14:09 / 15.08.2021
6262

“O‘zbekneftgaz”: Amalga oshirilayotgan so‘nggi bosqichdagi qurilish-montaj ishlari holatini o‘rganish maqsadida Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh GTL zavodida bo‘ldi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari investitsion loyiha doirasida amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlarining yakuniy bosqichi holatini o‘rganish hamda kelgusi vazifalarni muhokama etish maqsadida “Uzbekneftegaz GTL” zavodida bo‘ldi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Boshqaruv raisi bunyodkorlik, qurilish-ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishib, qurilish ishlarini sifatini yanada oshirish, yaxshi natijalarga erishib samaradorlikni yuqori darajaga ko‘tarish, texnologik hududlarida ishga tushirish oldi ishlari bo‘yicha taklif va ko‘rsatmalarni berdi.

Shuningdek, mas’uliyatsizlik bilan nuqsonli materiallardan va konstruksiyalardan foydalanishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik, ishchi-xodimlarning hayoti, sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan omillarni bartaraf etish borasida topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, qurilish maydonining o‘zi va unga bevosita yondosh bo‘lgan joyda qurilish-montaj ishlarini joyida o‘rganish maqsadida, Boshqaruv raisi dastavval zavodning ma’muriy binosida bo‘ldi hamda bu yerda olib borilayotgan so‘nggi pardozlash ishlarini ko‘zdan kechirib, mavjud muammolar yuzasidan e’tirozlarini bildirib o‘tdi.

Aniq misollar bilan ko‘rsatilgan kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish hamda qurilish-ishlarining sifatli bajarilishi, loyiha talablariga amal qilinishi, belgilangan ishlarni o‘z vaqtida yakunlash bo‘yicha muntazam nazorat ishlari olib borilishi kerakligi belgilab berildi.

Eslatib o‘tamiz, loyihaning bosh pudratchilari – Koreyaning “Hyundai Engineering”, “Hyundai Engineering&Construction” hamda “Enter Engineering” (Singapur) konsorsiumi tomonidan zavodda uskunalarni ishga tushirish ishlari faol sur’atlarda olib borilmoqda.

Hozirgi kunda ishga tushirish-sozlash oldi va ishga tushirish-sozlash ishlarini bajarishda 500 dan ziyod texnika jalb etilgan bo‘lib, qurilish maydonida 9 ming ortiq kishi mehnat faoliyatini davom ettirmoqda.

“Uzbekneftegaz GTL” zavodi ishga tushgach, yiliga 3,6 milliard kub metr tozalangan tabiiy gaz (metan) qayta ishlanadi va 1,5 million tonna yuqori sifatli sintetik suyuq yonilg‘i, jumladan, 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724 ming tonna dizel yonilg‘isi, 437 ming tonna neft, kimyo sohasi uchun xomashyo bo‘lgan nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishiga erishiladi.

Shu sababli Boshqaruv raisi Markaziy Osiyodagi eng yirik loyihalardan biri bo‘lgan zavodda eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan qurilmalarni boshqarish ham kadrlardan katta malaka talab qilishini ta’kidlab, mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash ishlarini tashkil etish, “GTL” sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqarish majmuasida o‘rnatilgan olovli pechlarni xavfsiz ishlatish bo‘yicha kompaniya muhandis va texnik mutaxassislari bilimlarini oshirish kerakligini ta’kidladi.

Aytish joizki, texnologik jarayonlar bilan bir qatorda zavodning kadrlar zaxirasini istiqbolli yosh mutaxassislar bilan to‘ldirish maqsadida mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

“O‘zbekneftgaz” AJning “GTL” zavodi uchun kadrlarni tayyorlash dasturi doirasida “Buxoro” neftni qayta ishlash zavodi va “Uzbekneftegaz GTL” zavodi o‘rtasida kadrlarni tayyorlash bo‘yicha kelishuv imzolandi.

2017–2021 yillar davomida “Buxoro” neftni qayta ishlash zavodining ishlab chiqarish sexlari va obektlarida jami 160 nafar saralab olingan yosh mutaxassis, shu jumladan, respublikaning neft va gaz sohasidagi oliy o‘quv yurtlarining eng yaxshi bitiruvchilari amaliy-nazariy mashg‘ulotlarni o‘tashdi.

Ularga “GTL” zavodida ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash, “Uzbekneftegaz GTL” kompaniyasida malaka oshirish hamda o‘qishining so‘ngida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha “GTL” zavodida ish bilan ta’minlash belgilandi.

Imtihonlar natijalariga ko‘ra, bugungi kunga qadar bosqichma-bosqich barcha 160 nafar mutaxassis o‘z ish faoliyatini davom ettirish uchun “Uzbekneftegaz GTL” zavodida ish boshladi.

Zavodda ish boshlagan mahalliy mutaxassislar malakasini yanada oshirish, xorijiy tajribani amalda qo‘llash uchun Kanada fuqarosi bo‘lgan, tajribali mutaxassis Marsel Yurgen Krauze zavodning texnik direktori lavozimiga tayinlandi.

Boshqaruv raisi topshirig‘iga asosan, “Oryx GTL” zavodida o‘n yil texnik menejyer bo‘lib ishlagan, neft va gazni qayta ishlash, neft-kimyo sanoatida jami 33 yillik yuqori tajribaga ega bo‘lgan Marsel Krauze zavodni ishga tushirish, uni loyiha quvvati bilan ta’minlash, sozlash ishlarini muvofiqlashtirish borasida o‘z bilim va ko‘nikmalarini yosh mutaxassislarga o‘rgatib kelmoqda.

“Ishchi guruh” tomonidan o‘z navbatida, yonilg‘i gazi qabul qilish, suvni sovitish qurilmasi (gradirnya), xom suvni qayta ishlash qurilmalari – Mineralsiz suv ishlab chiqarish hamda yong‘in o‘chiruv suv tizimi ishlash faoliyati ham nazorat qilindi.

Amalga oshirilgan ishlar holatini o‘rganish davrida ishga tushirilgan bosh podstansiya va zavod tashqi tizimdan elektr energiya qabul qilinishi, Markaziy boshqaruv pulti, mash’ala tizimi hamda bug‘ ishlab chiqarish kotellari, nazorat o‘lchov, avtomatika tizimi borasida ham topshiriqlar berildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top