Bugun askar bo‘lish – ko‘plab yigitlarning orzusi. Lekin yaqin o‘tmishimizda shunday davrlar bo‘lganki, o‘g‘il o‘stirayotgan ota-onalar farzandlari voyaga yetib, armiya yoshiga yaqinlashgan sari vahimaga tushar, ularni harbiy xizmatdan olib qolish uchun hamma narsaga tayyor edilar. Bunday kayfiyat aholi orasida o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan emas.

Sobiq ittifoq davrida armiyadagi nosog‘lom muhit, harbiy xizmatchilar o‘rtasida millatchilik va mahalliychilik chuqur ildiz otgani, “dedovshina” deb atalmish illat tufayli to‘rt muchasi sog‘lom yigitlar harbiy xizmatdan uylariga tobutda yoki mayib-majruh bo‘lib qaytishi avj olgan, tabiiyki, bu muammo o‘zbekistonliklarning armiya va harbiy xizmatga nisbatan munosabatini tubdan o‘zgartirib yuborgan edi.

Harbiy dengiz flotidagi dedovshina.

“1978 yili harbiy xizmatga borganman. Harbiy dengiz flotida xizmatni o‘taganman. Arxangelsk, Shimoliy dengiz, Qutborti degan chekka joylarda, bir yarimorolda xizmat qilganman. O‘sha yillari “dedovshina” eng avjiga chiqqandi. “Ded”larning zulminiyam ko‘rganmiz, keyinchalik o‘zimiz “ded”ga aylangach o‘zimiz ko‘rgan zulmlarni yangi kelganlarga qaytarganmiz.

Harbiydan borishdan avval armiyada, flotda oldin borgan askarlar keyin kelganlarga zug‘um o‘tkazishini, har xil usullarda qiynoqqa solishini bilardik. Shunga ruhan tayyor bo‘lib borganmiz. Eng qizig‘i, men borgan harbiy bo‘linmada mendan boshqa chaqiriluvchilar, ya’ni yosh askarlar bo‘lmagan. Kuzgi chaqiruv bilan yakka o‘zim borganman. Mendan oldingi bahorgi chaqiruvdayam bu yerga yangi askar kelmagan ekan. Menga: “O‘zingni osganing yaxshi bu yerda xizmat qilgandan ko‘ra”, deyishdi.

Rahimjon Rahmat

Harbiy bo‘linmada tundan keyin hali uyg‘onib ulgurmasimdan ustimdan “adyol”ni otib yuborib: “Vstat” deyishdi. Pastga tushishim bilan men umrimda ko‘rmagan-tanimagan ikkita “ded” gumburlatib urib ketishdi. Hech qanday sababsiz. Birinchi kuniyoq kamida 4-5 marta asossiz kaltak yedim”, deb hikoya qiladi qo‘qonlik Rahimjon Rahmat.

“Sovet armiyasida, tabiiyki, ofitserlarga “dedovshina”ning mavjudligi qulay bo‘lgan. Chunki askarlarni “ded”lar orqali boshqarish osonroq bo‘lgan. Ularga ko‘rsatma berilsa bo‘ldi, qolganini “ded”larning o‘zi eplardi, kerak bo‘lsa “ded”lar askarlarga komandirlarning o‘rniga rahbarlik qilishardi.