiqa o‘qiladi

«Hali ko‘p qonunlarimiz tadbirkorlarga ma'qul emasligini tan olishimiz kerak». Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlandi

Ayni paytda “Xalqaro forumlar saroyi”da prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlandi. 

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, tadbirda 500 nafarga yaqin tadbirkor bevosita ishtirok etayotgan bo‘lsa, hududlarda onlayn tarzda 10 ming nafardan ortiq tadbirkor kuzatib bormoqda. 

Muloqotda sohaga oid tizimli muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari muhokama qilinadi va tadbirkorlarning takliflari eshitiladi. Tadbir boshida bunday tadbir ilk marta o‘tkazilayotgani ta'kidlandi.

Prezident bilan ochiq muloqotga tayyorgarlik jarayonida murojaatlarni qabul qilish muddati bir necha marta uzaytirildi va bu murojaatlar soni juda ko‘p ekanligi bilan izohlandi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunga qadar 15309 ta murojaat kelib tushgan va ularning 12 mingdan ortig‘ida ko‘tarilgan masalalar o‘z yechimini topgan.

Prezident o‘z nutqini yig‘ilganlarga salom yo‘llashdan boshladi va yuqoridagi raqamlarga to‘xtaldi:

“Tadbirkorlarning muammolari yechilgani yaxshi, lekin bu vaqtincha bo‘lmasligi kerak. Men hokim, bosh vazir bo‘lganimda tadbirkorlarni qanday qanday muammolar qiynayotganini bilganman. Menda ularga yechim topish kerak degan armonim bor.

Tadbirkor sezsinki, u hozirgi Yangi O‘zbekistonning zamini. Besh nafar odam ishlatadimi, o‘n kishiga ish beradimi, u hozirgi islohotlarning islohotchisi. Nima uchun prezident bu muammolar uchun vaqt topadi-yu, hokim ular bilan shug‘ullanishga vaqt topa olmaydi?! Biz xalqimizni rozi qilamiz desak, tadbirkorlarga ko‘makchi, yelkadosh bo‘lishimiz, qonunchilikka kerakli o‘zgartishlarni kiritishimiz lozim.

Hali juda ko‘p qonunlarimiz tadbirkorlarga ma'qul emasligini tan olishimiz kerak. Lekin sizlarga shuni aytaman – shoshilmanglar, biz birlashib bularni albatta hal qilamiz.

Albatta, hamma muammoni bir kunda hal qilib bo‘lmaydi. Muhimi, bizning hal qilishga harakat qilishimiz. Qonun va yana qonun ishlashi kerak. Yaqinda ham tadbirkorlarda “ertalab turib, kechqurun tinch uyimga tinch kelarmikanman”, degan qo‘rquv bor edi.

25 yilda ololmagan GSP+’ni 5 yilda olish oson emas. Buning uchun qanchadan qancha ishlarni qildik. Buyuk bayramimiz oldidan sizlar bilan uchrashganimiz sababi “Mehr ko‘zda” deydilar. Istagim, sizlar bilan o‘rtamizda samimiy muloqot ko‘prigi paydo bo‘lsin.

Joylardagi rahbarlar faqat xalq uchun xizmat qilishi kerak. Chunki menga shu xalq bergan vakolat bilan men ularga vakolat berganman”, dedi davlat rahbari o‘z so‘zining boshida.

Mavzuga oid