O‘zbekiston | 19:18 / 11.01.2023
34479
11 daqiqa o‘qiladi

«Bolamni yubormadim, lekin o‘zim maktabga bordim» - o‘qituvchilar favqulodda e’lon qilingan birinchi dars kuni haqida

11 yanvar kuni O‘zbekistondagi ko‘plab maktablarda uchinchi chorak darslari boshlandi. Favqulodda bekor qilingan qishki ta’til muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qaror ota-onalar bilan birgalikda o‘qituvchilarda ham e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Ba’zi hududlarda 11 yanvar sanasidan o‘qish boshlanishi haqidagi xabar 10 yanvar kuni yarim kechasi e’lon qilingan bo‘lsa, ba’zi hududlarda bugunning o‘zida ma’lum qilindi.

Kun.uz favqulodda e’lon qilingan birinchi dars kuni qanday o‘tgani haqida o‘qituvchilar fikri bilan qiziqdi.

Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani 1-maktab o‘qituvchisi Madinaxon Nizomova: «Maktabga 12 daqiqada yetib kelardim, qalin qorda yurish qiyin bo‘lib naq yarim soatda yetib keldim. Xonamga kirsam, uch nafar o‘quvchim kelibdi, xolos».

Hilola Mamajonova: «Sharmandalik, ota-onalar guruhiga dars bo‘ladi, bo‘lmaydi deb xabar tashlayverib burdimiz qolmadi».

Mavjuda Qobilova: Bizda (Surxondaryo viloyati) darslar boshlandi. Faqat tog‘li hudud mahallalaridagi maktablarda 18 yanvardan boshlanar ekan. Maktabga kelguncha yo‘lda rosa qiynaldim. 15 daqiqalik yo‘lni 45 daqiqada bosib o‘tibman.

Ko‘chada mendan boshqa hech kim yo‘q. Itlarga talanib bir joyda 20 daqiqa qolib ham ketdim. Biror odam ko‘chaga chiqib qolar deb atrofimdagi uylarning darvozalariga umidvor termildim. 20 daqiqa deganda bir hamkasbim ko‘rindi, u bilan maktabga keldim.

Esdan chiqmaydigan kun bo‘ldi, o‘ziyam. Eng yomoni, maktabga kelsak o‘quvchilar deyarli yo‘q. Birinchi soat 34 nafar o‘quvchi o‘qiydigan sinfda 6 kishi bor edi, dars o‘tgandim. Hozir 3-soatdagi darsim bo‘ladigan 10-sinfning xonasida hech kim yo‘q ekan».

Ba’zi o‘qituvchilarning so‘zlariga ko‘ra, o‘qish boshlanishi haqidagi xabar juda kech e’lon qilingani bois bu haqda barcha o‘quvchilar xabar topib ulgurmagan. Shu sababdan ham davomat past.

Doniyor Tursunov: «Davomat pastligi sababi sovuq havo emas aslida. Aksariyat ota-onalar va o‘quvchilar maktab boshlanganidan bexabar. Hamma ham ijtimoiy tarmoqlarga kiravermaydi. Hozir ko‘chada o‘ynab yurgan bolalardan so‘radim, nega maktabga bormadinglar desam, ta’til-ku deyapti. Shahar maktabida 6-sinfda o‘qirkan.

Qancha odam kechasi bilan menga telefon qilib, maktab boshlanarkan, lekin maktab aytmadi-ku bizga deb so‘raganini o‘zim bilaman».

Maktablar sovuqligi sabab, farzandini o‘qishga jo‘natmagan, lekin o‘zi dars o‘tish uchun borgan o‘qituvchilar ham bor.

Ziyoda Mamajonova: «Men ham 11-sinfdagi o‘g‘limni yubormadim. Ammo o‘zim 6 soat dars o‘tib keldim. Svet borida isishni boshlagan xonalar o‘chishi bilan sovib qolyapti. Chidasa bo‘ladi, lekin tashqarida qor to‘xtamadi, sovuq chaqib olyapti. Uyidan kelguncha sovuq qotgan o‘quvchilarga achindim».

Ko‘pchilik ota-onalar farzandini o‘qishga yubormayapti. Chunki bu sovuqda bolaning kasal bo‘lish ehtimoli yuqori. O‘quvchilar kelmaganiga qaramay o‘qituvchilarga uyga ketishga ham ruxsat berishmayotgani sabab, zerikkanidan qorda sirpanchiq uchayotgan andijonlik o‘qituvchilar videosi tarqaldi.

Darsga hech kim kelmaganidan o‘ziga o‘zi salom berib dars o‘tgan o‘qituvchilar ham bo‘ldi.

O‘qituvchilar uchta birinchi sinfni birlashtirib jami bir nafar o‘quvchiga dars o‘tish holati ham kuzatildi.

Maktablarning qishga tayyor emasligi va tizimdagi beqarorlik haqida jon kuydirayotgan o‘qituvchilar ham kam emas.

Gulchehra Haitovna: «Biz maktablarni ochish-ochmaslikni muhokama qilib o‘tirganimizda, qaysidir mamlakatdagi o‘quvchilar navbatdagi xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rib, o‘z bilimlarini oshiryapti.

Bizning maktablar bitta fasl injiqligini ham ko‘tarolmaydigan darajada ekan. Qish sovug‘ini xuddi koronavirus epidemiyasidek qabul qilyapmiz. Qachon tayyor bo‘lganmiz o‘zi? Oradan yana 30 yil o‘tsa ham hali tayyor emasmiz deymizmi?

Ayrim mamlakatlar 1995 yilda o‘z maktablarida o‘tkazgan xalqaro tadqiqotlarni biz haliyam sinov tariqasida o‘tkazib yuribmiz. Oddiygina isitish tizimini hal etolmasak, qachon xalqaro reytinglarda bo‘y ko‘rsatamiz?

2050 yilda ham maktablarni aylanib radiatorlar issiqmi yo‘qmi deb rasmga tushib yuramizmi? Yetar endi...»

Dilobar Berdiyeva: «Ta’tildan foydalanib qiladigan ishlarim rejasini tuzgan edim. Kecha Toshkent viloyatida ham darslar boshlanishi haqidagi xabar tizimga ham, rahbariyatga ham bo‘lgan ishonchimni butunlay yo‘qotdi.

Birinchi xatolari, avvalo, ta’tilni uzaytirmaslik kerak edi. Chunki psixologiyada shunday holat bor: bir fikr miyaga singdirildimi, keyingi fikrlar garchi haqiqat bo‘lsa-da, miya qabul qilmaydi. Tamom. Anomal sovuq, ta’til uzayishi, uydan chiqmay o‘tirish kerakligi hammaning miyasiga joylashdi.

Ikkinchi xatolari, kutilmaganda, ta’tilni bekor qilishdi. Bu qaror bilan bizning hukumat bo‘g‘inlari orasida yakdillik, xalqni o‘ylash, insoniylik, aql va tajriba yo‘qligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Bu ikki xato qaror o‘ziga yarasha noqulayliklarni yuzaga keltirdi.

Soat 22:00 gacha hech qaysi mas’ul vaziyatga munosabat bildirmadi. Holbuki ular ijtimoiy tarmoqlarda xalqning, ota-onaning, o‘qituvchining fikrlarini o‘qiyotgan edilar-ku. Nahotki ular fikrlarni eshitishmaydi, o‘qishmadi.

Ta’til uzaytirilganda ham, ta’til bekor qilinganda ham o‘qituvchidan hech kim fikr so‘ramadi. Direktorlar orqali vaziyat o‘rganilishi kerak edi. Direktorlar o‘z imkoniyatidan kelib chiqib takliflarini kiritishi kerak edi. Bizda unaqa bo‘lmaydi.

Ta’til bekor qilinishi haqidagi xabarni sinf rahbarlari o‘quvchilarga yetkazishi jarayoni hammasidan qiziq bo‘ldi. Bechora ustoz guruhga avval hokim, keyin direktor buyrug‘ini tashlaydi. Birozdan so‘ng, go‘yo hammasiga o‘zi aybdordek, sekin «ertaga maktab» deb yozadi va shu bilan ota-onalar malomatiga qoladi. Ota-onalar bolamga biror gap bo‘lsa, javob berasizmi, deb o‘shqiradi.

Bugun maktablarda ustozlarning kulgili, men uchun «ayanchli» ahvoldagi rasm-videolari tarqalmoqda. Mana sizga o‘qituvchining yuksak maqomi. Mana sizga yangi yilda oldimizga qo‘ygan vazifalar ijrosi.

Vazirlik esa osongina bayonot berdi — Hokimdan so‘rang. Agar hokimdan so‘rasak, siz nega keraksiz?

Hammasini o‘z holiga qaytaring. Agar hozir qattiq turib o‘qituvchini, tizimni himoya qilmasangiz, tizim karvonsaroy bo‘lishda davom etadi. Bu shaxsiy fikrlarim. Biroz hissiyotga berilgandirman. Lekin bu masalada o‘ylab ish qilmasa, oxiri yaxshilik bilan tugamaydi».

Shahnoza Ro‘ziyeva, Yunusobod tumani 98-sonli maktab targ‘ibotchisi: «Oxirgi voqealar ta’lim tizimi qay ahvolda ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Vazirning yosh va tajribasiz ekanligi pand berdi. Kutilayotgan sovuq haqida xabar berishganda bunga qarshi chora sifatida ta’tilni uzaytirdi. Chunki maktablarni isitib qo‘yish, yo‘llarni muzdan tozalab ochib qo‘yishni vazirlik hal qilolmasdi.

Shu joyda maktab faoliyatiga aralashib kelgan hokimliklar ta’tilda ham o‘qituvchi va o‘quvchini yig‘ib selfi qilishga o‘tdi. O‘qituvchi yana vazirlikka yuzlandi. Sovuq sabab ta’til uzaysa-yu o‘quvchilarni maktabga chaqirishdan mantiq qani, deb. Vazirlik o‘sha kuniyoq qaror chiqardi. Sovuqda to‘garak o‘tkazish taqiqlandi.

Bunday keskin javobni kutmagan hokimiyat maktab ochilishini 11 yanvardan o‘z xohishicha e’lon qila boshladi. Yana hamma vazirlikka qaradi. Vazirlik har kim o‘z sharoitidan kelib chiqib o‘qish boshlanishini belgilasin, dedi.

Shu yerga kelganda hokimlik kalovlanib qoldi. Chunki bu majburiyat va javobgarlikni bo‘yniga olish degani. Hokimlik vaziyatni o‘rganguncha yarim tun bo‘ldi. To‘g‘rida, ular qayerdan bilsin maktab sharoitini.

Hozir yarim o‘quvchi kun sovuqligi, yarim o‘quvchi shunchaki bexabarligi uchun maktabga bormayapti. Xo‘sh endi nima bo‘ladi? Shunday kulgi bo‘lishda davom etiladimi yoki har kim eplagan ishini qilsin degan to‘g‘ri qarorga kelinadimi?

Mening taklifim shunday. O‘zimizni ham, vazirni ham kulgiga olishni bas qilaylik. Agar hokimlik aralashmaganda ta’til 18 yanvargacha davom etgan va hech qanday noqulay vaziyat yuzaga kelmagan bo‘lardi. Ta’lim haqidagi qarorni shu sohaga mas’ul, dars nima, jadval nima, kundalik kom nimaligini biladigan insonlar qabul qilsin.

Hokimlik esa quruq siyosat ko‘rsatish, to‘garak faoliyati nazorat qilish, o‘qituvchini yarim kechagacha ushlab turish bilan emas, maktablarni isitish, o‘qish uchun qulay shart-sharoit yaratib berish bilan shug‘ullansin».

Respublikaning mingdan ortiq o‘qituvchilarini bir joyga to‘plagan «Ma’rifat mushtariylari» telegram kanalida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, darslar boshlanganiga qaramay, Kundalik.com hali ishga tushmadi.

«Qaysi tuman hokimi va XTB mas’ullari dars deb e’lon qilishgan bo‘lsa kelgan mavzusidan o‘qituvchilar darsini o‘tishadi. Biroq toki rasmiy ko‘rsatma kelmaguncha kundalikka baho ham qo‘yishmaydi, dars o‘tildi ham bajarilmaydi. 3-chorak davri rasmiy ko‘rsatma bo‘yicha 18 yanvardan boshlanib 18 martda yakunlanadi», deyiladi e’londa.

Mavzuga oid