O‘zbekistonda bolalar sportiga e'tibor ancha yillar oldin boshlangan. Erishilgan natijalar bu sohaga katta resurs va mablag‘ ajratilganini isbotlab turibdi. «Ammo», deydigan holatlar ham mavjudligi hech kimga sir emas. Masalan, sportchilarni xalqaro arenalariga yuborish uchun mablag‘ har doim ham davlat budjetidan ajratilmaydi. Shaxsiy mablag‘lar ham qo‘shilishi hisobga olinadigan bo‘lsa, masala jiddiy o‘rganishni talab etadi, chunki sportchilarning ota-onalari hisobidan musobaqalarga qatnashishini oddiy holat, deb qabul qilmaslik lozim. Yo‘qsa, bolaning kelajakka ishonchini so‘ndirib qo‘yish mumkin. Umuman olganda, xalqaro sport musobaqalari uchun ketadigan sarf-xarajatlar kimning hisobidan amalga oshirilishi lozim?
«Sport federatsiyalariga qancha mablag‘ ajratish bo‘yicha monitoring olib borilishi kerak»
Aziz Jo‘raboyev (O‘zbekiston penchak silat federatsiyasi raisi)
— Sport federatsiyalariga mablag‘ ajratish 2 xil bo‘ladi: olimpiadaga kiritilgan va kiritilmagan sport turlari. Birinchisiga ko‘proq e'tibor va moddiy yordam beriladi, chunki uning natijadorligi yuqoriroq bo‘ladi, deb baholanadi. Ikkinchi turdagi sport turlari ham asta-sekinlik bilan rivojlanyapti, hozirdan bularga ham yetarlicha ahamiyat berilsa, ilg‘or yutuqlarga erishish mumkin. O‘tgan yili sport federatsiyamizga atigi 5 million so‘m ajratilgan. Bu pul bilan qaysi davlatga borib kelsa bo‘ladi? Bu yilda esa Osiyo o‘yinlarida yaxshi natija ko‘rsatganimiz uchun vazirlik tomonidan 25 million so‘m o‘tkazildi. Uning 10 millioni O‘zbekistondagi musobaqaga, qolgani chet elga borish uchun. Berilgan summa xorijga chiqish uyoqda tursin, O‘zbekistonda ikkita musobaqa o‘tkazishimga yetmaydi. Har yili an'anaviy tarzda 3ta musobaqa o‘tkazishim kerak. Bittasiga 15-20 mln so‘m sarflayman. Hattoki ichki xarajatlarni qoplash imkoni yo‘q.
Qonunchilikda olimpiada sport turlariga ko‘proq e'tibor berilishi kerak, boshqalariga kamroq, degan band mavjud emas. Demak, vazirlik tomonidan qaysi sport turiga qancha mablag‘, qaysi mezonlarga ko‘ra ajratilayotgani ma'lum qilinishi kerak.
Taklifim shundan iboratki, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi yil boshida sport federatsiyalariga oldindan belgilangan tartibda mablag‘ tushirib berishi kerak. Undan keyin yil so‘ngida berilgan summa qanaqa maqsadlarga sarflangani bo‘yicha federatsiyalardan hisobot olinishi lozim. Hozir vaziyat qanaqa? Vazirlikka murojaat qilishimiz kerak pul o‘tkazish masalasida. So‘rovimiz qondirilishi yoki aksincha bo‘lishi mumkin. Vazirlik tarkibida bitta monitoring guruhi tashkil qilinsa, har bitta sport federatsiyalari faoliyati bo‘yicha monitoring olib borilsa, statistik tahlillar o‘tkazilsa, o‘ylaymanki, sportdagi haqiqiy vaziyat shundayligicha yuzaga chiqqan bo‘lardi. Yana bir fikrni aytmoqchiman: sport federatsiyalarini sayyohlarni jalb qiluvchi vositaga ham aylantirish mumkin. Hech qaysi soha mamlakatni sportchalik tez tanita olmaydi. Shuning uchun federatsiyalar turistik oqimni ko‘paytirishda platforma vazifasini ham bajara olish imkoni bor.















