Iqtisodiyot | 11:12 / 10.08.2023
77207
2 daqiqa o‘qiladi

Tijorat banklarida AQSh dollarining sotuv kursi keskin qimmatladi

Tijorat banklarida AQSh dollarining sotuv kursi 12 ming so‘mdan oshdi. Bu asosiy savdo-hamkor davlatlar milliy valutalarining sezilarli qadrsizlanishi bilan bog‘lanmoqda.

Bugun, 10 avgust, soat 11:00 dan boshlab tijorat banklaridagi AQSh dollarining kursi keskin oshdi. Dollar kursi bir kunda 400 so‘mdan ortiqroq qimmatlab, sotuv kursi 12135 so‘mgacha yetdi. Banklar 1 dollarni 12 015 so‘mdan sotib olmoqda.

Markaziy bank ichki valuta bozoridagi holat bo‘yicha izoh berdi.

«Asosiy savdo-hamkor davlatlar milliy valutalarining sezilarli qadrsizlanishi tashqi savdo va pul o‘tkazmalari kanali orqali so‘mning real samarali almashuv kursining mustahkamlanishiga olib keldi.

Bu, o‘z navbatida, eksport va pul o‘tkazmalari tushumlari kanallari orqali mamlakatimizga valuta tushumlariga va ichki valuta bozoridagi taklif hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Natijada, ichki valuta bozorida so‘m almashuv kursi devalvatsiyasi sur’atining biroz tezlashishi – fundamental omillar ta’sirida to‘g‘rilanishi kuzatildi.

Markaziy bank kelgusida almashuv kursining keskin qadrsizlanishining oldini olish bo‘yicha yetarli instrumentlarga ega bo‘lib, zarur hollarda qo‘shimcha intervensiyalar amalga oshirish orqali tebranishlar yumshatib boriladi.

Mazkur to‘g‘rilanish real samarali almashuv kursning uzoq muddatli trendiga qaytishiga olib keladi va muvozanatli kurs valuta tushumlarini oshirish orqali bozorda taklif o‘sishiga xizmat qiladi. Real samarali almashuv kursi yil oxirigacha va o‘rta muddatli istiqbolda nisbatan barqaror bo‘ladi», deyiladi MB izohida.

Mavzuga oid