15:00 / 06.04.2020
33405

Bosh prokuratura fuqarolardan kundalik yuritishni so‘radi

Bosh prokuratura fuqarolarga 6 apreldan boshlab kundalik yuritishini so‘rab murojaat qildi. Karantin davrida har bir fuqaroga qachon, kim bilan, qayerda va qay tarzda muloqot qilganini yozib borish tavsiya etilgan.

«Bosh prokuratura joriy yilning 4 aprelida koronovirus keng tarqalishining oldini olish, tegishli xizmatlarga mazkur kasallikka chalingan bemorlar bilan aloqada bo‘lgan shaxslarni tezkor ravishda aniqlash va ularning boshqa fuqarolar bilan muloqotini cheklash bo‘yicha ko‘maklashish choralarini belgiladi.

Jumladan, Bosh prokuraturada koronovirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar doirasini aniqlash bo‘yicha idoralararo Shtab, hududlarda esa, idoralararo ishchi guruhlar tuzildi.

Mazkur guruhlar koronovirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan tegishli surishtiruv ishlarini o‘tkazadi, ularning epidemiologik marshruti, kim bilan qachon, qayerda muloqotga kirishganini aniqlaydi.

Fursatdan foydalanib, Bosh prokuratura fuqarolarimizdan bugundan boshlab o‘zlarining kundaliklarini yuritishlarini so‘raydi.

Har bir fuqaro qachon, kim bilan, qayerda va qay tarzda muloqot qilganini yozib borishi maqsadga muvofiqdir.

Bu ma'lumotlar avvalo, kasallikning oldini olish, uning tarqalishiga chek qo‘yish, pirovardida minglab odamlarning hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi.

Zotan, aksariyat davlatlar tajribasi infeksiyaning ilk zarbalarini qabul qilib olayotgan tibbiy xizmatning unga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lganlarni aniqlash hamda tegishli tartibda karantinga joylashtirishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani, davolashga sarfalanadigan vaqt va imkoniyat yo‘qotilayotganini ko‘rsatdi.

Bugun hech bir fuqaroning beparvo bo‘lishga, g‘aflatda qolishga haqqi yo‘q. Har bir fuqaro berilgan tavsiya va ko‘rsatmalarga amal qilmasa, avvalo, o‘zining, oilasining, yaqinlarining va boshqa insonlarning hayotiga xavf tug‘dirishi, hatto umriga zomin bo‘lishi mumkinligini unutmasligi zarur.

Koronovirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar doirasini aniqlash bo‘yicha Bosh prokuraturadagi Shtab, hududlardagi ishchi guruhlar infeksiyaning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, uning mudhish oqibatlarining oldini olish borasida barchani hamkorlik va hamjihatlikka chaqiradi», deyiladi xabarda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top