21:35 / 02.09.2018
35973

17 yillik tanaffusdan so‘ng. O‘zbekiston prezidenti turkiy tilli xalqlar sammitiga yo‘l oladi

Oradan 17 yil o‘tib, O‘zbekiston Turkiyzabon davlatlar hamkorlik Kengashida (Turkiy kengash) davlat rahbari darajasida yana ishtirokini davom ettiradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyzabon davlatlar hamkorlik Kengashining VI sammitida ishtirok etish uchun 3 sentabr kuni Qirg‘izistonga jo‘nab ketadi. Oxirgi marta O‘zbekiston davlat rahbari ushbu sammitning 2000 yil Ozarboyjonda tashkil etilgan yig‘ilishida ishtirok etgandi. Shundan so‘ng, 2001 yili O‘zbekiston parlamenti spikeri tadbirda ishtirok etdi, 2006 yili Antalyadagi sammitda esa umuman O‘zbekiston vakili yo‘q edi.

2009 yil 3 oktabr kuni Naxchivonda o‘tgan yig‘ilishda yangi tashkilot tuzilgani e'lon qilindi, uning faoliyatiga doir asosiy tamoyillar 2010 yil 16 sentabr kuni Istanbul deklaratsiyasida o‘z aksini topdi. Shunday qilib, yangi tashkilot Turkiyzabon davlatlar hamkorlik Kengashi nomini oldi, biroq O‘zbekiston uning yaratilishida ishtirok etmagan. 

2016 yili O‘zbekiston Prezidenti etib saylangan Shavkat Mirziyoyev turkiyzabon xalqlar bilan aloqalarni kuchaytirish, yangilash va mustahkamlash borasida ko‘p ishlarni bajardi. Shulardan biri - o‘zbek-turk munosabatlaridagi sovuqlikka barham berish, iqtisodiy aloqalarga yangi kuch berishdan iborat bo‘ldi. 2016 va 2018 yili Turkiya Prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘an O‘zbekistonga, 2017 yil oktabr oyida esa Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga tashrif buyurdi. O‘zbek-turk muzokaralarida bir necha marta rasmiy Toshkentning turkiyzabon davlatlar tashkilotlari qatoriga qaytishi bildirildi. 

Aynan O‘zbekistonning Turkiyzabon davlatlar hamkorlik Kengashiga qaytish tashabbusi Erdo‘g‘an tomonidan bildirildi. Toshkent shahrida uchrashgan ikki mamlakat prezidentlari qo‘shma bayonot paytida, ushbu masalaga qaytdi va Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistondagi sammitda ishtirok etishini tasdiqladi. 

«Anqaradagi uchrashuvimizda Prezident Erdo‘g‘an menga «Turkiyzabon davlatlar hamkorlik Kengashida o‘zbek bayrog‘i» yetishmayotganini aytgandi. Bizning xulosamiz shunday bo‘ldiki, bundan keyin, tashkilotning Istanbuldagi qarorgohida O‘zbekiston bayrog‘i ham hilpirab turadi», deb qat'iy ta'kidlagandi Shavkat Mirziyoyev. 

3 sentabr kuni ish boshlashi kutilayotgan Bishkekdagi sammitda Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston prezidentlarining ham ishtiroki tasdiqlangan.

Top