O‘zbekiston | 08:27 / 30.06.2020
17844
2 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining 40ta shtat birligi qisqartiriladi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, agentlik boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 50 ta shtat birligi miqdorida belgilandi.

10 ta shtat birligi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, 40 ta shtat birligi esa Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining shtat birliklarini qisqartirish hisobiga shakllantiriladi.

Agentlik O‘zbekiston prezidentiga bo‘ysunadi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari oldida hisobdor bo‘ladi.

Agentlikning asosiy vazifalaridan biri korrupsiya yuqori bo‘lgan sohalarni chuqur tahlil qilish hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hisoblanadi.

Budjet mablag‘laridan foydalanish, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga qarshi nazorat qilish masalalari ham Agentlikning vakolatlar doirasiga kiradi.

Bundan tashqari, Agentlikka davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi hamda deklaratsiyadagi ma'lumotlarning haqqoniyligi tekshirilishini tashkil etish vazifasi yuklanadi.

Mavzuga oid