AQShda sodir bo‘lgan dahshatli terakt: 11 sentabr voqealariga 22 yil bo‘ldi
Dunyoning biznes markazi – Nyu-Yorkdagi egiz binolar. Oddiy kunlardan biri va binolarda odatdagiday ish qizg‘in. Shu payt oldinma-keyin ikkita binoga ham nimadir kelib urilib, ular qattiq silkinib ketadi. Odamlar nima bo‘lganini tushunishga ulgurmay, tepa qavatlardan beton bo‘laklari pastga uchib tusha boshlaydi. Yong‘in yuz beradi va ko‘p o‘tmay 110 qavatli ikkita bino batamom qulab tushadi.
Bundan roppa-rosa 22 yil avval, 2001 yil 11 sentabr kuni AQShda misli ko‘rilmagan teraktlar amalga oshiriladi. «Al-Qoida» terrorchilik tashkilotining a’zolari bo‘lgan odamlar to‘rtta yo‘lovchi samolyotini parvoz davomida egallab olishadi.
So‘ng ulardan ikkitasini Nyu-York shahrining biznes ramzi – Jahon savdo markazining ikkita osmono‘par binosiga, birini Pentagonga (AQSh Mudofaa vazirligi bosh idorasi) va yana birini Vashingtondagi Oq uy yoki Kapitoliyga (Vashingtondagi Kongress binosi) yo‘naltirishadi.
Terrorchilar uchta samolyotni rejada belgilangan binolarga olib borib urishadi. Ikkitasi Nyu-Yorkdagi osmono‘par egiz binolarga urilib, ularning qulashiga sabab bo‘ladi.
O‘g‘irlab ketilgan uchinchi samolyot Pentagon binosiga zarar yetkazadi. To‘rtinchi samolyot Pensilvaniya shtatidagi Shanksvill yaqinidagi dalaga qulab tushadi.
Teraktlar oqibatida 3000 dan oshiq odam, shuningdek, samolyotlarni egallab olgan 19 nafar terrorchi ham halok bo‘ladi.
Avvalgi materialimizda ushbu hodisaning kelib chiqish sabablari, hodisadan so‘ng AQSh armiyasining Afg‘oniston va Iroqqa bostirib kirishi va boshqa hodisalar batafsil hikoya qilingandi. Bu materialda teraktning qisqacha tafsilotlari va unda ayblangan shaxslar haqida ma’lumot beramiz.
Hodisa tafsilotlari
Nyu-Yorkdagi Manxetten orolida joylashgan Jahon savdo markazi yettita binodan iborat majmua edi. Uning markazida ikkita 110 qavatli shimoliy va janubiy osmono‘par egiz binolar joylashgandi.
Har bir binoda taxminan 35 ming kishi va 430 kompaniya uchun ofis maydoni bo‘lgan. Terrorchilar o‘z harakatlarini 2001 yil 11 sentabr kuni ertalab boshlashadi.
Bu paytda savdo markazida ishlab turgan odamlar birozdan so‘ng boshlariga nima tushishini xayollariga ham keltirmagan holda odatdagiday ishlar bilan band bo‘lishadi.
Soat 8:46. Bostondan Los-Anjyelesga uchayotgan American Airlines kompaniyasining Boeing 767 samolyoti Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazining shimoliy binosiga, 94 va 98 qavatlar oralig‘iga kelib uriladi.
Samolyot bortidagi 81 yo‘lovchi (shu jumladan besh nafar terrorchi) va 11 ekipaj a’zosi halok bo‘ladi.
Soat 9:03. Bostondan Los-Anjyelesga uchayotgan United Airlines aviakompaniyasining Boeing 767 samolyoti Jahon savdo markazining janubiy binosiga 77-85-qavatlar oralig‘iga kelib uriladi.
Samolyot bortidagi 56 nafar yo‘lovchi (shu jumladan besh nafar terrorchi) va to‘qqiz nafar ekipaj a’zosi halok bo‘ladi.
Soat 9:37. American Airlines aviakompaniyasining Vashingtondan Los-Anjyelesga uchayotgan Boeing 757 samolyoti Vashington yaqinida joylashgan Pentagon binosiga uriladi.
Samolyot bortidagi 58 nafar yo‘lovchi (jumladan besh nafar terrorchi) va olti nafar ekipaj a’zosi bo‘ladi.
Soat 10:03. Nyu-Jyersi shtatidagi Nyuark shahridan San-Fransiskoga uchayotgan United Airlines aviakompaniyasining Boeing 757 samolyoti Pensilvaniya janubi-g‘arbiy qismida, Vashingtondan 200 kilometr uzoqlikdagi Shanksvill shahri yaqinida dalaga qulab tushadi.
Samolyot bortidagi 37 nafar yo‘lovchi (shundan to‘rt nafari terrorchi) va yetti nafar ekipaj a’zosi bo‘ladi.
Jahon savdo markazidagi egiz binolariga urilgan samolyotlarning yoqilg‘i sig‘imlari to‘la edi. Shu sababli samolyotlar borib urilganda egiz binolarda kuchli yong‘in kelib chiqadi.
Oqibatda, yuqori qismi vayron bo‘lgan va alanga ichida qolgan janubdagi bino soat 9:59 da, shimoldagi bino 10:28 da qulab tushadi.
Oqibatda 2 977 kishi, jumladan 343 o‘t o‘chiruvchi va 60 politsiyachi halok bo‘ladi. Ular orasida nafaqat AQSh, balki yana 92 davlat fuqarolari, hatto 1 nafar O‘zbekiston fuqarosi ham bor edi.
Nyu-Yorkdagi egizak binolarda bo‘lganlarning 1 366 nafari samolyot binoga borib urilganda, qolganlar esa kelib chiqqan yong‘in tufayli va binolar qulab tushganda halok bo‘lgan.
Jumladan, Nyu-Yorkda 2 753 kishi, Pentagonda 184 kishi, Pensilvaniyada 40 kishi teraktlar qurboni bo‘ladi.
Nyu-Yorkda halok bo‘lganlardan 1 600 nafarining shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lgan. 1 100 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblangan. Keyinchalik vayronalar ostidan o‘n mingdan ortiq turli inson suyaklari topilgan.
Shuningdek, teraktlarda 19 nafar terrorchi halok bo‘ladi. Ulardan 15 nafari Saudiya Arabistoni, ikki nafari Birlashgan Arab Amirliklari, biri Misr va biri Livan fuqarolari bo‘lgan.
Har ikkala bino qulab tushgancha o‘tgan vaqt oralig‘ida o‘t o‘chiruvchilar va qutqaruv xizmati juda ko‘p insonlarni evakuatsiya qilishga ulguradi. Aks holda qurbonlar soni bir necha barobar ko‘p bo‘lishi mumkin edi.
Ikkita osmono‘par bino qulab tushgach uning atrofidagi boshqa binolarni ham vayron qiladi yoki qisman shikastlaydi. Shu jumladan 47 qavatli WTC-7 binosi ham.
Shimoliy minora qulab tushgach uning vayronalari WTC-7 binosiga kelib uriladi va yong‘in kelib chiqadi. Yong‘in yetti soat davom etadi va soat 17:20 da WTC-7 binosi ham qulab tushadi.
Zarar
Ko‘pchilik insonlarning halok bo‘lishidan tashqari bu hodisa AQShga juda katta moddiy va moliyaviy zarar yetkazdi. Birinchi navbatda Nyu-Yorkdagi egizak binolarni sug‘urta qilgan kompaniya bankrot bo‘ldi.
AQShdagi NASDAQ fond birjasi 11 sentabrdan 17 sentabrgacha ishlamadi. Ushbu fond birjasining bunchalik uzoq tanaffus qilishi hodisadan 70 yil avval - 1928-1932-yillarda AQShda yuz bergan iqtisodiy va moliyaviy inqiroz paytida sodir bo‘lgan.
Fond bozorlari odatdagiday ishlay boshlaganda esa qimmatli bozorlar narxi keskin tushib ketadi va oqibatda AQSh kompaniyalari 1,2 trillion dollar mablag‘ yo‘qotadi.
11 sentabr teraktlari oqibatida AQSh davlati budjetiga yetkazilgan moddiy zararning aniq miqdori noma’lum. 2006 yil sentabrda AQSh prezidenti Jorj Bush 2001 yil 11 sentabrda AQShda sodir etilgan terrorchilik xurujlari yetkazgan zarar minimum 500 mlrd dollarni tashkil etishi haqida gapirgandi.
Nyu-Yorkdagi egiz binolarning qulashi atrof-muhitga juda katta zarar yetkazadi. Binolar qulagandan so‘ng atrofga minglab tonna beton uyumlari, oyna siniqlari, metall parchalari, sellyuloza, asbest, qo‘rg‘oshin, simob kabi chiqindilar uyuladi.
Ulardan havoga zaharli gazlar tarqay boshlaydi. Oqibatda Manhetten orolining havosi qattiq ifloslanadi va odamlar orasida kasallik ko‘payadi.
Yodgorlik majmuasi
Oradan 1 yil o‘tib, qulab tushgan Jahon savdo markazi binolari o‘rnida yangi binolar qurilishi boshlanadi.
Yangi Jahon savdo markazi deb atalayotgan joyda terakt vaqtida vayron bo‘lgan bino o‘rniga yana yettita turli bino quriladi. 2014 yilda qurib bitkazilgan 541 metrli Freedom Tower binosi ularning eng balandi hisoblanadi.
2011 yil 11 sentabr kuni Yangi Jahon savdo markazida Milliy yodgorlik majmuasi va muzey ochiladi. Majmua ikkita hovuz va sharsharalarni o‘rab turgan 400 dan ortiq oq eman daraxtlari ekilgan parkdan iborat.
Hovuz chetini o‘rab turgan bronza supaga terrorchilik xurujida halok bo‘lgan 3000 ga yaqin odamning (jumladan, 1993 yilda Jahon Savdo Markazining portlashi natijasida halok bo‘lgan olti kishining ham) ism-sharifi o‘yib yozilgan.
Yodgorlik majmuasi hududida joylashgan muzey AQShning 11 sentabr voqealari oqibatlarini o‘rganuvchi va ularni hujjatlashtiradigan asosiy muassasa hisoblanadi.
2002 yildan boshlab 11 sentabr AQShda Vatanparvarlar kuni sifatida nishonlanadi. 2009 yildan AQSh Umumiy qonunining 111-13-sonli akti bilan bu sana Milliy xizmat va Xotira kuni (National Day of Service and Remembrance) deb ham yuritiladi.
Teraktni taftish qilgan komissiya va aybdorlar
2002 yil 27 noyabr kuni AQShda 11 sentabrda sodir etilgan teraktlarni tekshirish uchun mustaqil komissiya tuziladi. 2004 yilda u fojia holatlarini tergov qilish bo‘yicha yakuniy hisobotni e’lon qiladi.
600 sahifalik hujjatning asosiy xulosalaridan birida terrorchilik xurujlari aybdorlari AQSh hukumati va razvedka idoralari faoliyatidagi «chuqur ma’muriy muvaffaqiyatsizliklardan» foydalangani tan olingandi.
Hisobotning oxirgi bobi juda uzoq vaqt davomida sir saqlanadi. 28 sahifadan iborat so‘nggi bob faqat 2016 yil iyul oyiga kelib oshkor qilinadi.
Unda asosan 11 sentabr kuni teraktlarni amalga oshirgan terrorchilar va Saudiya Arabistoni rasmiylari vakillari o‘rtasidagi ehtimoliy aloqa haqida ma’lumotlar bor edi.
Biroq unda Saudiya Arabistoni va terrorchilar hamkorlik qilgani haqida hech qanday aniq dalillar keltirilmagandi.
AQShda 2001 yil 11 sentabrdagi teraktlar bo‘yicha sudlanib tegishli jazo olgan yagona shaxs – asli marokashlik bo‘lgan Fransiya fuqarosi Zakariyas Mussaui edi.
U 2001 yil avgust oyida Oklaxomadagi uchuvchilar tayyorlovchi yozgi maktabni tamomlab, Minnesota shtatidagi Boeing-747 simulyatorida mashq qilgandan keyin hibsga olinadi.
2005 yil aprel oyida Zakariyas 2001 yil 11 sentabrdagi teraktlarda beshinchi samolyotni olib qochib, teraktni amalga oshirmoqchi bo‘lgan deb topiladi.
Zakariyasning o‘zi sudda samolyotlardan birini olib qochib, Vashington shahridagi Oq uyga olib borib urishni rejalashtirganini aytadi.
2006 yil may oyida bo‘lib o‘tgan sud jarayonida Virjiniya shtatidagi Aleksandriya shahar federal sudining qarori bilan Zakariyas Mussaui umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi.
11 sentabr terrakti hujumlarida gumon qilingan yana olti kishi 2002-2003 yillarda hibsga olinib, bir necha yil Markaziy razvedka boshqarmasi qamoqxonalarida o‘tiradi. So‘ng ular 2006 yilda AQShning Kubada joylashgan Guantanamo qamoqxonasiga yuboriladi.
2008 yil fevral oyida AQSh Mudofaa vazirligi 11 sentabr hujumlarini tergov qilish doirasida olti mahbusni qotillik va harbiy jinoyatlarda ayblaydi.
Komissiya hisobotiga ko‘ra, 2001 yil 11 sentabrda AQShdagi teraktlarni tayyorlashda quyidagilar asosiy shaxslar deb topiladi:
- Kelib chiqishi Pokistondagi beluj qabilasidan bo‘lgan, kuvaytlik Xolid Shayx Muhammad;
- Yamanda tug‘ilgan Ramzi Binalshiba. U terrorchilarga tashkiliy yordam ko‘rsatgan va ularga pul o‘tkazganlikda ayblangan;
- Muhammad al-Qahtaniy. Tergovchilarga ko‘ra, 2001 yil 11 sentabrda to‘rtta Amerika samolyotini o‘g‘irlaganlarning yigirmanchi sherigi. U AQSh vizasini ololmagani uchun teraktlarda ishtirok eta olmagan.
- Bundan tashqari, Ali Abdul Aziz Ali, Mustafo Ahmad Havsaviy va Valid bin Attash ism-sharifli shaxslar 11 sentabr teraktlarini sodir etishda asosiy shaxslar deb topilgan.
11 sentabr teraktlarida ayblanganlar Guantanamoda
Amerikaliklar 11 sentabr teraktlarida ayblangan barchani Kuba orolida joylashgan Guantanamo qamoqxonasida saqlashadi. Uzoq yillar davomida ular na sud qilinadi, na hukm o‘qiladi.
2008 yilda ular orasida bo‘lgan Muhammad al-Qahtoniydan 11 sentabr hodisalariga tegishli ayblovlar olib tashlanadi.
Qahtoniydan ayblovlarning olib tashlanishiga qisman prezident Barak Obama sabab bo‘ladi. U 2009 yil 20 yanvarda prezidentlik kursisiga o‘tirgach, AQSh harbiy prokuraturasining Guantanamodagi barcha faoliyatini to‘xtatishni buyuradi va saylovchilariga qamoqxonani yopishga va’da beradi.
Shundan so‘ng, harbiy departament aybi isbotlanmagan Qahtoniydan 11 sentabr teraktlari bo‘yicha ayblovlarni olib tashlashga majbur bo‘ladi. Biroq u boshqa jinoyatlarda ayblangani uchun Guantanamoda qolaveradi.
2022 yilda jahon OAV 46 yoshli Qahtoniy Guantanamodan ozod qilingani va vatani Saudiya Arabistoniga jo‘natib yuborilgani haqida xabar tarqatdi. Umumiy hisobda Qahtoniy Guantanamoda qariyb 20 yil o‘tiradi.
Keyinchalik prezident Obama o‘z va’dasini bajara olmaydi. Kongressda uning Guantanamoni yopish haqidagi gaplari qo‘llab-quvvatlanmaydi.
Natijada Obama 2011 yil mart oyida Guantanamo qamoqxonasida saqlanayotgan mahbuslarga qarshi harbiy sud jarayonlarini qayta boshlashni buyuradi.
2011 yil aprel oyida AQSh Bosh prokurori Erik Xolder 11 sentabr ishi bo‘yicha ayblanuvchi Xolid Shayx Muhammad va yana to‘rt nafar ayblanuvchi AQSh fuqarolik sudida emas, Guantanamo qamoqxonasidagi maxsus harbiy komissiya tomonidan so‘roq qilinishini tasdiqlaydi.
2011 yil may oyida AQSh harbiy prokuraturasi yana besh nafar gumonlanuvchini, jumladan Xolid Shayx Muhammadni 2001 yil 11 sentabr teraktlariga aloqadorlikda ayblaydi.
2012 yil 5 mayda ularga harbiy tribunal tomonidan tinch aholiga hujum qilish, qasddan jismoniy shikast yetkazish, qotillik, urush qonunlarini buzish, vayronagarchilik, samolyotni olib qochish va terrorizmda ayblanadi. Sudlanuvchilarning beshovi ham «O‘z aybingizni tan olasizmi yoki yo‘qmi?» degan savolga javob berishdan bosh tortadi.
2014 yil iyul oyida Guantanamodagi harbiy tribunal teraktga aloqadorlikda ayblanayotgan besh nafar shaxsdan biri Ramzi Binalshiba ustidan o‘tkazilayotgan mahkama jarayonini to‘xtatish haqida qaror qabul qiladi.
Bunga harbiy shifokorlarning Ramzi Binalshibaning og‘ir ruhiy kasallikka chalingani haqidagi xulosasi sabab bo‘ladi.
Saudiya va Eronga qarshi da’volar
2017 yilning mart oyida AQShda 2001 yil 11 sentabrdagi xurujlarda qurbon bo‘lganlarning qarindoshlari Saudiya Arabistonini «Al-Qoida»ni moliyalash va boshqa yo‘llar bilan qo‘llab-quvvatlashda ayblab, jamoaviy da’vo qo‘zg‘atadi.
Ular Saudiya hukumatidan tovon puli undirish maqsadida 800 kishi nomidan sudga murojaat qilishadi. Keyinroq AQShning yigirmadan ortiq sug‘urta kompaniyasi Saudiya Arabistonining ikki banki va Usama bin Laden oilasiga aloqador kompaniyalarga, shuningdek, bir qancha xayriya tashkilotlariga qarshi 2001 yil 11 sentabrdagi teraktlar bilan bog‘liq kamida 4,2 mlrd dollarlik da’vo arizasi bilan murojaat qiladi.
2019 yil iyul oyida, terakt uyushtirganlikda ayblanayotgan Xolid Shayx Muhammad, agar AQSh rasmiylari o‘ziga o‘lim jazosi berishni talab qilishmasa, Saudiya Arabistoniga qarshi da’vo qilgan odamlar va kompaniyalar tomonida turib, sudda guvohlik berishga tayyorligini ma’lum qiladi.
2019 yil avgust oyida The New York Times gazetasi AQSh harbiy sudi 11 sentabr teraktlari tashkilotchilariga hukm chiqarish bo‘yicha tinglovni 2021 yil yanvariga belgilagani haqida xabar beradi.
Shuningdek, AQSh garchi 11 sentabrdagi teraktlarni tergov qilish bo‘yicha maxsus komissiya Eronning ishtiroki haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri dalillar topmagan bo‘lsa-da, bu davlatdan terakt qurbonlarining yaqinlariga tovon to‘lashni talab qilmoqda.
2016 yilda Nyu-York federal okrugi sudyasi Jorj Daniels Eron 11 sentabr hodisasiga aloqador emasligini, terrorchilarga yordam berishda ishtirok etmaganini isbotlay olmaganini aytib, Eron rasmiylari yetkazilgan zarar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi haqida qaror chiqaradi.
2018 yilning may oyida Amerika sudi Eronning islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va Eron markaziy bankini Nyu-York teraktida halok bo‘lgan 1 008 kishining o‘limiga aloqador deb topadi.
Sud korpus va bank terakt qurbonlarining yaqinlariga milliardlab dollar tovon puli to‘lashi kerak deb qaror chiqaradi.
Nyu-York sudi Eron «Al-Qoida» terrorchilik guruhiga moddiy yordam bergani haqidagi dalillarni tovon puli undirish haqidagi qarorni qabul qilish uchun yetarli deb hisoblaydi.
Biroq Eron va Saudiya Arabistoni ham yon bermoqchi emas va ular boshdanoq 11 sentabr teraktlariga aloqasi yo‘qligini ta’kidlab keladi.
11 senyabr hodisalari haqidagi shubhalar
11 sentabr xurujlari ro‘y berganda hammaning xayoli terrorchilarda va ularning hujumi tufayli kelib chiqqan yo‘qotishlarda bo‘ldi. Yuqorida yozilganday, bunga nafaqat AQShdagi balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida faoliyat olib borgan OAV ham yaxshigina hissa qo‘shdi.
O‘shanda barcha bu teraktni qoralab chiqdi. Uning ijrochilarini jazolash talab qilindi. Ammo keyinchalik AQSh 11 sentabr hodisalariga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan Iroqqa ham bostirib kirgandan so‘ng bu hodisa haqida turli shubha va gumonlar ham paydo bo‘la boshladi.
11 sentabr hodisalari sodir bo‘lgandan so‘ng ko‘plab olimlar bu hodisani sinchiklab o‘rgana boshlaydi. Ularning bir qismi 11 sentabr hodisalari haqidagi asl haqiqatlar AQSh hukumati, xususan kichik Bush ma’muriyati tomonidan yashirilgan deb xulosa beradi.
Bunday xulosaga kelgan olimlardan biri – Yuta universiteti fizika professori o‘sha paytda egiz binolar qoldiqlarini sinchiklab o‘rganadi va binoni qulatish uchun portlovchi moddalardan foydalanilgan degan xulosaga keladi. Uning fikricha, birgina samolyot borib urilishi sabab 100 qavatli binolarning qulab tushishi bu juda shubhali holat.
11 sentabr hodisalari haqida shubha bildiradigan boshqa bir guruh esa, o‘shanda haqiqatdan terrorchilik hodisasi sodir etilganiga shubha qilmasligini bildiradi, ammo «yerning tagida ilon qimirlasa biladigan» AQSh razvedka va xavfsizlik kuchlari terrorchilarning bu hujum haqidagi rejasidan xabardor bo‘lgan va ularni to‘xtatish uchun chora ko‘rmagan deb hisoblaydi.
Ularning fikricha, bu terrorchilik xuruji o‘sha paytda dunyodagi geosiyosiy maydonda nazorat o‘rnatish va energo resurslarga boy hududlarni bosib olish niyatida bo‘lgan AQSh rahbarlariga kerak bo‘lgan. Ammo bu qarashlar va taxminlar jahon miqyosida tan olinmagan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
22:10 / 23.12.2024
AQSh Xitoyning eski chiplariga nisbatan tergov boshladi
19:00 / 23.12.2024
Tramp: AQSh hukumati rasman faqat ikkita jinsni - erkak va ayolni tan oladi
18:12 / 23.12.2024
Bayden o‘limga hukm etilgan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirdi
17:17 / 23.12.2024