O‘zbekiston | 10:58 / 02.11.2021
8329
2 daqiqa o‘qiladi

Bojxonachilar 156 kilogrammga yaqin giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanmasini fosh etdi

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Oybek” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan yirik miqdorda giyohvandlik vositalarini mamlakatga olib kirishga bo‘lgan urinish fosh etildi.

Foto: Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Bojxonachilar va DXX Chegara qo‘shinlari hamkorlikda  bojxona postiga kirib kelgan fuqaro B.U. boshqaruvidagi “DAF” rusumli avtomashinani o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazishadi. Hujjatlarga ko‘ra, uzum ortilgan avtomashina respublika hududidan tranzit tarzida o‘tib, Rossiyaga yetib borishi kerak bo‘lgan.

Bojxonachilar inspeksion ko‘rik majmuasi orqali avtomashinani ko‘zdan kechirar ekan, avtomashina chuqurlashtirilgan holda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilishi kerakligi to‘g‘risida xulosaga kelgan.

Foto: Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Shubha ostiga olingan yuk avtotransport vositasi tezkor tuzilmalarning maxsus kuzatuvi ostida, “Yangiyo‘l” bojxona postida o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Transportga ortilgan uzumlar tushirilgach, tirkamaning pol qismi ochib ko‘rildi. Polda yashirin bo‘lmalar hosil qilinib, ular orasiga esa yashil rangli yelim idishlar poliuretan ko‘pik ko‘magida zichlab joylashtirilgani aniqlandi.

Foto: Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Joylashtirilgan 141 dona yelim idishlarda, idishi bilan hisoblaganda jami 156 kg.ga yaqin giyohvandlik vositalari borligi aniqlandi. Idishlardagi giyohvandlik vositalarining hidini xizmat itlari payqamasligi uchun idish qopqog‘i maxsus smola - qatron ko‘magida ishlov berilganligi ma'lum bo‘ldi.

Foto: Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 149,76 kg gashish, 4,44 kg opiy va 1,52 kg geroin giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid