Jahon | 08:09 / 20.05.2024
5773
3 daqiqa o‘qiladi

WSJ: AQSh Xitoyni suvosti kabellari orqali josuslikda gumon qilmoqda

Xitoy ta’mirlovchi kemalari Tinch okeanida ishlayotganda o‘z manzilini ataylab yashirishi mumkin, deb yozadi WSJ AQSh rasmiylariga tayanib.

Foto: habr.com

AQSh hukumati rasmiylari telekommunikatsiya kompaniyalarini Tinch okeani orqali internet-trafik o‘tuvchi dengiz osti internet kabellari «Xitoy ta’mirlash kemalari» tomonidan josuslik maqsadida ishlatilishi mumkinligi haqida maxfiy ravishda ogohlantirdi. Bu haqda 19 may, yakshanba kuni The Wall Street Journal yozmoqda. Unga ko‘ra, Xitoyning ehtimoliy tijorat va harbiy ma’lumotlar xavfsizligiga tahdid soladi. 

Xitoy kemalari o‘z joylarini yashiradi

Nashrning ta’kidlashicha, AQSh Davlat departamenti vakillari Xitoyning S.B. Submarine Systems kompaniyasi ta’mirlash kemalari noodatiy xatti-harakatlarini qayd etgan. Suvosti kabellarini yotqizish va ta’mirlashga ixtisoslashgan kompaniya o‘z kemalarining joylashuvini radio va sun’iy yo‘ldosh kuzatish xizmatlaridan yashiradi. Gap, xususan, Xitoyning Fu Hai, Fu Tai va Bold Maverick kemalari haqida ketmoqda, ular Tayvan va Indoneziya yaqinida ishlayotganda ba’zan kuzatuv tizimlariga ko‘rinmas holga keladi. WSJ jurnalistlarining ta’kidlashicha, rasmiylar fikriga ko‘ra, bu xatti-harakatlar tushunarsiz. AQSh rasmiylari S.B. Submarine Systems maxfiy operatsiyalarda ishtirok etadigan kemalarining harakatlarini ataylab yashirishidan xavfsiramoqda.

WSJ shuningdek, AQSh rasmiylari nozik harbiy ma’lumotlarni tashuvchi kabellar yuzasidan ayniqsa hushyor bo‘lish kerakligini da’vo qilmoqda, chunki bu kabellar ko‘pincha tijorat internet liniyalari orqali o‘tadi. Nashrning ta’kidlashicha, AQSh razvedka idoralari uzoq vaqtdan beri dengiz osti optik tolali kabellarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash orqali josuslik qilinishidan xavfsiraydi.

NYT: Xitoy elektromobillari AQSh xavfsizligiga tahdiddir 

Fevral oyi oxirida The New York Times gazetasi AQSh Savdo vazirligi Xitoyning internetga ulangan elektr transport vositalariga nisbatan tekshiruv boshlaganini xabar qildi. AQSh savdo vaziri Jina Raymondoning so‘zlariga ko‘ra, bunday elektr transport vositalari potensial xavfi shundaki, ular «infratuzilma, haydovchilarning smartfonlari, qo‘shni avtomobillar bilan aloqa o‘rnatishi» va shu tariqa «katta hajmdagi ma’lumotlarni» to‘plashi mumkin.

14 may kuni Jo Bayden ma’muriyati sanoatni himoya qilish va adolatsiz raqobatga qarshi kurashish uchun sabablarni keltirib, Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga qattiq cheklovlar qo‘yganini e’lon qildi. Xususan, Xitoy elektromobillari cheklovlarning asosiy maqsadi hisoblanadi: ular uchun import bojlari joriy 27,5 foizdan 102,5 foizgacha oshadi. 

Mavzuga oid