Jamiyat | 18:00 / 10.12.2018
30740
5 daqiqa o‘qiladi

Qonunga zid reklamalar – telekanallar befarqmi yoki sohani nazorat qiluvchi davlat organi?

Ma'lumki, telekanallar orqali xalqimiz sevib tomosha qiladigan ko‘rsatuvlardan tortib, badiiy film-u seriallargacha, deyarli barchasida tijorat reklamalari namoyish etiladi.

To‘g‘ri-da, ko‘rsatuv va filmlarni tayyorlash va tomoshabin e'tiboriga havola etish efir ortidagi mashaqqatli mehnat va juda ko‘p miqdorda xarajatlar evaziga amalga oshiriladi. Ushbu xarajatlar o‘sha sizu biz unchalik yoqtirmaydigan reklamalar keltiradigan daromad hisobidan qoplanishi hech kimga sir emas.

Biroq, televideniye orqali reklama berish tartibi haqida hamma ham yetarli ma'lumotga ega bo‘lavermasa kerak.

«Reklama to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 17-moddasiga ko‘ra, (televideniye va radiodagi reklama) teleradiotashkilotlar uchun reklamaga ajratilgan ko‘rsatuv vaqti ko‘rsatuvning har bir soatiga 10 foizdan, ya'ni 6 daqiqadan oshib ketmasligi kerak.

Shunga ko‘ra, 45 daqiqadan ortiq davom etadigan konsert-tomosha va sport dasturlari, kino- va telefilmlar reklama uchun to‘liq 45 daqiqalik vaqt oralig‘ida ko‘pi bilan bir marta uzib qo‘yilishi mumkin. Vaholanki, telekanallar orqali efirga uzatilayotgan o‘rtacha 45-50 daqiqalik teleserial orasida eng kamida 3 marta, har birining davomiyligi 3-5 daqiqa bo‘lgan reklama e'lonlari joylashtiriladi.

10 daqiqadan kam davom etadigan teleko‘rsatuvlarga umuman reklama joylashtirilishi mumkin emas. 10 daqiqadan ortiq davom etadigan teleko‘rsatuvlarga esa bu teleko‘rsatuvlarning mualliflik huquqi egasi bilan kelishmasdan turib reklama joylashtirilishi mumkin emas.

Davlat anjumanlari va marosimlari olib ko‘rsatilayotgan paytda uni uzib turib reklamani ko‘rsatish taqiqlanadi.

Bolalar davrasiga (o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lganlarga) mo‘ljallangan ko‘rsatuvlarda reklama qo‘yish mumkin emas.

Biroq, amalda bunga to‘liq rioya etilmayotgan holatlar ham uchrab turibdi.

Masalan, faqat bolalar uchun mo‘ljallangan, «Yoshlar» teleradiokanali» huzuridagi «Bolajon» telekanali orqali reklama e'lonlari efirga uzatilmoqda.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 30 maydagi «O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «Yoshlar» teleradiokanali» yopiq aksiyadorlik jamiyati huzuridagi «Bolajon» bolalar raqamli telekanalini tashkil etish to‘g‘risida» 1976-son qaroriga ko‘ra, «Bolajon» telekanali faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur mablag‘lar Davlat byudjyetidan ajratish belgilangan.

Bundan tashqari, «Zo’r TV» telekanali orqali efirga uzatiluvchi bolalar davrasiga (o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lganlarga) mo‘ljallangan ayrim ko‘rsatuvlarda ham muayyan turdagi mahsulotlarning reklamalari berilayotganiga ko‘zingiz tushadi.

Hech e'tibor berganmisiz, film yoki serial ko‘rib o‘tirganingizda birdaniga reklama efirga uzatiladi-yu, nimagadir televizoringizning ovozi o‘z-o‘zidan balandlashib ketadi.

Bu aslida reklama tarqatuvchining (ya'ni telekanallar) tomoshabin e'tiborini tortishga qaratilgan hiylasi, desak adashmagan bo‘lamiz.

Vaholanki, qonun talabiga ko‘ra dasturlarning reklama qismlari tovushini teleradiodasturning tovushiga nisbatan balandroq qilish taqiqlanadi. 

Teleko‘rsatuvlarning boshlovchilari, diktorlari va boshqa qatnashchilari reklama uchun ajratilgan vaqtdan tashqari paytda mahsulotni bilaturib namoyish qilish yoki uning iste'mol xususiyatlarini bevosita yoki bilvosita tavsiflash huquqiga ega emas.

Ko‘tarilgan masala arzimasdek tuyular, kimlarningdir g‘ashiga ham tegar. Biroq, telekanallarning reklama bloki uchun mas'ul bo‘lgan shaxslar reklama tarqatishning qonun bilan belgilab qo‘yilgan chegaralari mavjudligini bilib qo‘yishlari foydadan xoli bo‘lmaydi. 

O‘ylaymizki, ushbu holatlar tegishli telekanallar mas'ullari va reklama faoliyati sohasida davlat boshqaruvi organi hisoblangan Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining e'tiboridan chetda qolmaydi.

Dilshod Abdukadirov, huquqshunos

Mavzuga oid