Bu haqda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshid Ochilov va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Suhrob Zayniyev ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

X.Ochilovning aytishicha, yangi yil ta’tillaridan so‘ng koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari butun respublikada, jumladan, Samarqand viloyatida ham orta boshlagan. Samarqanddagi maxsus shifoxonada ayni paytda ahvoli o‘rtacha og‘irlikdagi va og‘ir bo‘lgan 164 nafar kasallar davolanishmoqda.
COVID-19 kasalligining qayta avj olishiga bosh sabab qilib yangi yil bayrami ta’til kunlarida fuqarolar ijtimoiy masofaga rioya qilmagani, oilaviy yig‘inlar va tadbirlarda ko‘proq ishtirok etishganini ko‘rsatishgan.
Suhrob Zayniyev fuqarolar kasallikka chalinganda vahimaga berilmasliklarini so‘radi. Eng muhimi uy sharoitida turli ukollar va dorilar bilan kasallikni davolashga urinmaslik kerakligi uqtirildi.

«Koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan fuqarolarni davolash uchun SSV tomonidan maxsus protokol ishlab chiqilgan bo‘lib, o‘zboshimchalik bilan davolash kurslarini boshlamasdan, qat’iy o‘sha protokol yo‘nalishda davolash talab etiladi», — dedi S.Zayniyev
Buning uchun eng avvalo oilaviy poliklinikalarga murojaat qilishlari kerak. «102» raqamiga qo‘ng‘iroq qilinsa, koronavirus bilan kasallangan bemorlarga xizmat ko‘rsatuvchi maxsus brigada xonadonga borishi aytildi.
Maxsus shtab telefon raqami: (66) 234-99-48
S.Zayniyev epidemiya yana avj oladigan bo‘lsa, viloyatdagi 7 ta shifoxonada 2800 o‘rinli koyka zaxirasi yaratilgani, 3 oylik dori-darmonlar zaxirasi yaratilganini ham aytib o‘tdi. Fransiyadan keltirilgan, zamonaviy kislorod stansiyalari ham xizmatga shay ekan.
3-son tug‘uruq majmuasida koronavirus infeksiyasiga chalingan homilador va tug‘ruq arafasidagi ayollarni davolovchi maxsus bo‘lim ishga tushirilgani e’lon qilindi.
Shuningdek, vaksina bilan emlanganiga 6 oydan oshgan bemorlar buster vaksinalar bilan emlanishi ham naf berishi eslatib o‘tildi.











