Jahon | 20:37 / 30.05.2021
48322
19 daqiqa o‘qiladi

Turk mafiozi jonli bombami: u YouTube’da e'lon qilgan shov-shuvli videolarda nimalar haqida so‘z boradi?

Uyushgan jinoiy tashkilot tuzgani uchun qidiruvda bo‘lgan va ayni paytda chet elda yashayotgan Sedat Peker ismli shaxs YouTube yulduziga aylandi. Uning bir qator turk siyosatchilari va ishbilarmonlari nishonga olingan, ularga qarshi jiddiy ayblovlar ilgari surilgan videolari turk va xorij matbuotida keng muhokama qilinmoqda. Pekerning videolarini millionlab odamlar turli platformalar orqali tomosha qilmoqda.

Sedat Peker / Youtube

Ayni paytda hukmron partiya ichida «ulkan inqiroz» sifatida ifoda etilayotgan ushbu masalaning boshlang‘ich nuqtasi va u qayergacha borishi mumkinligi borasida turlicha fikrlar yangramoqda.

Xo‘sh, Pekerning videolari e'lon qilingan paytdan boshlab ayni kunga qadar nimalar sodir bo‘ldi?

Sedat Peker kim?

1990-yillardan beri «mafiya operatsiyalari»ning eng muhim nomlaridan biri bo‘lgan Sedat Peker muqaddam uyushgan jinoyatchilik tashkiloti yetakchisi sifatida sudlangan va 2014 yilda qamoqdan chiqqan.

U 1997 yil Rizeda kontrabandachi ekanligi aytilgan Abdulla To‘pchini o‘ldirishda ayblanadi va sudda oqlanadi. Biroq u bilan birga sudlangan ikki kishi To‘pchini o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Shundan so‘ng Peker Ruminiyaga qochib ketadi, ammo ushbu barcha ayblovlar bo‘yicha ochilgan tergov natijasida u 1998 yilning avgustida Turkiyaga keltiriladi. Ko‘plab jinoyatlar uchun unga qarshi o‘tkazilgan sud jarayonlaridan so‘ng 1999 yil may oyida ozod qilinadi. Ushbu davr mobaynida u sakkiz oy qamoqda bo‘ladi.

Peker 2000-yillar boshlarida uyushgan jinoyatchilik tashkilotlariga qarshi olib borilgan keng ko‘lamli operatsiyalar natijasida 2005 yil 12 martda Istanbulning Kontrabanda va uyushgan jinoyatchilik bo‘limi tomonidan olib borilgan «Kapalak» operatsiyasida hibsga olinadi.

Sud ishi 2007 yil 31 yanvarda yakunlanib, Peker 14 yil 5 oy 10 kunlik qamoq jazosiga hukm qilinadi. «Qurolli terroristik tashkilot tuzish»da ayblangan yana bir ishda Peker bir yil-u uch oylik qamoq jazosiga, Ergenekon ishi bo‘yicha 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilinadi.

2014 yil 10 martda maxsus vakolatli sudlar yopilib, qamoqda saqlash muddati 10 yildan 5 yilgacha qisqartirilgandan so‘ng, Ergenekon ishi bo‘yicha sudlanuvchilarni ozod qilish to‘g‘risidagi buyruqlar jinoiy ishlar bo‘yicha yuqori sudlar tomonidan birin-ketin bekor qilinadi.

Bu doirada Sharqiy Perinchek, Kamol Kerinchsiz va Tunjay O‘zkan kabi ismlar bilan bir qatorda, garchi unga har xil jinoyatlarda hukm chiqarilgan bo‘lsa-da, Peker ham ozod qilinadi.

2015 yil 1 noyabrdagi umumiy saylovlar oldidan Peker oktabr oyida Rize shahrida «Terrorizmga la'nat» shiori ostida yig‘ilgan odamlar qarshisida nutq qiladi. Uning «daryo-daryo qon to‘kamiz» degan gapi reaksiyalarga sabab bo‘ladi.

2016 yil boshida komendantlik soati va zo‘ravonlikni tugatish uchun «Biz bu jinoyatning ishtirokchisi bo‘lmaymiz» degan bayonot bilan chiqqan Tinchlik akademiklariga Peker «Daryo-daryo qoningizni to‘kamiz va qoningizda dush qabul qilamiz» degan gaplar bilan tahdid qiladi.

Ushbu gaplarga ko‘plab muxolif siyosatchilar, inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar va akademiklar munosabat bildirishi ortidan Pekerga qarshi Istanbul Onado‘li sudi 20-jinoiy instansiya sudida da'vo qo‘zg‘atiladi. Biroq sud jarayonida aytgan gaplari «so‘z erkinligi» doirasida ko‘rib chiqilgan Peker yana oqlanadi.

Uskudarda 2017 yil 15 iyuldagi yubileyda qilgan nutqida «Biz ularni qamoqxonalarda ham osamiz» degan so‘zlari ortidan da'vo ochilgan Peker 2018 yilda bu da'vodan ham qutuladi.

O‘tgan yili chet elga qochib ketgan degan ayblovlar bilan ismi yana kun tartibiga chiqqan Peker 2020 yilning fevralida «jinoyat sodir etmaganligi va chet elga qochib ketmaganligi, universitetda o‘qish uchun bir necha oy davomida Bolqonda bo‘lishi»ni ma'lum qiladi.

Bir muncha vaqt o‘tgach, uyushgan jinoyatchilik tashkiloti tuzishda ayblanib qamoqda o‘tirgan Alouddin Chakichi amnistiya asosida ozod qilingach, u Chakichi nishonga olingan bir videoni tarqatadi. O‘zaro tahdidli bayonotlardan so‘ng, ikkala tomon telefonlashadi. Peker bundan keyin ular endi bir-birlariga dushman bo‘lmaslikka va'da berishganini aytadi.

O‘sha vaqtlarda e'lon qilgan videolaridan birida G‘aznachilik va moliya vaziri Berat Olbayroq «Meni yo‘q qilmoqchi», deydi va uning chet elga chiqishi uchun sabab bo‘lgan narsa shu ekanligini aytadi. Ushbu videodan bir necha kun o‘tgach, u Olbayroqqa qarshi gaplarni boshqa insonlarning ta'siri ostida aytganini ma'lum qiladi.

1990-yillardan beri ko‘p marta tergov qilingan Peker ba'zi ishbilarmon odamlar va sportchilar bilan ham ishbilarmonlik aloqalarida bo‘lgan. Peker ushbu ishlardan orttirgan pullari bilan ba'zi tashkilotlarga «yordam bergani»ni ta'kidlaydi. Ushbu tashkilotlarning ayrimlari unga xayrsevarlik mukofotlarini ham berishgan.

Sedat Peker  qanday qilib YouTube yulduziga aylandi?

Sedat Peker chet elda e'lon qilayotgan videolarida bir qator da'volarni ilgari surmoqda. U 2 may kuni o‘zining ilk videosini YouTube’dagi kanaliga yukladi.

Pekerning 23 may kuni eng ko‘p tomosha qilingan yettinchi videosi 15 million martadan ko‘proq ko‘rildi. Bundan tashqari, u Twitter’dagi akkauntiga voqealar rivoji bilan bog‘liq postlarni ham joylab bormoqda.

Peker tomonidan ilgari surilgan ayblovlarda nomi tilga olingan ba'zi kishilarga qarshi operatsiyalar tashkil etilib, uy va ish joylarida tintuvlar o‘tkazildi. Biroq ayrim shaxslar va advokatlar birlashmalari, xususan, Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu ham Pekerning bayonotlari bilan bog‘liq turli jinoiy alomatlar mavjudligini aytdi.  

Pekarning ayblovlari haqida Soylu nima dedi?

Peker o‘zining birinchi videolarida unga aprel oyida Turkiyaga qaytishi mumkinligi haqida va'da berilganini aytib, ba'zi odamlar va muassasalar haqidagi da'volarni ilgari surdi.

Pekerning videolariga ilk rasmiy munosabat Ichki ishlar vazirligi tomonidan 9 may kuni e'lon qilingan yozma bayonotda berildi. Mazkur bayonotda ayblovlar «tuhmat» deb ta'riflandi va bu ayblovlarga «xavfsizlik kuchlari va davlatga qarshi yangi uyushgan jinoiy faoliyat sifatida qaralishi» ta'kidlandi.

Biroq Peker vazirlik va Soyluning ushbu bayonotiga juda keskin javob qaytardi. Ushbu bayonotlardan so‘ng suratga olgan videosida Soylu haqida ko‘plab da'volarni bildirdi va uni haqorat qildi. Peker Soyluni «U mening Turkiyaga qaytish chiptam edi» deb ta'rifladi va agar unga qarshi tergovlar davom etgudek bo‘lsa, bu haqda xabardor qilishga va'da berganiga ishora qildi.

Soylu 19 may kuni TRT Haber va 24 may kuni HaberTürk kanalida Peker da'volari bilan bog‘liq savollarga javob berdi. Soylu Pekerning ayblovlarini «bema'nilik» deb ta'riflab, uning Turkiyaga qarshi «operatsiya uyushtirgani»ni aytdi.

Soylu Pekerga himoya bergani haqidagi ayblovlarni ham rad etdi, bu himoya unga oldingi davrlarda berilgani va u rahbarlik qilayotgan davrda qaytarib olinganini ta'kidladi.

«Garchi uning da'vo va tuhmatlari mutlaqo bo‘sh bo‘lsa ham, u davlatni nishonga olmoqda. Go‘yo u o‘z nomidan Turkiyaga vasiylikni ilgari surmoqda va deyarli barchaga «Jilovingiz mening qo‘limda», demoqda. …Turkiya 17-25 dekabr, 6-7 oktabr va 15 iyul kunlaridagi barcha jarayonlar bilan operatsiya qilinmoqda. Turkiyaning boshiga olib kelinmoqchi bo‘lgan narsa ham aynan shudir», deydi Soylu. U sodir bo‘lgan voqealar tufayli iste'foga chiqmasligini bildirdi.

Milliy harakat partiyasi rahbari Davlat Bog‘chali Soyluni qo‘llab-quvvatladi. U 25 may kuni o‘z partiyasi yig‘ilishida ichki ishlar vaziri yolg‘iz emasligini ta'kidlar ekan, «Turkiyani ijtimoiy tarmoqdagi tuhmatlar bilan qo‘lga kiritib bo‘lmasligi, Turkiyaning kun tartibi videoqaydlar bilan garovga olinmasligi» haqida gapirdi.

Ichki ishlar vaziri, shuningdek, Pekerning videolari bilan bog‘liq «haqorat va tuhmat» asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilganini va o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar tekshirilishini talab qildi. Soyluning yana bir shikoyati internethaber.com boshqaruv kengashi raisi Hadi O‘zishik va uning ukasi Sulaymon O‘zishik haqida bo‘ldi.

O‘zishiklar bu masalaga qanday qilib aralashib qoldi?

Soyluga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atgan aka-uka O‘zishiklarning masalaga aralashuvi ular Peker va ichki ishlar vaziri o‘rtasida «vositachilik» qilgani haqidagi iddaodan keyin boshlandi.

Jumhuriyat xalq partiyasi (SHP) guruhi raisining o‘rinbosari O‘zgur O‘zel 18 may kuni Halk TV’dagi televizion dasturida O‘zishiklardan Soyluning xabarlarini Pekerga yetkazib-yetkazishmaganini so‘radi.

Hadi O‘zishik bu da'volar yolg‘on ekanini aytdi. Shundan so‘ng Peker Hadi O‘zishik bilan Facetime’da o‘tkazgan va yozib olgan ikki suhbatning qaydini Twitter’da e'lon qildi.

Peker tomonidan e'lon qilingan birinchi videoda Hadi O‘zishikning Soylu bilan uchrashgani va ushbu uchrashuvga doir dialoglarni bayon qilgani aks etadi. Hadi O‘zishik ham «ikki sevimli do‘sti o‘rtasida qolgani»ni aytadi.

E'lon qilingan ikkinchi videoda esa Hadi O‘zishik Pekerning Youtube uchun suratga olingan videocidan o‘z ismini chiqarib tashlashni iltimos qiladi va «Sulaymon Bey bilan uchrashishga ketgan Sulaymon O‘zishik», deydi. O‘zishik keyinchalik o‘zining Twitter’dagi sahifasi orqali Soylu va jamoatchilikdan uzr so‘radi.

Soylu Hadi va Sulaymon O‘zishikka qarshi «haqorat», «tuhmat qilish» va «tashkilot tarkibidagi iyerarxik tuzilishga mansub bo‘lmagani holda tashkilotga bila turib yordam berish» ayblovlari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. 

Shundan so‘ng aka-uka O‘zishiklarning uyi va ularga tegishli veb-saytning ofisida tintuv o‘tkazildi. Tintuv paytida «telefon va raqamli materiallar» musodara qilindi.

Mehmet Agarni qanday ayblovlar kun tartibiga olib chiqdi?

Pekerning videolari sobiq ichki ishlar vaziri Mehmet Agar ham kun tartibiga chiqishiga sabab bo‘ldi.

Mehmet Agar – 1996 yilda Susurluk mojarosidan keyin «mafiya-siyosat-davlat» uchburchagidagi murakkab, ammo qorong‘i munosabatlar haqidagi da'volar va sirishtiruvlar markazida bo‘lgan nomdir.

Bir muddat «To‘g‘ri yo‘l» partiyasining yetakchisi bo‘lib ishlagan Agar 2011 yilda «jinoiy tashkilot boshqaruvchisi» bo‘lganlik ayblovi bilan besh yilga ozodlikdan mahrum etiladi  va 1 yil-u 4 kun qamoqda yotgandan keyin shartli ravishda ozod qilinadi.

Pekerning da'volarida Agar ozod bo‘lgach, boshqaruv raisi bo‘lgan Bodrum Yalikavakdagi bir marina ham bor. Shuningdek, videolarda Mehmet Agarning o‘g‘li – hozirda hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP)ning Istanbuldagi bo‘limi rahbari o‘rinbosari bo‘lgan Tolga Agarning ba'zi jinoyatlarga aloqador ekani, ammo ular yashirib kelinayotgani haqida ham da'vo qilinadi.

Mehmet Agar Pekerning ayblovlarini rad etdi. Sözcü gazetasida e'lon qilingan Saygi O‘zturk bilan kechgan suhbatda u hozirda daxlsizlik huquqiga ega emasligi hamda o‘zi bilan bog‘liq istalgan tekshiruv davlat tomonidan o‘tkazilishi mumkinligini aytdi.

«Bizni bu yerdan uzoqlashtirib, nima qilinishi ayon: bu yerga mafiya qulashi aniq. Agar mafiya bugun bu yerga kira olmayotgan bo‘lsa, buning sababi bizning bu yerda ekanligimizdir», dedi u Yalikavakdagi marinani zo‘rlik bilan egallab olganliklari haqidagi da'volarga nisbatan.

Biroq Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soyluning bu gaplariga munosabat bildirishi ortidan u uzr so‘radi va o‘zining noto‘g‘ri ifoda etganini bildirdi.

Kutlu Adali va Ug‘ur Mumchining o‘ldirilishi nima uchun yana kun tartibiga qaytdi?

Pekerning 23 may kuni e'lon qilingan videolarida kun tartibiga keltirilgan va Agarning ismi tilga olingan yana bir masala 1990-yillarda sodir etilgan ikkita suiqasd bilan bog‘liq.

Ulardan birinchisi 1996 yil 6 iyulda Shimoliy Kiprda jurnalist va yozuvchi Kutlu Adalining o‘ldirilishidir. Pekerning ta'kidlashicha, Mehmet Agar undan Adalini o‘ldirish uchun yollanma qotil talab qilgan.

Peker shundan so‘ng ukasi Atilla Pekerni Kiprga yuborganini, ammo o‘sha paytdagi politsiyaning bosh direktor maslahatchisi Korkut Eken bilan uchrashganda «boshqa bir guruh Adalini o‘ldirgani aytilgani»ni bayon qiladi.

Ushbu ochiqlamada ismi tilga olingan Atilla Peker 16 may yakshanba kuni hibsga olindi. Soylu HaberTürk’dagi bayonotida Atilla Pekerning Adali qotilligi yuzasidan emas, balki litsenziyasiz qurol saqlangani to‘g‘risidagi xabar ortidan hibsga olinganini ta'kidladi.

Sedat Peker tomonidan kun tartibiga olib chiqilgan ikkinchi jinoyat esa Ug‘ur Mumchining o‘ldirilishi edi. Peker suiqasddan keyin voqea joyiga birinchi bo‘lib borgan odam Mehmet Agar ekanligini ta'kidlaydi.

Mumchining rafiqasi Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisining sobiq o‘rinbosari Guldal Mumchi ushbu masala bo‘yicha ma'lumotga ega bo‘lgan har bir kishini so‘zlashga va oxirigacha borishga chaqirdi. «G‘ishtlarni sug‘uring, devor qulasin, kim uning ostida qoladigan bo‘lsa, qolaversin», dedi Mumchi.

Binoli Yildirim o‘z o‘g‘li haqidagi ayblovlarga nima deb javob berdi?

Pekerning 23 may kungi videosida ilgari surilgan yana bir da'voga ko‘ra, kokain savdosining yo‘li Kolumbiyadan Venesuelaga qaytgan va Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP)ning vitse-prezidenti, sobiq bosh vazir Binoli Yildirimning o‘g‘li Erkam Yildirim esa ushbu yangi marshrutni Venesuelada yaratish uchun u yerga borgan.

Video e'lon qilinganidan ko‘p o‘tmay bayonot bergan Binoli Yildirim bu ayblovlarni rad etdi. «Ayblovlar mutlaqo tuhmatdir, ularni qat'iyan rad etamiz. Biz va giyohvand moddalarni yonma-yon qo‘yish turib bitgan haqoratdir», dedi u.

U o‘g‘lining 2020 yil dekabr oyida Venesuelaga borganini va uning tashrifidan maqsad ushbu mamlakatga koronavirus epidemiyasi tufayli test to‘plamlari va tibbiy niqoblarni yetkazish bo‘lganini aytdi.

AKP’da inqiroz bormi, muammo qanchalik katta?

AKP ham, MHP ham ushbu jarayonda ittifoqqa bog‘liq qarorlar bilan bir qatorda har qanday qadam otishga qodir, deb ishonilmoqda.

«Ushbu voqealar AKP ichida «Siyosat yuk ko‘tarmaydi», deb talqin etilmoqda. AKP ichida Erdo‘g‘an hali hammasini tuzatishiga umid qilinmoqda», deydi hukumat rasmiysi.

Manbaga ko‘ra, «Soylu va Agar jamoasiga yordam bo‘lsa, AKP’ning ballari kamida 5-6 ballga kamayadi. Ammo agar prezident ularni oqlasa, AKP qutulib qoladi va vaziyatdan talafotsiz chiqadi».

Partiyadagi yana bir manbaga ko‘ra, «Garchi Peker prezidentni to‘g‘ridan to‘g‘ri ayblamayotgan bo‘lsa-da, korrupsionerlarni partiya ichida saqlashda uni ayblamoqda. Agar prezident Soylu va Agar jamoasining tarafini olsa, bu ish partiyada bo‘linishni keltirib chiqaradi. Bu – AKP uchun juda katta inqiroz. Chunki Peker – bu sizga qachon qaytib kelishi noma'lum bo‘lgan jonli bombadir». 

Erdo‘g‘an qanday munosabat bildirdi?

AKP parlament guruhi yig‘ilishida so‘zga chiqqan Erdo‘g‘an Pekerning da'volaridan so‘ng ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu va sobiq bosh vazir Binoli Yildirimni qo‘llab-quvvatladi.

«Biz 19 yil davomida qo‘llaridagi mavjud bo‘lgan barcha imkonlarni olib, jinoiy tashkilotlarni birma-bir qulatdik. Turkiyani qonundan boshqa usul amal qilmaydigan darajaga olib chiqdik. Terroristik tashkilotlarga qarshi kurash olib borgan ichki ishlar vazirimizning yonida bo‘ldik va yonida bo‘lamiz», dedi u.

Muxolif partiyalar nima demoqda?

Muxolifat partiyalari rahbarlari Pekerning da'volari yuzasidan boshqaruv inqirozi ro‘y berganini ta'kidlamoqda va prokurorlarni ishlashga chaqirmoqda.

CHP rahbari Kamol Qilichdaro‘g‘li T24 veb-saytiga bergan intervyusida voqealar rivojini «Davlatni boshqara olmaslik. Ba'zi doiralarga taslim bo‘lish», deb baholadi.

İYİ (Yaxshi) partiyasining raisi Meral Akshener «Qaror» gazetasida «Ayblovlar juda dahshatli. O‘rtaga chiqqanlar esa butunlay sharmandalik. Bu bir-biriga bog‘liqlik, ayniqsa, kokain masalasi. Bir davlatning chuquri, sayozi bo‘lmaydi», dedi.

DEVA partiyasining rahbari Ali Bobojon ushbu voqea 90-yillarni eslatib yuborganini aytdi. «Bularning yana bir bor zohir bo‘lishi mamlakatimiz uchun juda achinarli holat», dedi u.

Otabek Tillayev tayyorladi.

Mavzuga oid