Denov bozorida do‘konlari buzilgan tadbirkorlarga kompensatsiya puli to‘lash nega paysalga solinmoqda?
Denovdagi markaziy dehqon bozori buzildi va savdogarlar hamda do‘kondorlar yangi bozorga ko‘chirildi. Ma’lum bo‘lishicha, do‘konlarning katta qismi belgilangan tartiblarga zid ravishda, kompensatsiya puli oldindan to‘lanmasdan buzilgan.
Denov — Surxondaryoning ikkinchi yirik shahri. Savdo va sanoat markazlashgan shahar. Denov bozorlari bilan ham mashhur. Ayniqsa «Bobodehqon bozori» bilan xalq orasida mashhur Denov dehqon (oziq-ovqat) bozoriga nafaqat denovliklar, butun Surxondaryodan tijoratchilar va xaridorlar kelishadi.
Dehqon bozori buzilgach, Internetda juda ko‘p norozilik chiqishlari bo‘ldi. Murojaatlarning aksariyati mulki buzilayotgan do‘kondorlar yetarli tarzda kompensatsiya olmayotgani bilan bog‘liq edi.
Xo‘sh, Denov shahridagi markaziy bozor nega buzildi?
To‘g‘risini tan olish kerak, Denovdagi bozor va uning atrofidagi ko‘chalarda tirbandlik va tartibsizlik hukmron edi. Mashinalar oqimini svetofor bilan ham tartibga solib bo‘lmayotgan edi. Biz bu haqda 2017 yilda lavha tayyorlagan edik.
Shu sabab dehqon bozorini shahardan chetroqqa ko‘chirishga qaror qilindi. Denov tumanining o‘sha paytdagi hokimi Ulug‘bek Qosimov bizni yangi bozor qad rostlayotgan joyga olib borib, kelgusidagi rejalar bilan tanishtirgan edi.
Hozir yangi dehqon bozori ishga tushirilgan. Tadbirkorlarning ko‘pchiligi ko‘chib o‘tishdi. Garchi, eski dehqon bozori atrofida va ko‘chalarda dehqonlar va sotuvchilar hali ham savdo qilishda davom etishayotgan bo‘lsa ham.
Biz ana shunday sotuvchilardan bir nechtasidan nega yangi bozorga ko‘chmasdan tuproq va chang ichida savdo qilib o‘tirganini so‘radik. Sabzavot va ko‘katlar bilan savdo qilib turgan opaxonlar, onaxonlar yangi bozor uzoqligi, xaridorlar shu joyga ko‘nikishgani, hali ko‘pchilik ko‘ngil uzib biroz olisdagi yangi dehqon bozoriga borishga jazm qilmayotgani haqida gapira boshlashdi.
Allaqaydan qoni qaynoq bo‘z bolalar paydo bo‘ldi. Birovi onamni, boshqasi opamni nega tasvirga olasan, deya e’tiroz qildi va tasvirlarni o‘chirishni talab qila boshlashdi. Noiloj, o‘chirdik.
Ya’ni ularning o‘zlari ham bu ishlari sirtdan qaraganda xunukligini, faoliyati noqonuniyligini ich-ichidan his qiladi. Bozorning buzilishida hokimiyat aybdor deb bilishadi, qasddan ko‘chada savdo qilishadi. Ular bu ishi ovoza bo‘lmasligini, hech kim monelik qilmasligini istashadi.
Xullas, Bobodehqon bozorida do‘konlari buzilgan. Tadbirkor va sotuvchilar parokanda. Kimdir yangi bozorda, kimdir noiloj ko‘chada savdo qilmoqda.
Boz ustiga, bozor ichidagi do‘konlari buzilgan tadbirkorlarning hammasiga ham kompensatsiya puli berilmagani ma’lum bo‘ldi. Shunday tadbirkorlardan biri Oxunjon Madaliyev bizga murojaat qildi.
Oxunjon urug‘chilik bilan shug‘ullangan. Bozordagi do‘koni buzilgach, baholatilgan summada kompensatsiya va’da qilingan va bitim tuzilgan. Biroq hanuzgacha unga kompensatsiya summasi to‘lab berilmaganini bildirdi.
«2018 yilda Rossiyada ishlab kelgan pullarimga mana shu do‘konni 10 ming AQSh dollariga xarid qilgan edim. O‘z vatanimda ishlab pul topish niyatida edim. 3 yilgina ishlatishga ulgurdim. 2021 yilda do‘konlar birin-ketin buzila boshladi. Ularni biz buzib olganimiz yo‘q, o‘zlari buzib, qurilish materiallarigacha olib ketishdi.
Evaziga baholatinglar, kompensatsiya puli beriladi, deyishdi. Men do‘konimni 160 mln so‘mga baholatganman. Hokimiyat bilan kompensatsiya to‘lanishi haqida 2020 yil 7 may kuni kelishuv bitimi ham tuzilgan. Biroq haligacha kompensatsiya berilgani yo‘q», — deydi O.Madaliyev.
Oxunjon yangi qurilayotgan bozordan do‘kon xarid qilgan. Boshlang‘ich to‘lovini to‘lagan. Qolgan summasini to‘lash uchun kompensatsiyani kutmoqda.
«Yangi bozorda qurilayotgan 18 kv.m. do‘kon uchun 2021 yil 20 sentyabrda shartnoma tuzib, 23,3 mln so‘m boshlang‘ich to‘lov to‘ladim. Qolganini ham 4 oy ichida bo‘lib to‘lashim kerak edi. Lekin to‘lay olganim yo‘q, chunki menda ortiqcha pulning o‘zi qolmadi», — dedi O.Madaliyev.
O.Madaliyev buzilgan do‘koni evaziga o‘rinma-o‘rin yangi bozordan yangi do‘kon berilmagani, yangi do‘konlar Denov yangi bozor qurilish direksiyasi tomonidan tadbirkorlardan yig‘ilgan pul evaziga bunyod etilayotganini ta’kidladi.
Biz mazkur masala yuzasidan Denov tuman hokimi o‘rinbosari Shuhrat Mo‘minov bilan uchrashib, suhbatlashdik. Uchrashuvga murojaatchi tadbirkorlarning o‘zlari ham kelishdi. Ma’lum bo‘lishicha, do‘koni snos qilinib, kompensatsiya kutayotgan tadbirkor birgina Oxunjon emas ekan.
Hokim o‘rinbosarining aytishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2020–2022 yillarda Surxondaryo viloyatining Denov tumani va uning markazini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish to‘g‘risida»gi 4667-sonli qarori asosida Denovda obodonchilik va qurilish ishlari olib borilmoqda.
Xususan, Denov dehqon bozori, Qo‘rg‘on bozori, Habibi bozori buzilib, ular yangi bozorga ko‘chiriladi. Bozorlar o‘rni shaharning tasdiqlangan yangi bosh planiga ko‘ra, katta alleya barpo etiladi. 957 ta turar va noturar joylar snos qilinadi.
Ularga kompensatsiya sifatida to‘lash uchun 1,173 trillion so‘m mablag‘ to‘lab berilishi nazarda tutilgan. Shaharda quriladigan obektlar bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi belgilangan.
Buzilgan bozor hududida 305 ta tadbirkor ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularga kompensatsiya sifatida 195 milliard so‘m to‘lanishi kerak. Va bu pullar respublika budjetidan ajratilishi kutib turilibdi.
Hokim o‘rinbosarining aytishicha, bozordagi ayrim tadbirkorlarga snos uchun kompensatsiya to‘lab berilgan. Snos uchun kompensatsiya respublika budjetidan to‘lanadi, shu vaqtgacha 20 mlrd so‘m ajratilgan va u tarqatilgan.
Shuhrat Mo‘minov Denovdagi barcha tadbirkorlarning murojaatlari o‘rganib chiqilgani, 200 dan ortiq buzilgan do‘konlar baholatilgani, ularning har biriga so‘rovnoma tarqatilib, evaziga yer maydoni, do‘kon yoki kompensatsiya pulidan qay biriga rozi ekanligi aniqlab chiqilgan.
Hozir barpo etilayotgan yangi bozordan do‘kon olish istagini bildirganlarga xarid qilgan do‘konlari doimiy foydalanish huquqi bilan mulk qilib beriladi.
Muxtasar qilib aytganda, hokim o‘rinbosari Denovda hech bir tadbirkor aziyat chekmasligi, barchasi nazorat ostida ekanligiga bizni ishontirdi. Barcha qurilish va obodonchilik ishlari, yangilanishlar Prezident qarori asosida olib borilayotgani, mablag‘ respublika budjetidan ajratilishi, tadbirkorlar Moliya vazirligi tomonidan pul ajratilgunga qadar yana biroz sabr qilishlari kerakligini aytdi.
Biz esa bunga ishondik va berilgan va’dalar qanday bajarilishini bilib turish uchun voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz jurnalisti
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid
17:13 / 01.11.2024
Prezident bozorlarda narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni buyurdi
19:18 / 19.10.2024
Tamaki ishlab chiqaruvchilar Kanada aholisiga 23,6 mlrd dollar kompensatsiya to‘laydi
08:00 / 07.10.2024
Toshkentdagi Ibn Sino bozori binosi sotuvga qo‘yildi
18:21 / 14.09.2024