Jahon | 18:43 / 28.04.2023
37567
8 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda askarlar ayovsiz kaltaklangani aks etgan video tarqaldi. Prokuratura 6 kishi hibsga olinganini ma’lum qildi

Hodisa yuzasidan mamlakat harbiy prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Armiyada “dedovshina” qoidalarini o‘rnatmoqchi bo‘lgan shaxslar 10 yilgacha qamalishi mumkin.

Foto: Asia Plus

O‘zi nima gap?

24 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda tojikistonlik chegarachilarning xizmatdoshlari tomonidan shafqatsizlarcha kaltaklangani aks etgan video tarqaldi. Ushbu tasvirlar nafaqat Tojikiston, balki O‘zbekistondagi internet foydalanuvchilari o‘rtasida ham muhokama mavzusiga aylandi.

Videoda xizmatga oldinroq kelgan askarlar armiyaga yangi chaqirilganlarni qanday do‘pposlagani tasvirlangan. “Ded”lar devor yoniga tizib qo‘yilgan yosh askarlarning boshi va orqasiga yog‘och bilan urishgan, navbati bilan yuzlariga qulochkashlab turishgan, ulardan birini yotqizib qo‘yib ayamasdan tepishgan.

Video nima uchun Tojikistonda rasmiylar harbiy xizmatdagi dedovshinani yo‘qotolmayotgani haqidagi savollarni o‘rtaga chiqargan. Internetda harbiy qismda bunday boshboshdoqliklarni keltirib chiqarganlarni topib, qattiq jazolashga chaqiriqlar ko‘paygan.

Internet foydalanuvchilariga ko‘ra, yangi chaqirilganlarga qo‘pol munosabatda bo‘lish harbiy xizmatga majburlarni armiyaga saralash bosqichidayoq boshlanadi, shuning uchun ham aksariyat ota-onalar farzandlarini armiyaga yuborishni istashmaydi.

G‘oyib bo‘lgan rasmiy bayonot

Tojikiston bosh prokuraturasi hodisa So‘g‘d viloyatida Konibodom shahrida joylashgan chegara qismlaridan birida sodir bo‘lgani, yangi kelganlarni “tarbiyalab” qo‘ymoqchi bo‘lgan besh nafar harbiy xizmatchi allaqachon qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

“Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara qo‘shinlarining 0215-sonli harbiy qismi harbiy xizmatchilari serjant Jonibek Qosimzoda, askarlar Faxriddin Azimov, A’zam Kamolov, Mahmadnazar Nozimov va Hojiakbar Sayfulloyev ustav qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, xizmatdoshlari – kichik serjant Mehmonjon Misirov, askarlar Bekzod Choriyev, Zamir Karimzoda, Nekro‘z Amirov, Alisher Musoyevni kaltaklab, sog‘lig‘iga zarar yetkazgan”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Qayd etilishicha, zo‘ravonlar shu yo‘l bilan yangi kelganlarga o‘zlarining jismoniy ustunligini ko‘rsatmoqchi bo‘lishgan. Bosh prokuratura xizmatdoshlarini kaltaklagan shaxslar qo‘lga olingani va ularga nisbatan So‘g‘d garnizoni harbiy prokuraturasi tomonidan Tojikiston Jinoyat kodeksining 373-moddasi 2-qismi “b”, “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirgan. Ushbu modda bo‘yicha aybdor deb topilganlar 5 yildan 10 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Video tarqalganidan bir kun o‘tib, voqea ro‘y bergan harbiy qism boshlig‘i, podpolkovnik Nuzxat Lazuriyev ham hibsga olingan va unga nisbatan mamlakat Jinoyat kodeksining 391-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Agar unga qo‘yilgan modda bo‘yicha uning aybi isbotlansa, sakkiz yildan o‘n ikki yilgacha qamalishi mumkin.

Hozircha internetga qanday chiqib ketgani, uni kim tarqatgani noma’lum. Mamlakat prokuraturasi bunga aniqlik kiritmagan. Rasmiy munosabatda keltirilishicha, harbiy prokuratura va boshqa tergov organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda ushbu voqea 2022 yil 15 dekabrda ro‘y bergani aniqlangan.

Biroq nima uchun yosh askarlar ayovsiz kaltaklangani aks etgan video internetga sizib chiqqandan keyingina aybdorlar qo‘lga olingani va ularga nisbatan jinoyat ishi ochilgani ochiqligicha qolmoqda. Aftidan jinoyatga jazo muqarrarligi ta’minlanmaganidan norozi bo‘lganlar, katta ehtimol bilan jabrlanuvchilarning yaqinlari ushbu tasvirlarni tarqatib yuborgan bo‘lishi mumkin. Ammo bu shunchaki taxmin xolos.

Undan ham qizig‘i, Tojikiston bosh prokuraturasining ro‘y bergan hodisa yuzasidan bergan rasmiy bayonoti bir necha soatdan keyin g‘oyib bo‘lgan. Bu esa ommaviy axborot vositalarining e’tiborini tortgan. Biroq internet kengliklarida hech narsa yo‘q bo‘lib ketmaydi.

Tojikiston bosh prokuraturasining o‘chirib tashlangan bayonoti. Foto: Rasmiy bayonotdan skrinshot

Mahalliy OAVga ko‘ra, bayonot matni nima uchun o‘chirib tashlangani yuzasidan hech qanday izoh berilmagan.

“Dedovshina” va askarlarning o‘limi

Armiyada zug‘umga uchragan askarlar videosi Tojikistonda muddatli harbiy xizmatga bahorgi chaqiruv davom etayotgan bir paytda tarqalgan. Rasmiylar so‘nggi yillarda mamlakatda vatanga xizmat qilish istagida bo‘lgan ko‘ngillilar soni ko‘payganini ta’kidlaydi.

Biroq mahalliy inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, xizmat uchun munosib sharoit yo‘qligi, askarlar bilan qo‘pol muomalada bo‘lish, “dedovshina” mavjudligi, buning oqibatida xizmat vaqtida yosh askarlar halok bo‘layotgani chaqiruv yoshidagi fuqarolar Tojikiston armiyasida xizmat qilishni istamasligining asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda. Biroq rasmiylar harbiy xizmatda “dedovshina” borligini rad etadi.

BBC nashri bahorgi chaqiruv mavsumining birinchi oyi yakunlanayotgan bo‘lsa-da, haligacha belgilangan reja hatto yarimlamagani haqida yozgan. OAVga ko‘ra, harbiy xizmat rejasini to‘ldirishning asosiy yo‘llaridan biri xalq orasida “oblava” deb ataladigan usul bo‘lib qolmoqda. Bunda ko‘cha-ko‘ylar, bozorlar, dam olish joylarida yosh yigitlarni tutib, xizmatga jo‘natiladi. Lekin huquq himoyachilarining aytishlaricha, rasmiylar qonunga xilof bu usul mavjudligini rad etishadi.

Qurolli Kuchlardagi qonunsizlik chaqiriluvchilarning xizmatdan bo‘yin tovlashiga sabab bo‘layotgani aytiladi. Hukumat belgilangan rejani to‘ldirish maqsadida qonun bo‘yicha harbiy xizmatdan ozod qilingan yolg‘iz o‘g‘illar, chin yetimlar va talabalarga ham chaqiruv qog‘ozi yuborayotgani haqida ma’lumotlar bor.

Sovet armiyasidan meros bo‘lib o‘tgan “dedovshina” an’anasi Tojikistonda mustaqillikdan so‘ng ham davom etmoqda. “Ded”lar, ya’ni harbiy xizmatga oldin kelganlarning yosh askarlarni qiynashi natijasida yiliga o‘nlab harbiy xizmatchilar jarohatlanadi yoki halok bo‘ladi. Tojikiston hukumatining BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga bergan hisobotida keltirilishicha, 2019–2021 yillar davomida tojik armiyasidagi “dedovshina” amaliyoti, harbiy xizmatchilarning o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish oqibatida yuzdan ortiq askar halok bo‘lgan.

Hukumat har safar askarlar o‘limini ularning kasalligi yoki baxtsiz hodisasi bilan bog‘laydi, kamdan kam hollarda harbiy qismning mansabdor shaxslari yoki komandirlari harbiy xizmatchilarning o‘limi uchun jazolanadi. Tojikiston bosh prokuraturasi so‘nggi hisobotida so‘nggi uch yil ichida harbiy qismlarda sodir etilgan jinoyatlarni yashirganlik uchun 639 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortilganini ma’lum qilgandi.

Jamshid Niyozov, jurnalist

Mavzuga oid