«Bolalarimizni faqat chet el mediamahsulotlari bilan katta qilayotganimiz yetar» - Allamjonov bolalar kontentidan reklama taqiqini olib tashlashni so‘radi
Mass-media fondi raisi 1 iyun – Bolalarni himoya qilish kunida bolalar uchun sifatli o‘zbekcha kontent kamligi mavzusini ko‘tardi. Komil Allamjonovning ta'kidlashicha, milliy multfilmlar rivojlanmayotganiga bolalar uchun mo‘ljallangan ko‘rsatuvlarda reklama berish taqiqlangani sabab bo‘lmoqda.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Oliy Majlisga murojaat qildi.
U «Reklama to‘g‘risida»gi qonundan bolalar uchun mo‘ljallangan ko‘rsatuvlarda reklama berish bilan bog‘liq taqiqni (17-modda) chiqarib tashlash, qonunning yangi loyihasidagi 42-moddani ham qayta ko‘rib chiqishni so‘ramoqda.
Allamjonovning fikricha, bu moddalardagi taqiqlar tufayli bolalar uchun kontent tayyorlash faoliyati rivojlanmayapti.
«Chunki studiya va telekanallarga bu yo‘nalish daromad keltirmaydi. Natijada, bizda mulseriallar, tarbiyaviy yoki bilim beruvchi bolalar ko‘rsatuvlari deyarli yaratilmaydi. Borlari ham davlat tomonidan ajratilayotgan arzimagan mablag‘ evaziga paydo bo‘lmoqda.
Oddiy so‘z bilan aytganda, media-biznes uchun bolalar yo‘nalishi o‘zini oqlamaydigan yo‘nalish hisoblanadi», – deya tushuntiradi u.
Mass-media fondi rahbari «bu taqiqlar to‘g‘ri, reklama bolalarga salbiy ta'sir o‘tkazadi», degan fikrga qo‘shilmasligini bildirgan.
«Mening fikrimcha, erkin bozor ishiga turli bo‘lar-bo‘lmas, ensa qotirar vajlar bilan aralashuvlarni bas qilish kerak. Bozorning o‘zi hammasini o‘z iziga solib qo‘yadi, ishoning.
Yetar, bolalarimizni faqat "Karusel", "Disney" kanallari yoki bo‘lmasa, "Masha i medved", "Fiksiki" kabi chet el mahsulotlari bilan katta qilayotganimiz. Mahalliy mahsulotlarimiz, o‘z ertak qahramonlarimizni yaratish zarur. Shu paytgacha bir tuzuk bolalar kitobi, ertaklar, bolalarbop loyihalar deyarli yo‘q. Hammasi ana shunday mantiqsiz turli taqiqlar tufayli rivojlanmaydi.
Bola reklama ko‘rmasin degan bilan, barcha xorijiy kanallar yoki YouTube'dagi barcha bolalarbop ko‘rsatuvlarda reklama bor. Reklama bu har qanday sifatli media mahsulotlarning lokomotivi hisoblanadi. Shuni unutmanglar, hurmatli deputatlar!» – deya xitob qilgan Komil Allamjonov.
U posti yakunida quyidagicha posskriptum ilova qilgan:
«Yana bir gap. Deputatlarimiz xalq manfaatiga xizmatchi ekanliklarini unutmasinlar. Biz ushbu maqsadda ovoz berganmiz ularga, populistik chiqishlar yoki blogerlar bilan olishish uchun emas. Xalq sizga ishonib sayladimi, ishonchni oqlang. Mabodo, hal qilish uchun arzigulik biron masala topilmay qolsa, ikki yil oldingi saylov dasturingizni bir monitoring qilib chiqing. Aniq ishonamanki, hamma va'dalaringizni ham bajarib qo‘ymadingiz. Elektoratingiz va matbuotni qadriga yeting, agar qadri bo‘lsa, albatta».
Eslatib o‘tamiz, «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi OAV sohasi vakillarining e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
«Reklama to‘g‘risida»gi yangi qonun OAV erkinligi va biznes rivojiga yana bir to‘siq bo‘lishi mumkin
Komil Allamjonov kuni kecha shu masalada o‘z nuqtayi nazarini bildirib, qonun loyihadagi holida qabul qilinsa, bu o‘zgarishlar OAVni «moliyaviy jihatdan o‘ldirishi»ni ma'lum qildi va deputatlarni o‘zlari qabul qilayotgan qonunlarning oqibatini o‘ylashga chaqirdi.
Mass-media fondi bayonotida esa qonun loyihasi mamlakatning butun media bozori moliyaviy barqarorligi uchun «tuzatib bo‘lmas darajada zarar yetkazishi» ta'kidlandi.
Parlament quyi palatasi vakillari – vitse-spikerlar Alisher Qodirov va Odil Tojiyev hamda «Yuksalish» harakati raisi Bobur Bekmurodov qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdangina qabul qilingani, hali ikkinchi va uchinchi o‘qishlar borligini ta'kidlashmoqda.
Mavzuga oid

14:42 / 05.03.2025
Reklama qonunchiligini buzgan 30 dan ortiq korxona jarimaga tortildi

13:37 / 27.02.2025
Hindistonda erkak film oldidan haddan uzoq reklama qo‘ygan kinoteatrni sudga berdi va yutib chiqdi

15:04 / 21.02.2025
Komil Allamjonovning yordamchilari Oliy sudda oqlandi

14:36 / 12.02.2025