19:30 / 27.07.2020
18652

«Gender adolati – G‘arbda paydo bo‘lishidan ancha avval Islom bilan vujudga kelgan tushuncha». Gender mutaxassisi bilan suhbat

Yaqin kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda gender tengligi, feminizm, ayollar va erkaklarning jamiyatdagi roli haqida bahs-munozaralar faol kuzatila boshlandi.

Kun.uz muxbiri gender masalalari, uning mentalitet va diniy qarashlar bilan bog‘liqligi, gender adolatining jamiyat uchun ahamiyati xususida gender masalalari bo‘yicha mutaxassis, huquqshunos Malika Inakova bilan suhbatlashdi.

«Shaxslar ijtimoiy mavqei, jinsi va boshqa ijtimoiy ko‘rsatkichlaridan qat'i nazar inson huquqlaridan bir xilda foydalana olishsa, gender tengligi yuzaga keladi. Bitta huquq ham erkakda, ham ayolda bo‘lsa-yu, erkak bu huquqdan foydalansa, ammo ayol ayol bo‘lgani uchun ham foydalana olmasa, mana shu nuqtada gender muvozanati buziladi. Bunday buzilishlarning bo‘lishi esa jamiyatda erkaklar ustunroq, ayollar quyiroqda degan tushunchani paydo qilishi mumkin. Aslida esa huquqlar baravar, lekin shu huquqdan foydalanish imkoniyati turli to‘siqlar bilan kamaytiriladi.

Gender tengligi bo‘yicha muammolar ilgari ham yetarlicha mavjud bo‘lgan. Ammo ular haqida gapirilmagan, muammolar tabiiy hol deb qabul qilingan bo‘lishi mumkin. Lekin boshqa manbalar o‘qilsa, Qur'on va hadislar bilan tanishsa, aslida boshqacha bo‘lishi, muammolarsiz yashash mumkinligini tushunish mumkin. O‘zbek mentalitetida ham, dinimizda ham ayolni xo‘rlash yo‘q», – deydi Malika Inakova.

Gender tengligi va feminizm o‘rtasidagi chegara qayerda?

— Gender tengligi O‘zbekiston uchun yangi tushuncha emas. U bizda allaqachon boshlangan. Islom dinida ayolni xo‘rlamaslik, qizlarini tirik ko‘mmaslik, qizlarni tarbiyalaganlarning jannatga tushishi, jannat onalar oyog‘i ostiga ekani uqtirilgan. G‘arb esa bu tushunchalarga ancha keyin kelgan.

Islomda ayollarning merosxo‘r bo‘la olish, guvohlik berish, o‘z roziligi bilangina kim bilandir nikoh qurishi kabi huquqlari G‘arb jamiyatidan avvalroq tasdiqlab bo‘lingan edi.

Gender tengligi shaxslarning jinsidan qat'i nazar teng bo‘lishi kerakligini ilgari sursa, feminizm faqatgina ayollar huquqlariga urg‘u beradi.

«Inson huquqlari to‘g‘risida»gi umumjahon deklaratsiyasi 1948 yilda qabul qilingan. Lekin 50-yillarda ham, 60-yillarda ham, hatto 70-yillarda ham ko‘p g‘arb davlatlarida ayollarning siyosiy huquqlari erkaklarniki bilan bir xil bo‘lmagan, ular ko‘p narsada to‘sqinlikka uchrashgan, kamsitilgan. Hatto ayol Odam Atoning jannatdan haydalishiga sabab bo‘lgan kimsa, u insoniyat oldida aybdor, degan qarashlar bo‘lgan.

«Gender tengligini eng birinchi buzadiganlar – onalar»

Gender tengligini birinchi navbatda onalar buzishadi. Chunki qizlarga ham, o‘g‘il bolalarga ham, jamiyatga ham onalar tarbiya berdi. Ba'zida onalarning o‘zlari qizlarning huquqlarini buzayotganiga guvoh bo‘lamiz – o‘qishga kiritib, kontrakt pulingni to‘laguncha, shu pulga sarpongni qilib beramiz, deyishadi. Shu gaplarimiz bilan qizlar va yigitlarning imkoniyatlari orasidagi tenglikka daxl qilamiz.

Odamlarning bunday harakatlari natijasida notenglik odatga aylanib boradi, oqibatda davlatning o‘zi ham bunga e'tibor bermay qo‘yishi, jamiyat notenglik muhitiga ko‘na boshlashi mumkin.

«Gender adolati faqat ayollar emas, erkaklar uchun ham kerak»

— Davlat o‘z siyosatini gender yondashuvi bo‘yicha tashkil qilishi kerak – erkaklarning ham, ayollarning ham o‘ziga xosliklarini inobatga olgan holda ularga o‘z huquqlaridan bir xilda foydalana olishini kafolatlashi lozim.

Gender adolati faqatgina ayollar emas, erkaklar uchun ham kerak. Gender notengligi faqatgina erkaklar va ayollar o‘rtasida emas, o‘zaro ayollar orasida yoki o‘zaro erkaklar orasida ham kuzatilishi mumkin. Qaynonalar va kelinlar, qizlar va onalar, ishlayotgan ayollar va ishlamayotgan ayollar orasida ham notengliklar bor. Shu jumladan, erkaklar orasida ham bu notenglik namoyon bo‘ladi – otalar va o‘g‘illar, ishlayotgan erkaklar va ishlamayotgan erkaklar, yuqori mansabdagi erkaklar va kamroq maosh olib kun ko‘rayotganlar, kuchlilar va kuchsizlar...

Gender notengligini bolalarga nisbatan muomalada ham ko‘rish mumkin. Onalar o‘g‘il bolalarni kaltaklashlari hollari bor. Bu o‘g‘illar keyinchalik katta bo‘lganda xuddi shu harakatlarni o‘zi ham takrorlamasligiga kim kafolat beradi? Jamiyatda nohaqlik faqat qizlarga nisbatan amalga oshirilmaydi.

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi.
Tasvirchi – Muhammadjon G‘aniyev.

Top