Jahon | 21:23 / 14.02.2021
18145
2 daqiqa o‘qiladi

Gvineyada Ebola bezgagi epidemiyasi boshlangani e'lon qilindi 

Gvineya hukumati mamlakat janubi-sharqida Ebola bezgagi epidemiyasi boshlanganini e'lon qildi. Bu haqda hukumat bayonotiga tayanib Guinee114 portali xabar berdi. 

Foto: REUTERS/Baz Ratner

Xabarda ta'kidlanishicha, kasallik Nzerekore prefekturasi va Guyeke shahrida boshlangan. Shu sababli epidemiyaga qarshi bir qator choralar kiritishga, jumladan Ebolaga chalinganlar bilan aloqada bo‘lganlarni aniqlab, ularni yakkalashga qaror qilingan.

Ta'kidlanishicha, bunday choralar Ebola bezgagi belgilari bilan vafot etgan 4 kishining qon tahlili natijalari olingandan keyin qabul qilingan. Natijalar vafot etganlarning 3 nafarida virus borligini tasdiqlagan.

Gvineya hukumati bergan ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda bezgakka chalinish bo‘yicha ilk holat 28 yanvarda vafot etgan hamshirada qayd qilingan. Ertasi kuni hamshiraning dafn marosimida ishtirok etgan va Ebolaga chalingan bo‘lishi mumkin bo‘lgan 7 kishi aniqlangan.

14 fevralda JSST Gvineyaga kasallikka qarshi kurashda yordam berish uchun barcha zaxiralarni tezkorlik bilan safarbar qilishini e'lon qilgan. 

Gvineya 2014-2016 yillarda G‘arbiy Afrikada Ebola virusi tarqalishi o‘choqlaridan biriga aylangandi. O‘shanda bu hududda 28 mingdan ko‘proq kishi kasallikka chalingan, 11,3 ming kishi undan vafot etgan. Eng og‘ir epidemiologik vaziyat Gvineyaga qo‘shni Liberiya va Serra-Leoneda kuzatilgan. 

Gvineyada virusning tarqalishi Afrikada joriy oyda qayd qilinayotgan ikkinchi holatdir. 1 fevralda Kongo Demokratik Respublikasining Butembo shahrida Ebolaga chalingan 4 kishi aniqlangandi. Ulardan 2 nafari vafot etgan.

Mavzuga oid