Xorijiy OTMlarda masofadan o‘qib olingan diplomlar O‘zbekistonda ham tan olinishi mumkin bo‘ladi
Karantin davrida masofaviy ta'limning tashkil qilinayotgani keyinchalik masofaviy ta'lim olganlik to‘g‘risidagi xorijda olingan hujjatlar O‘zbekistonda ham tan olinishiga sabab bo‘lishi mumkinmi?
Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Feruza Madrahimova 17 aprel kungi brifingda shu savolga javob berdi, deya xabar qildi Kun.uz muxbiri.
«O‘zbekiston Respublikasining «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunida ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda kunduzgi, sirtqi hamda kechki ta'lim olish shakllari belgilangan bo‘lib, shu paytga qadar masofaviy ta'lim shakli qonunda ko‘zda tutilmagan edi.
Biroq hozir O‘zbekiston Respublikasining «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunining yangi tahrirdagi loyihasi tayyorlangan va ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qishga tayyorgarlik jarayonida qo‘mitalar tomonidan muhokama qilinmoqda. Yangi qonun loyihasida «masofaviy ta'lim» shakli ham kiritilgan.
Bundan tashqari, 2020 yil davlat dasturida ham yangi o‘quv yilidan boshlab respublikamizdagi 4ta oliy ta'lim muassasalarida masofaviy ta'lim shaklini tashkil etish rejalashtirilgan», – dedi Feruza Madrahimova.
Uning aytishicha, yangi tahrirdagi «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonun va boshqa tegishli qonunosti hujjatlar qabul qilinganidan keyin O‘zbekistonda ham masofaviy ta'lim berishning normativ-huquqiy bazasi mavjud bo‘ladi. Natijada xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olishda ham respublikada amalda mavjud bo‘lgan ta'lim shakli bo‘lgani uchun masofaviy ta'lim orqali olingan hujjatlar belgilangan tartibda tan olinishi mumkin bo‘ladi.
Nostrifikatsiya uchun onlayn ariza berish mumkin
Feruza Madrahimova karantin davrida xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarini nostrifikatsiyalash niyatida bo‘lganlar Davlat xizmatlari agentligining mobil ilovalaridan foydalangan holda ham ariza berishlari mumkinligini bildirdi.
«Karantin e'lon qilingan kundan hozirgacha inspeksiyaga nostrifikatsiya bilan bog‘liq 100dan ortiq arizalar kelib tushdi va ekspertlar tomonidan masaofaviy tarzda o‘rganilmoqda. Lekin ular uchun sinov imtihonlari karantin muddati tugagandan so‘ng o‘tkaziladi», – dedi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rasmiysi.
Mavzuga oid
14:36 / 21.08.2023
«Soxta diplom tufayli obro‘yim bir pul bo‘lgandi» – sobiq IIB xodimining tazarrulari
18:39 / 26.07.2023
14 ta oliy ta’lim muassasasida masofaviy ta’lim shakli joriy etiladi
23:08 / 29.06.2023
Sirtqi ta’lim masofaviy shaklga o‘tkazilishi mumkin
13:08 / 04.11.2022