Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Sun’iy quyoshdan toza energiya olmoqchimiz” – Xitoydagi “Ilm oroli”da ishlayotgan o‘zbek tadqiqotchisi
Asrorbek Eraliyev hozirda Xitoy Fan va texnologiyalar universitetida yadro texnologiyalari bo‘yicha doktorant. U a’zo bo‘lgan ilmiy jamiyat yaqinda plazma torchni 168 soatdan ortiq uzluksiz, turg‘un holatda ishlatib, dunyo rekordini o‘rnatdi. Yil boshida esa “Sun’iy quyosh” deb nomlangan tokamakni o‘ta yuqori haroratda 1066 soniya faol harakatlantirib, yana bir tarixiy yutuqni qayd etdi. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda u rekordlarni yangilayotgan tajribalardagi ishtiroki, “Ilm oroli”ga qanday qabul qilingani, Xitoydagi ta’lim, plazma muhandisligi haqida gapirib berdi.
Asrorbek ilmiy faoliyatini 2017 yil Andijon mashinasozlik institutida boshlagan. Avtomatika muhandisligi bo‘yicha bakalavriat, mexatronika va sun’iy intellektga yo‘naltirilgan magistratura ta’limi uning ilmiy izlanishlarini yanada chuqurlashtirgan. Magistratura davrida Italiyaning Turin politexnika universitetida stajirovkalar va ilmiy tadqiqotlar olib borgan, shu bilan birga O‘zbekistonning “El-yurt umidi” va Italiyaning EDISU Piemonte grantlarini qo‘lga kiritgan.
Xitoy Fan va texnologiyalar universitetida doktorant bo‘lishi esa CAS-ANSO grantini yutishi bilan amalga oshgan. Ushbu grant dunyo bo‘ylab minglab nomzodlar orasidan eng yuqori ilmiy salohiyatga ega talabalarni tanlab oladi.
“Xitoyda o‘qishim boshlanganidan keyingi eng katta yutuq “Ilm oroli” (Science island)ga qabul qilinganim bo‘ldi. Bu joyga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirish imkoni yo‘q. Kuchli tanlov: testlar, so‘ng intervyu bosqichi bo‘ladi. Ilm oroli – Xitoydagi strategik ilmiy markazlardan biri. U yerga saralab olinadigan talabalar soni cheklangan (masalan, yillik 200 magistratura + 300 doktorantura o‘rni): faqat yuqori akademik daraja, aniq ilmiy motivatsiya, tadqiqot rejalari va yuqori potensialga ega nomzodlar qabul qilinadi. Men bilan intervyu bo‘layotgan jarayonda komissiya tarkibida “Ilm oroli”ning bir diviziyasi direktori professor Peng ham o‘tirgan edi. O‘sha yerda ilmiy taklifimni taqdim etdim, ular batafsil savol-javob qilishdi. Shundan so‘ng professor menga o‘z jamoasiga qo‘shilish taklifini berdi va shu orqali “Ilm oroli”da tadqiqotlar olib borish imkoniyatini qo‘lga kiritdim”¸– deydi Asrorbek.
Xitoy fanlar akademiyasi tizimidagi “Ilm oroli” yadro fizikasi, plazma fizikasi, biologiya, materialshunoslik, sun’iy intellekt kabi sohalarda tadqiqot olib boriladigan yirik ilmiy hududdir. Bu yerga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib bo‘lmaydi. Odatda, xorijlik talabalar CAS–ANSO Scholarship (Alliance of International Science Organizations) orqali tanlovdan o‘tadi. Saralov jarayoni ancha kuchli bo‘lib, bir necha bosqichdan iborat: avval onlayn ariza, so‘ng hujjatlar tekshiruvi, keyin tegishli institut tomonidan intervyu yoki imtihon bo‘ladi. Intervyular ilmiy rahbarlar, laboratoriya boshliqlari va professorlar ishtirokida o‘tadi.
“Ariza topshirayotgan nomzod bir nechta asosiy mezonlarga javob berishi kerak: u Xitoy fuqarosi bo‘lmasligi, ingliz yoki xitoy tilida erkin fikrlay olishi, universitet tomonidan qo‘yilgan akademik talablarni bajargan bo‘lishi lozim. Magistratura uchun odatda 1996 yil 1 yanvardan keyin tug‘ilgan bo‘lish sharti qo‘yiladi, PhD uchun esa 1991 yildan so‘ng tug‘ilgan bo‘lishi talab qilinadi. Talaba bir vaqtning o‘zida UCAS (Xitoy Fanlar akademiyasi universiteti) va USTC (Xitoy Fan va texnologiya universiteti)ga ariza bera olmaydi: bittasini tanlashi kerak. Shu bilan birga, boshqa davlat stipendiyasida o‘qiyotganlar yoki Xitoyda allaqachon magistratura/PhD bosqichida bo‘lganlar CAS–ANSO orqali qayta o‘qishga qabul qilinmaydi”, – deydi yosh tadqiqotchi.
Ariza berishda talaba pasport nusxasi, diplom va transkriptlar, tavsiyanomalar, ilmiy taklif (research proposal), til bilish sertifikatlari va tanlagan fakultet talab qiladigan qo‘shimcha hujjatlarni yuklaydi. Hujjatlar tekshirilgach, nomzod professorlar bilan ilmiy suhbatga taklif qilinadi. Intervyuda ilmiy loyihani tushuntirish, tajribalar haqida savollar, motivatsiya, kelajak rejalari va mavzuga oid fundamental bilimlar tekshiriladi.
“CAS–ANSO grantini qo‘lga kiritganlar uchun o‘qish bepul bo‘ladi, yashash va boshqa xarajatlar uchun oylik stipendiya ajratiladi. Talaba CAS markazida to‘liq vaqtli tadqiqot olib borishi, ilmiy rahbar ko‘rsatmalarini bajarishi, yil yakunida baholashdan o‘tishi, dissertatsiya yozishi majburiy hisoblanadi. Yillik baholashdan o‘tolmasa, grant to‘xtatilishi mumkin”, – deydi Asrorbek.
Tadqiqotchi hozir “Ilm-fan oroli”ning strategik markazlaridan biri Plazma fizikasi institutida faoliyat yuritadi. Bu joy Xitoyning eng yopiq va muhim ilmiy hududlaridan biri bo‘lib, unda 2000 dan ortiq olim ishlaydi, ammo xorijlik tadqiqotchilar juda kam: o‘n nafardan ham oshmaydi. Orolning eng asosiy qurilmasi sifatida tanilgan EAST (experimental advanced superconducting tokamak) ya’ni tajriba-sinov uchun mo‘ljallangan ilg‘or supero‘tkazuvchi tokomak qurilmasi shu yerda joylashgan. Sun’iy quyosh loyihasi aynan mana shu tokamak asosida barpo etilgan bo‘lib, insoniyatga cheksiz, toza va xavfsiz energiya yaratish g‘oyasiga qaratilgan.
“Tokamak magnit maydon ichida ultrayuqori haroratda plazmani ushlab turuvchi murakkab tizim va u quyoshdagi jarayonni yer sharoitida qayta yaratishga xizmat qiladi. Quyosh energiyasining siri termoyadro sintezi, oddiyroq tushuntirganda, yengil yadrolarning birlashishi natijasida ulkan energiya hosil bo‘lishi hisoblanadi “Ilm oroli”dagi jamoa shu jarayonni boshqariladigan laboratoriya sharoitida amalga oshirish ustida ishlamoqda. An’anaviy atom elektrostansiyalari esa butunlay boshqa mexanizmga asoslanadi: bu yerda og‘ir yadrolar bo‘linadi, natijada energiya ajraladi. Ammo bo‘linish jarayonida xavfli radioaktiv chiqindilar paydo bo‘ladi va ularning yashash muddati juda uzoq, ekologik xavfi katta. Bundan tashqari, reaksiya zanjirli bo‘lgani uchun nazoratdan chiqib ketish ehtimoli ham mavjud. Tokamakda esa jarayon teskari: yadro birlashishi yuz beradi. Jarayonda radioaktiv chiqindi hosil bo‘lmaydi, xavfsizlik darajasi esa juda yuqori: istalgan vaqtda reaksiya to‘xtatilishi mumkin. Shuningdek, termoyadro sintezi an’anaviy atom elektrostansiyalariga nisbatan bir necha baravar ko‘proq energiya berish imkoniyatiga ega”, – deydi u.
Tadqiqotchining bu yo‘nalishga kirib kelish motivatsiyasi shaxsiy tajribalar bilan bog‘liq. U qishloqda ulg‘aygan, energiya taqchilligi esa mazkur hududlarda eng ko‘p seziladigan muammo hisoblanadi.
“Elektr ta’minotidagi uzilishlar, energiya tanqisligi faqatgina turmush tarzimiz emas, ishlab chiqarish va iqtisodiyotga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun energiyaga doir yechim topishni hamma uchun birdek foyda keltiradigan vazifa deb hisoblaganman. Keyinchalik energetika kelajagi aynan yadro texnologiyalariga bog‘liqligini anglab, shu sohada chuqur izlanishga kirishdim”, – deydi Asrorbek.
Bugun u “Ilm-fan oroli”dagi xalqaro jamoa tarkibida sun’iy quyosh energetikasi bo‘yicha eng yirik tajribalardan birida ishtirok etmoqda. Asrorbek a’zo bo‘lgan ilmiy jamoa yaqinda plazma torchini 168 soatdan ortiq uzluksiz va turg‘un holatda ishlatib, dunyo rekordini o‘rnatdi. Yil boshida esa ular “Sun’iy quyosh” deb nomlangan tokamakni 100 million °C dan yuqori haroratda 1066 soniya davomida faol ishlatdi, bu tarixda qayd qilingan eng uzoq davom etgan barqaror plazma tajribasidir.
Intervyu davomida Asrorbek sun’iy quyosh loyihasining texnik murakkabliklari, plazma barqarorligini saqlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar, o‘zi olib borayotgan ilmiy izlanishlar, jamoasining global energetika muammolarini hal etishdagi hissasi, shuningdek, yosh olim sifatida chet elda ilmiy faoliyat yuritishning mas’uliyati va imkoniyatlari, grantlar, Xitoy universitetlaridagi o‘quv tizimi haqida gapirib berdi.
Suhbatni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Muallif Diyoraxon Nabijonova
Operator Abduqodir To‘lqinov
Montaj ustasi Shohruzbek Abdurayimov
Mavzuga oid
09:51
Tayvan bo‘g‘ozi atrofida keskinlik: Xitoy apreldan beri ilk yirik mashqni o‘tkazadi
19:11 / 28.12.2025
Xitoy AQShning 20ta kompaniyasiga qarshi sanksiya kiritdi
19:33 / 27.12.2025
Xitoyda dunyodagi eng uzun tunnel ochildi
15:14 / 27.12.2025